Telefoningizning USB portini qanday tozalash kerak?

Telefoningizning USB portini qanday tozalash kerak?

Telefonimiz "yashashi" uchun maxsus port orqali quvvatlanar ekan, ular vaqti-vaqti bilan tozalashga muhtoj bo'lishi ajablanarli emas. Smartfoningiz qanchalik mustahkam bo‘lmasin yoki telefoningiz g'ilofi qanchalik mustahkam bo‘lmasin, uzoq vaqt foydalanishdan keyin uning USB portida kir va chang to‘planishi shubhasiz. Agar USB portingiz yaxshi ishlamay qolayotgan bo'lsa va bunga uning chang bosib ketganligi sabab bo'layotgan bo'lsa, hozir uni qanday qilib xavfsiz tozalash kerakligini ko'rib chiqamiz.

Muhim

  • Changlar telefoningiz USB portining to‘g‘ri ishlashini to‘xtatishi mumkin.
  • Siqilgan havo idishi telefoningiz USB portini tozalashning eng xavfsiz usuli hisoblanadi.
  • Telefoningiz USB portida suyuqlik ishlatmang!

Telefoningizning USB portini tozalashning eng yaxshi usuli

Telefoningizdagi USB port sezgir bo'lib, uni tozalashda siz ehtiyotkor bo'lishingiz kerak. Hozirgacha telefondagi USB portni tozalashning eng xavfsiz usuli siqilgan havo idishidan foydalanishdir. Idishdagi siqilgan havo changni bo'shatadi va portga hech narsa kiritmasdan kirni chiqarish imkonini beradi.

Siqilgan havo idishidan foydalanish unchalik qiyin emas, lekin baribir biz sizga qisqacha ma'lumot berib o'tamiz:

  • Siqilgan havo idishining uchini ya'ni jo'mragini USB portingizdan qisqa masofaga joylashtiring.
  • Idishni har doim tik holatda saqlang.
  • Chang va qoldiqlarni bo'shatish uchun siqilgan havodan qisqa-qisqa foydalaning.

Aytish kerakki, USB portni shunchaki puflab tozalash nafaqat samarasiz, balki, portga tasodifan suv kirib qolishi bilan xavfli hamdir.

Telefoningiz USB portiga yaxshiroq o'rnashib qolgan kirlarni olib tashlash

Agar siqilgan havo idishidan keyin ham USB portingiz qattiqroq o'rnashib qolgan kir bilan to'lib turgan bo'lsa, unda biroz chuqurlashish vaqti keldi. Ushbu bosqichda shuni ta'kidlash kerakki, USB portingizga har qanday tozalash vositalarini tiqish xavfli bo'lishi mumkin va siz juda ehtiyotkor bo'lishingiz kerak. Portning noto'g'ri burchagiga ortiqcha bosim o'tkazish bilan siz ulagichlarni sindirishingiz yoki ularni egib qo'yishingiz mumkin. Agar ichki ulagichlarga zarar yetkazib qo'yishdan xavotirda bo'lsangiz, telefoningizni professionallarga olib borganingiz ma'qul.

Agar siz bu usulni o'zingiz sinab ko'rmoqchi bo'lsangiz, sizga tish kovlagich yoki shunga o'xshash ingichka narsa kerak bo'ladi. Siz telefon portini tozalash uchun maxsus vositalarini onlayn xarid qilishingiz mumkin, lekin buning iloji bo'lmasa, tish kovlagich yoki interdental cho'tkaning plastik uchi ham bo'laveradi. Igna yoki shunga o'xshash har qanday metall buyumlardan foydalanish tavsiya qilinmaydi.

Tanlagan "qurolingiz" bilan port markazini ehtiyotkorlik bilan tozalashni boshlang. Esingizda bo'lsin, maqsad qoldiqlarni olib tashlashdir, uni ichkariga surmaslik kerak, shuning uchun tozalash moslangizni port ichida asta o'ngdan chapga harakatlantiring. Agar tozalash jarayonida qarshilikka uchrasangiz, ko'proq bosim o'tkazish o'rniga harakatingizni o'zgartiring. So'ng esa, bo'shashgan chang qoldiqlarini yo'q qilish uchun USB portingizga bir oz siqilgan havo yuboring.

Qanday qilib USB portiga chang to'planishining oldini olish mumkin?

Kasalni davolagandan uni oldini olgan afzaldir. Agar siz changli muhitda ishlasangiz yoki telefoningizni muntazam ravishda cho'ntagingizda yoki sumkangizda olib yursangiz, changdan himoyalovchi port qopqoqlaridan sotib oling yoki o'zida ana shunday qopqog'i bor telefon g'iloflaridan foydalaning. Bunday aksessuarlar USB portingizga chang to'planishini oldini oladi va uni tez-tez tozalashga hojat qoldirmaydi.

Chang kirishidan himoyalovchi qopqoqlarni telefonni zaryadlagandan keyin tez yo'qotib qo'yish mumkin, lekin ular arzon va bitta to'plam ichida ko'pgina bo'ladi. Agar telefoningiz simsiz zaryadlashni qo'llab-quvvatlasa, undan doimiy foydalanish bilan changga qarshi qopqoqlardan foydalanish tajribangizni to'ldira olasiz.

Umid qilamizki, ushbu maqola USB portingizni tozalashga yordam berdi. Esingizda bo'lsin, agar tozalash jarayonida qurilmangizga zarar yetkazib qo'yishdan shubhalansangiz, ishni professionallarga topshirish maslahat beriladi.

Manba: XDA

O'QING: Telefon ekranini qanday tozalash kerak?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!