Tecno kompaniyasi o'z portfoliosiga ilk buklamafonini qo'shdi

Tecno kompaniyasi o'z portfoliosiga ilk buklamafonini qo'shdi

Apple va Google kabi texnogigant kompaniyalar hali ham birgina buklamafon chiqara olmayotgan bir vaqtda Xitoyning kichik brendlaridan biri, Tecno o'zining ilk buklanadigan smartfonini taqdim qildi. MWC 2023 ko'rgazmasida namoyish qilingan Phantom V Fold buklamafoni Samsung kompaniyasining Galaxy Z Fold modeli kabi kitob shaklida ochilib yopiladi.

Tecno Phantom V Fold smartfoni buklangan holatda 6.42 dyuymli LTPO AMOLED old ekranga ega. U 1080×2550 piksellar o'lchamida bo'lib, 120 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi.

Buklamafonni ochganingizda esa 2000×2296 piksel o'lchamdagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega 7.85 dyuymli LTPO ichki ekranni ko'rasiz. Garchi bu Xiaomi'ning Mix Fold 2 yoki Honor'ning Magic V yoki Vivo'ning X Fold+ buklamafoni ekrani kichik bo'lsa ham, u Samsung'ning Galaxy Z Fold 4 ekranidan kattaroqdir.

Phantom V Fold orqa tomonidagi yumaloq kamera orolida uchlik kamera tizimi joylashgan: asosiysi 50 MP, ikkinchisi ham 2× zum qobilyatiga ega 50 MP, uchinchi ultra-keng sensor esa 13 MP. Ikkita selfi kameraning biri tashqi old ekranda joylashgan 32 MP sensor bo'lsa, yana bir ichki katta ekranning o'ng tomoni yuqori markaziga o'rnatilgan 16 megapiksellik sensor hisoblanadi.

Qurilma 4 nanometrli Dimensity 9000+ chipsetida Android 13 ga asoslangan HiOS 13 operatsion tizimida ishlaydi. Batareyasi esa 5000 mA/soat bo'lib, u 45 Vt tezlikda sim orqali zaryadlanadi (simsiz quvvatlash imkoniyati mavjud emas). Kompaniyaning o'zining Phantom V Fold buklamafoni 15 daqiqada 40%, 55 daqiqada esa to'liq quvvatlanishini ta'kidlaydi.

Buklamafonlar bozoriga kundan-kunga yangi o'yinchilar qo'shilib borar ekan, ularning narxi tabiiy ravishda kamayishni boshlaydi. Tecno Phantom V Fold hozirgi Galaxy Z Fold 4 dan deyarli yarim narxga arzon:

  • Tecno Phantom V Fold (12/256 GB) – 89,999 rupiya yoxud 1099 dollar
  • Tecno Phantom V Fold (12/512 GB) – 99,999 rupiya yoxud 1222 dollar

Qurilma joriy yilning ikkinchi choragida birinchi bo'lib Hindistonda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!