Telegram-akkauntingizga endi kompyuter yoki noutbukda SMS orqali kirolmaysiz!

  •   DiMaX
  •  1061
  •  22.04.2021 12:44

Telegram-akkauntingizga endi kompyuter yoki noutbukda SMS orqali kirolmaysiz!

Kuni kecha Telegram messenjerining barqaror, mustaqil Android talqini – Telegram Direct versiyasi chiqqan edi. Lekin Pavel Durov asos solgan ushbu platformaning kompyuterlarga mo‘ljallangan hamda veb-versiyalarida antiqa cheklov paydo bo‘ldi, deb yozadi Telegram Info kanali.

O‘QING: Telegram’da tovarlar va xizmatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdosi yo‘lga qo‘yiladi

Xabaringiz borki, ushbu messenjerda avtorizatsiya qilishingiz, ya’ni mavjud akkauntingizga kirishingiz uchun kod sizning boshqa gadjetingizda ochiq turgan Telegram-akkauntingizga xabar orqali, shuningdek telefon raqamingizga SMS-xabar orqali yuboriladi. Ma’lum bo‘lishicha, shu ikkinchi usul hozir messenjerning kompyuter va noutbuklar uchun ishlab chiqilgan dasturlarida, shuningdek veb-versiyalarida ishlamay qolgan.

Manbaga ko‘ra, Telegram Desktop hamda Telegram MacOS kliyentlari hamda messenjerning barcha rasmiy veb-versiyalari (Webogram, WebK, WebZ, React) endi avtorizatsiya kodini SMS orqali jo‘natmay qo‘ygan. Endi kompyuterlardan o‘z Telegram-akkauntingizga kirishingiz uchun, yoningizda allaqachon shu akkauntingiz ochiq bo‘lgan mobil qurilma bo‘lishi kerak.

Telegram Info kanalining ta’kidlashicha, bu yangi cheklov antiqa va noqulay. Agar yoningizda avtorizatsiya amalga oshirilgan smartfon bo‘lmasa, u holda boshqa bir gadjetda Telegram kliyentini yuklab olib (yoki yoningizdagi kimningdir Telegram messenjerli smartfonini olib turib), undan o‘z akkauntingizga kirishingiz, keyin unga kelgan xabardagi kod yordamida kompyuterdagi Telegram dasturida avtorizatsiya qilishingiz kerak bo‘ladi.

Qizig‘i – SMS yordamida avtorizatsiya qilish imkoni messenjerning mobil kliyentlarida, shuningdek Telegram Desktop’ning norasmiy versiyalarida binoyidek ishlayapti. Telegram dasturchilari bu vaziyat borasida hozircha biror rasmiy izoh berishmayapti. Lekin bu yangi funksiya xavfsizlik nuqtai nazaridan ham o‘zini oqlamasligi ko‘rinib turibdi.

O‘QING: Xorijga chiqishga «taqiq» bor-yo‘qligini Telegram-bot orqali tekshirish mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.