Tecno o'z portfoliosini yana bir byudjet-geyming smartfon qo'shdi

Tecno o'z portfoliosini yana bir byudjet-geyming smartfon qo'shdi

Tecno kompaniyasi o'zining bu yilgi smartfonlari qatoriga yana bir yangi modelni qo'shdi: ko'proq o'yin o'ynash uchun mo'ljallangan Pova 4 Pro smartfoni Bangladesh'da namoyish qilindi. Bir qarashda uning tashqi ko'rinishi Samsung'ning hali taqdim qilinmagan smartfonlari uchun chiziladigan "xunukkina" konsept dizaynlarni eslatib yuboradi.

Tecno Pova 4 seriyasidagi oddiy model ekrani 6.82 dyuym (HD+), Pro model ekrani (FHD+) esa 6.66 dyuym bo'lib, ular 90 gerts yangilanish tezligiga AMOLED displey hisoblanadi. Ikkala model ham MediaTek'ning 6 nanometr va sakkiz yadroli Helio G99 protsessorida, 2, 3 yoki 5 GB gacha ko'paytirsa bo'ladigan 8GB operativ xotira bilan Android 12'da ishlaydi. Ma'lum bo'lishicha, kompaniya ilovalar ochilish tezligini o'rtacha 61 foizga oshirgan. Telefon xotirasi esa oddiy modelda 128GB, Pro'da esa 256GB ni tashkil qiladi.

Smartfonlarga 6,000 mA/s sig'imli batareya o'rnatilgan bo'lib, oddiy modelda uni 18 Vt tezlikda, yoxud 20 daqiqa ichida 20 foizgacha quvvatlashingiz mumkin. Kompaniyaning ta'klidlashicha, 20% batareya bilan siz 12 soatgacha gaplashishingiz, 3 soatgacha PUBG o'ynashingiz yoki 4 soatgacha YouTube videolarini ko'rishingiz mumkin. Pro model bilan esa siz batareyani 45 Vt tezlikda, yoxud 24 daqiqa ichida 50 foizgacha zaryadlasangiz bo'ladi. Shu bilan birga, u boshqa qurilmalarga 10 Vt tezlikda quvvat berish bilan poverbank vazifasini ham bajara oladi. Ikkala modellar ham batareya xavfsizligi uchun STS texnologiyasiga ega. Shuningdek, smartfonlar sun'iy intellekt bilan shovqinni kamaytira olish xususiyatiga ega ikkilik dinamiklar bilan ham jihozlangan. Qolaversa, ularda 3.5 millimetrli naushnik uyasi ham bor.

Qo'shimchasiga, smartfonlar poyga o'yinlarda yo'nalishni nazorat qilish va PUBG kabi shuterlarda mo'ljallashda yordam beradigan "qattiq giroskop" sensoriga, hamda, yon tomonidan yoqish tugmasi bilan integratsiyalashgan barmoq izini aniqlash skaneriga ega.

Kameralarga keladigan bo'lsak, Tecno Pova 4 seriyasi orqa tomonda 50MP asosiy va unga qo'shimcha sun'iy intellekt kamera, old tomonda esa 8MP sensor bilan ta'minlangan.

170.59 x 77.52 x 8.7 mm o'lchamli Tecno Pova 4 smartfoni 210 dollar atrofidagi narxda, 164.79 x 77 x 9.19 mm o'lchamli Tecno Pova 4 Pro smartfoni esa 260 dollar atrofidagi narxda sotuvga chiqarilgan. Ular qutida quvvatlagich kabeli va adapter bilan keladi.

O'QING: Xiaomi 12T Pro'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishmiz

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!