Telefon ekranini qanday tozalash kerak?

Telefon ekranini qanday tozalash kerak?

Telefoningiz ekranini oxirgi marta qachon tozalagansiz? Bilasizmi, telefoningiz ekrani barmoq izlaringiz xiralashib ketishidan tashqari, u kundalik hayotning iflosligi bilan ham telefoningizni mobil mikroblar fermasiga aylantiradi. Arizona universiteti tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko'rsatdiki, sizning telefoningizda o'rtacha hojatxona o'rindig'iga qaraganda ko'proq mikroblar bo'lishi mumkin. Jirkanib ketyapsizmi? Agar ha bo'lsa (shunday deb umid qilamiz), unda telefoningiz ekraniga kerakli tozalashni berish uchun o'qishda davom eting.

Telefoningiz ekranini tozalashning to'rt xil usuli

Qanchalik tozallikka erishmoqchi ekanligingizga qarab, telefoningiz ekranini tozalashning bir nechta usullari mavjud. Ba'zi usullar smartfoningiz ekraniga yorqin va yangi ko'rinish berishiga qaramasdan, ular telefoningiz yuzasida yashaydigan bakteriyalarni o'ldirmasligi mumkin.

1. Mikrofiber matodan foydalaning

Agar siz ekraningizdagi yog'li barmoq izlari va changdan qutulmoqchi bo'lsangiz, mikrofiber mato eng yaxshi tanlovdir. E'tibor bergan bo'lsangiz telefon ustaxonalarida smartfoningizga ekran himoyachisini qo'yishdan uni quruq mikrofiber mato bilan tozalab yuborishadi va bu umumiy ekranni umumiy kirdan tozalaydi. Ammo, yog' va kirni yo'q qiladigan yaxshiroq tozalash uchun uni ozgina distillangan suv yoki ekranni tozalash vositasi bilan namlashingiz kerak bo'ladi.

Albatta, distillangan suvni izlash biroz ortiqcha tuyulishi mumkin, lekin agar siz eng yaxshi natijaga erishmoqchi bo'lsangiz, u bunga arziydi. Distillangan suvda iflosliklar yo'q va shu sabab ekraningizda chiziqli izlar yoki dog'lar qolmaydi.

Telefoningiz ekranida suyuqliklardan tejamkorlik bilan foydalanishni unutmang: tozalash samarali bo'lishi uchun qurilmangizni suvga cho'ktirishingiz shart emas, shunchaki u bilan matoni namlang. Agar sizda mikrofiber mato bo'lmasa, yumshoq paxta mato eng yaxshi alternativadir.

2. Ekranni tozalash uchun maxsus salfetkalardan foydalaning

Ekranni tozalash uchun maxsus salfetkalar distillangan suv bilan namlangan mikrofiber matoning qulayroq versiyasidir. Ular ko'pincha bir marta ishlatiladigan paketlarda bo'ladi va ekraningizdagi kirni qurilmangiz uchun muammo tug'dirmasdan olib tashlash uchun mukammal darajada namlangan bo'ladi.

Ekranni tozalovchi salfetkalardan foydalanishdan oldin telefon ekranini changdan tozalab yuboring, chunki oyna yuzasidagi mayda zarrachalar ekran tirnalishiga olib kelishi mumkin.

3. Dezinfektsiyalovchi ekran salfetkalaridan foydalaning

Mikrofiber mato, distillangan suv va ekranni tozalovchi salfetkalar telefoningiz ekranidagi kirni tozalasa-da, ular mikroblar yoki bakteriyalarni o'ldirmaydi. Agar siz telefoningiz ekranini dezinfeksiya qilmoqchi bo'lsangiz, sizga dezinfektsiyalovchi ekran salfetkasini kerak bo'ladi.

Shuni e'tiborga olish kerakki, ko'pchilik dezinfektsiyalovchi ekran tozalagichlari tarkibida spirt mavjud. Garchi suyultirilgan spirtdan tejamkorlik bilan foydalanish ekraningiz uchun xavfsiz bo'lsa-da, undan muntazam ravishda foydalanish ekraningizning oleofob qoplamasiga zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli, telefoningiz ekranini tozalash uchun dezinfektsiyalovchi salfetkalarga tayangandan ko'ra, qo'lingizni tez-tez yuvganingiz ma'qul.

4. Telefonni ultrabinafsha nurlar bilan tozalash vositasidan foydalaning

Va nihoyat, agar siz telefoningizni iloji boricha gigiyenik toza qilishga qaror qilgan bo'lsangiz, sizga UV dezinfektsiyalash vositasidan foydalanish maslahat beriladi. Ultrabinfsha dezinfektsiyalash vositalari mikroblarni yo'q qilish uchun UV-C (ultrabinafsha spektr) nurlaridan foydalanadi va telefoningizdagi mikroblarning 99% dan ko'prog'ini o'ldirishi isbotlangan. Agar siz vizual toza va sterillangan telefonga ega bo'lishni istasangiz, yuqoridagi usullarning kombinatsiyasidan foydalanish qurilmangizni yuqori darajada toza tartibda saqlaydi.

Qanday qilib uyda qo'lbola ekran tozalash vositasini tayyorlash mumkin?

Aytish kerakki, bozorda telefon ekranini tozalash vositalarining tanqisligi bo'lmasa-da, agar nima qilishni bilsangiz, o'zingiz ana shunday tozalovchi tayyorlay olishingiz mumkin. Oddiy telefon ekranini tozalash vositasini tayyorlash uchun sizga distillangan suv va oq sirkadan foydalansangiz bo'ladi. Shuningdek, agar topa olsangiz, sirkaning o'rniga 70% izopropil spirtidan ham foydalanishingiz mumkin. Uyda o'z telefoningiz ekranini tozalash vositasini tayyorlash uchun distillangan suv va sirkani (yoki spirtni) 50:50 nisbatda aralashtirish kifoya. Aralashmani sprey butilkaga soling va tayyor.

Sirka yoki izopropil spirtini distillangan suv bilan suyultirishni unutmaslik juda muhim, chunki, aks holda telefoningiz ekranini tozalayman deb unga ko'proq zarar yetkazib qo'yishingiz mumkin.

Telefonni tozalashda nima qilmaslik kerak

Biz telefoningizni tozalashning eng yaxshi usullarini ko'rib chiqdik. Keling, endi telefoningiz ekranini tozalashda qilmaslik kerak bo'lgan narsalarning qisqa ro'yxati bilan tanishamiz. Telefon ekranini tozalashda:

  • deraza tozalagich yoki uy oyna yuvish vositalaridan foydalanmang;
  • aseton kabi qattiq erituvchilardan saqlaning;
  • idish yuvishda foydalanadigan sovundan foydalanmang;
  • hech qachon matolardan ranglarni o'chirishda ishlatiladigan oqartirgichdan foydalanmang;
  • abraziv kukunlardan saqlaning;
  • telefoningizni tozalovchi suyuqlikka botirmang;
  • tozalash davomida ekranni juda qattiq bosmang, yumshoq bosim yetarli;
  • qisqasi, telefoningiz ekraniga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'ling.

Xulosa

Ko'pchiligimiz telefonimizni har kuni 50 martadan ko'proq tekshiramiz. Ta'kidlash joizki, Hech qanday ekranni tozalash telefoningiz ekranini mikroblardan 100% saqlamaydi. Agar siz telefoningizning tozaligi haqida qayg'urayotgan bo'lsangiz, qo'lingizni tez-tez yuvib, telefonni UV dezinfektsiyalash vositasi bilan tozalab turish va telefoningizni o'zingiz bilan birga hojatxona yoki hammomga olib borishni to'xtatishingiz kerak (kuzatuv ostidasiz).

Manba: XDA

O'QING: Navbatdagi Telegram yangilanishi haqida barchasi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!