Telegram 6.0: jildlar, arxiv, statistika va boshqalarni qarshi oling!

  •   DiMaX
  •  3467
  •  31.03.2020 09:57

Telegram 6.0: jildlar, arxiv, statistika va boshqalarni qarshi oling!

Yurtimizda eng ommaboplaridan hisoblangan Telegram messenjerida yirik yangilanish amalga oshirildi. Uning bu haqdagi rasmiy maqolasini Telegram Uzbekistan o‘zbekchaga o‘girib e’lon qilgan.

O‘QING: O‘zbekistonning «Koronavirus info» kanalini Telegram rasman tasdiqladi

Ko‘pgina foydalanuvchilarimiz o‘z ishlarida va o‘qishlarida, ayniqsa so‘nggi haftalarda Telegram’ga suyanadilar. Har bir insonning chatlar ro‘yxati kengayib borayotgani tufayli u muhim xabarlarni o‘tkazib yubormasligiga ishonch hosil qilish uchun bugun biz Jildlarni taqdim etmoqdamiz.

Agar sizda chatlaringiz juda ko‘p bo‘lsa, endi Jildlar yordamida siz o‘yin-kulguni ishdan yoki o‘qishni oilaviy ishlardan ajratib qo‘yishingiz mumkin. Keyin bir sahifadan ikkinchisiga o‘tish va istalgan chatingizni topa olishingiz uchun ekranni chapga yoki o‘ngga suring.

Siz ma’lum turdagi barcha chatlarni (masalan, Kanallar yoki O‘qilmaganlar) yoki birma-bir kerakli chatlarni tanlab papkalarga qo‘shishingiz yoki ulardan chiqarib tashlashingiz mumkin.

Sizning chatlaringiz soni juda katta bo‘lsa (100tadan kam emas), Jildlar siz uchun ham mavjud bo‘ladi. Shuningdek, siz hech kutmasdan Jildlarni «yoqish» niyatida bo‘lsangiz ilovangizda ushbu havolani ishlatishingiz mumkin.

Cheksiz qadalgan chatlar

Har bir jildingizda xohlaganingizcha qadalgan chatlar bo‘lishi mumkin.

Arxiv

Jildlar ba’zi suhbatlaringizni ko‘zga tashlanadigan qilish uchun kerak. Agar qaysidir chatlaringizni yashirishni istasangiz, ularni arxivlab ko‘ring.

Chatni Arxivlangan chatlar jildiga o‘tkazish uchun uni chap tomonga suring. Arxivlangan chatda ovozli bildirishnoma kelganda, u Arxivlangan chatlar jildidan chiqadi va chatlar ro‘yxatingizga qaytadi. Tovushli bildirishnomalari o‘chirilgan chatlar arxivda abadiy qolaveradi.

Arxivni chatlar ro‘yxatida chapga surish orqali yashirishingiz mumkin. U yana ko‘rsatilishi uchun ro‘yxatni pastga torting.

Android’da Jildlardan foydalanayotgan bo‘lsangiz, chatni arxivlash uchun uni chapga surish imkoniyati ishlamaydi. Buning o‘rniga, harakatlar menyusini ochish uchun chatni bosib ushlab turishingiz mumkin, bu yerda siz bir nechta chatlarni tanlashingiz, so‘ng ularni qadashingiz, ularning tovushini o‘chirib qo‘yishingiz, barchasini bir vaqtning o‘zida arxivlashingiz yoki o‘chirishingiz mumkin.

Telegram Desktop bilan sinxronlash

Telegram’dagi hamma narsa singari (Maxfiy Chatlardan tashqari) sizning Jildlaringiz boshqa ulangan barcha ilovalar, shu jumladan Telegram Desktop bilan mukammal sinxronlashadi.

Kompyuteringiz ekranidagi qo‘shimcha bo‘sh joy tufayli biz jildlar uchun yon panelni, shuningdek siz jildlaringizni osonroq farqlashingiz uchun bir nechta ikonkalarni qo‘shdik:

Ko‘p platformali Telegram Desktop yoki MacOS uchun maxsus ilovamizni yuklab oling. Agar siz ulardan foydalanmayotgan bo‘lsangiz, bilingki, siz Telegram’ning faqat yarmidan rohat olmoqdasiz.

Kanal statistikasi

Agar sizda 1000 dan ortiq obunachilarga ega kanalingiz bo‘lsa, endi siz uning o‘sishi va postlarining natijalari to‘g‘risida batafsil statistikani ko‘rishingiz mumkin.

Ushbu ma’lumot yordamida qaysi turdagi postlaringiz yaxshi, qaysilari esa undan ham yaxshiroq ekanligini bilib olishingiz mumkin. Kichik maslahat: mushuklar tasvirlangan rasmlar eng samarali ekanligini unutmang.

Android’dagi ovoz yozish animatsiyasi

Dizaynerlarimiz ovozli yoki videoxabar yozayotganingizda barmog‘ingiz ostiga ajoyib to‘lqinli animatsiyani qo‘shishdi.

Kun maslahati: yozish jarayonini qulflash va tugmachani ushlab turmasdan so‘zlashingizni davom ettirish uchun barmog‘ingizni yuqoriga ko‘tarishingiz kifoya ekanligini bilasizmi?

Yangi jonlantirilgan emojilar

Bizning jonlantirilgan emojilar safiga kiritilgan so‘nggi qo‘shimchalar sizga jasur bo‘lishga yordam beradi va do‘stlaringizni xavfsiz va sog‘lom bo‘lishga chorlaydi. Ularni tekshirish uchun har qanday suhbatga 🦠, 🤒, 😷, 🤕, 🤧, 🤢, 🤮 yoki 🚑 ni yuboring.

Bizning stikerlarimizning ham aksariyati endi so‘nggi voqealardan ortda qolishmayapti. Har qanday suhbatda 🦠 ni yuboring va takliflarni ko‘rib chiqing:

Va yana bir narsa

Butun dunyo qattiq izolyasiyada bo‘lganida siz stol o‘yinlarini sog‘inmoqdamisiz? Animatsiyali zardan kafolatlangan tasodifiy raqamni olish uchun istalgan chatda 🎲 ni yuboring.

Omadingizni sinab ko‘rish imkoniyatidan tashqari, guruhdagi o‘tkazilgan so‘rovnoma yoki do‘stona bahslar bitta yechimga olib kelmagan vaziyatlarda siz jonlantirilgan zarni bir qarorga kelish vositasi sifatida ham ishlatishingiz mumkin. 1 dan 6 gacha bo‘lgan bir raqamni ayting va zarni oting — tushgan raqamga eng yaqin bo‘lgan g‘alaba qozonadi!

Uyda qoling, xavfsizlikda bo‘ling va keyingi yangilanishlarimizdan xabardor bo‘ling!

O‘QING: Stiv Jobsning bolalariga buyurmagan boyligi Telegram’ga tikildi!