Tayvanda aqlli ko‘zoynaklar ishlab chiqarish qayta yo‘lga qo‘yildi. Google esa bunga befarq emas

Tayvanda aqlli ko‘zoynaklar ishlab chiqarish qayta yo‘lga qo‘yildi. Google esa bunga befarq emas

O‘tgan oy o‘tkazilgan Taypey texnologiya shousida taqdim etilgan ko‘zoynakni taqib ko‘rganingizda, xuddi jarrohlar kabi tananing ichki qismini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lar edingiz.

Jorjin Technologies kompaniyasining vazn jihatidan yengil va foydalanishga qulay bo‘lgan bu ko‘zoynaklari Computex Taipei ko‘rgazmasining "Tayvanda ishlab chiqarilgan" brendi ostidagi aqlli ko‘zoynaklar namoyishida asosiy e’tiborni o‘ziga qarata oldi.

Butun dunyoning qurilmaviy ta’minoti markazi sifatida tan olingan Tayvanda asos solingan Jorjin Technologies va boshqa qator 16 ta kompaniya 2011 va 2013 - yillarda Google Glass'ning taqdim qilinishi bilan keng ommani hayratga solgan aqlli ko‘zoynaklarni takomillashtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Biroq ko‘zning ro‘parasida matn, ob-havo ma’lumoti, xaritalar va boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatib beruvchi ko‘zoynaklar taqdim qilgan Google'ni aynan keng jamoatchilik "yo‘ldan ozdirgan". Google ko‘zoynaklarining birinchi versiyasi ommaviy ravishda ishlab chiqarilib, hamma uchun mo‘ljallangan edi. Biroq, may oyida biznesmenlar uchun mo‘ljallangan Google Glass Enterprise Edition 2 ko‘zoynagi taqdim qilindi.

Tayvan Aqlli ko‘zoynaklar sanoati assotsiatsiyasi bosh kotibi Cheng Yu-chjungga ko‘ra, tayvanlik dasturchi-muhandislar bu sohaning ravnaqini bir necha yil ilgari oldindan ko‘ra bilgan va tadbirkorlar uchun maxsus yaratilgan ko‘zoynaklar ishlab chiqarishga kirishgan. Google'ning yangi sohada qilgan urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganligi rasman tan olingan. Tayvanda "sanoatning vaqt o‘tishi bilan yanada rivojlanib borishiga umid qilamiz", deya davom etadi Cheng.

To‘liq ta’minot zanjiri

Tayvan iqtisodida aqlli ko‘zoynaklar sektori unchalik ham katta ulushga ega emas, biroq raqamlar o‘sib bormoqda. ReportLinker bozor tadqiqoti tashkilotining bashoratiga ko‘ra, 2022 - yilga qadar butun dunyo bo‘ylab smart ko‘zoynaklar bozori qiymati 20 mlrd AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Ma’lumot uchun 2017 - yil bu ko‘rsatkich 340 mln dollarni tashkil etgan edi. Google Glass'dan ko‘chirmachilik qilish Tayvanga xos emas.

North hamda Vuzix kabi Amerika firmalari ham o‘zlarining 1000 dollardan qimmat turuvchi aqlli ko‘zoynaklarini taqdim qilgan. Biroq bu kompaniyalar faqatgina tadbirkorlar auditoriyasi bilan chegaralanib qolgan emas.

Yaponiyada esa Epson kompaniyasi tijoriy hamda keng ko‘lamda sotish uchun smart ko‘zoynaklar ishlab chiqarmoqda. Biroq, ta’kidlash kerakki, Epson ham tadqiqot va rijovlanish borasidagi faoliyatining katta qismini aynan Tayvanda amalga oshiradi.

"Tayvan IT sanosatining asosiy markazlaridan biri bo‘lganligi uchun ham bu soha bilan shug‘ullanuvchi turli kompaniyalar butunboshli qurilmaviy ta’minot zanjirini hosil qiladi. Bu esa Tayvan yuqoridagi qurilmaviy ta’minotni dasturiy ta’minot bilan birlashtirish uchun qulay nuqta deganidir", deya tushuntiradi mahalliy savdolar vakili Se Syu-syu.

Ilk ko‘zoynaklari 2011 - yilda sotuvga chiqqan Epson hozirga kelib biznes mijozlari uchun to‘ldirilgan reallik texnologiyasi (TR)da ishlovchi aqlli ko‘zoynaklar yaratishga urinmoqda.

Mamlakatda iste’mol tovarlari ta’minoti tarmog‘i avvaldan mavjud bo‘lgani sababli ham sanoat Tayvanda boshqa davlatlarga nisbatan tezroq rivojlanadi.

Oroldagi kompaniyalar 1980 - yillardan buyon shartnoma asosida shaxsiy kompyuter, planshet, telefon va boshqa aksessuarlar chiqarib kelmoqda.

Ovoz va sensor buyrug‘i bilan ishlovchi smart ko‘zoynaklar ko‘p jihatdan telefon va planshetlarga o‘xshashdir. Bu esa, asosan, yarimo‘tkazgichlar ta’minotchisi va yig‘uvchisi bo‘lgan oddiy mahalliy kompaniyalar ham mahsulotlarini osonlik bilan aqlli versiyaga ko‘tarilishlari mumkin deganidir.

"Tayvanning smart ko‘zoynaklar tarmog‘i boshqa mahsulotlar tarmog‘i kabidir, ya’ni biz bu sanoat bilan yetarlicha yaxshi tanishmiz", deydi Cheng.

AQShning Gartner bozor tadqiqoti firmasi katta nazariy tahlilchisi Tuong Nguyenning aytishicha: "Ko‘zga taqiladigan displey yaratish uchun olamshumul kashfiyot qilish shart emas, faqatgina dizayn va ergonomika sohalarini birlashtirishning o‘zi yetarlidir".

Texnologiyaga qiziqish bildirayotgan mahalliy mijozlar

Smart ko‘zoynaklar ustida ishlayotgan mahalliy kompaniyalar qatoriga Coretronics Corp. optika firmasi, shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqaruvchi Quanta Computer korxonasi hamda smartfon ishlab chiqaruvchi HTC kompaniyalari kiradi. Chengning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy mijozlarning kuchli qiziqishi sanoatning rivojlanishiga katta naf keltirmoqda. Mamlakatning asosiy sanoat tarmoqlari aqlli ko‘zoynaklar uchun ko‘plab miqdorda buyurtmalar bermoqda. Ular qatoriga logistika bilan shug‘ullanuvchi, tekstil va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi korxonalar kiradi.

Biznes mijozlar esa, asosan, TR texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi, yengil vaznli, jarrrohlik amaliyoti uchun mo‘ljallangan golografik ko‘zoynaklarga qiziqish bildirmoqda.

Ya’ni ular ma’lum bir vazifani amalga oshirish uchun kompyuterda yaratilgan tasvirni haqiqiydek (3D formatda) ko‘rsatuvchi ko‘zoynak xohlashmoqda.

TR texnologiyasida ishlovchi ko‘zoynaklar ko‘pincha boshqa qurilma, masalan, kompyuterga ulanmagan holda ham mustaqil ishlay oladi.

Ba’zilarining linzasiga kamera ham o‘rnatilgan bo‘lib, foydalanuvchi harakatlanayotganda atrofning kamera ob’yektivi orqali ko‘rilayotgan tasviri bilan TRli tasvirlarni birlashtirish imkonini beradi.

Chengning aytishicha, Tayvanda aqlli ko‘zoynaklardan yuqoridagi kabi maqsadlar uchun foydalanilishi keyinchalik boshqa davlatlar, masalan, AQShda ham tatbiq qilinishi mumkin.

O‘QING: Redmi, Huawei, OnePlus va Vivo smartfonlari uchun ekranosti barmoq izi skaneri ishlab chiqarayotgan kompaniya

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!