Telegram asoschisi Durov: Kremniy vodiysiga ko‘chmaslik uchun 7 sabab

  •   DiMaX
  •  1823
  •  08.05.2020 10:04

Telegram asoschisi Durov: Kremniy vodiysiga ko‘chmaslik uchun 7 sabab

Yaqinda Kremniy vodiysi (Silikon vodiysi, Silikonovaya dolina – Silicon Valley) haqida Yuriy Dud tayyorlagan film chiqdi: unda muhojir tadbirkorlar AQShga ko‘chib o‘tishning foydalari haqida so‘zlab berishgan.

O‘QING: Pavel Durov: Kreml bilan jang, sargardon umr, Telegram va qiymati oshayotgan bitkoynlari

Telegram asoschisi Pavel Durov esa Silikon vodiysida ishlamaslik uchun yettita sababni ko‘rsatgan. Tadbirkorning bu xabarini  Telegram Uzbekistan kanali o‘zbek tiliga o‘girib chiqargan va unda shunday deyiladi:

Yuriy tomonidan suratga olingan filmning ko‘plab qahramonlari bilan shaxsan tanish bo‘lganimdan, ular kamerada e’lon qilgan narsalar va ular bilan bo‘lgan shaxsiy suhbatlardagi narsalarda farq borligini payqadim. Syujetdagi barcha tanish ishbilarmonlardan men AQShdagi hayotning salbiy taraflari haqida bir necha bor eshitganman. Endi ulardan biri vaqtining yarmini o‘z vatanida o‘tkazmoqda, boshqasi Yevropaga qaytib kelganiga bir necha oy bo‘ldi, uchinchisi amerikaliklardan ko‘ngli qoldi va o‘z atrofida «kichik Rossiya» barpo etmoqda.

Umuman olganda, filmdagi qahramonlar kameraga bitta amerikalik fazilatni namoyish etadi – o‘tkir burchaklarni chetlab o‘tib, ijobiy tomonlarga urg‘u berish. Yangi avlod tadbirkorlarini o‘z o‘tmishdoshlarining xatolarini takrorlashdan ogohlantirish maqsadida men Amerikaning kamchiliklari haqida so‘zlab berishni o‘zimning burchim deb bilaman. Quyida siz Kremniy vodiysiga ko‘chmasligingizning 7 sababini taqdim etaman.

  1. Politsiya davlati

Ozodlik mamlakati timsoliga qaramay, AQSh – qattiq politsiya davlati bo‘lib, qamoqxonada bo‘lganlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Amerikadagi mahbuslar soni Finlyandiya, Germaniya yoki Niderlandiyaga nisbatan 10 baravar ko‘p. Agar bu sizga ta’sir qilmaydi deb o‘ylasangiz, men o‘rningizda unchalik amin bo‘lmas edim: filmdagi Vodiyni reklama qilgan tadbirkorlardan hech bo‘lmaganda bittasi AQSh huquqni muhofaza qilish organlarining nohaq harakatlaridan va ular ustidan olib borilgan kuzatuvlardan aziyat chekkan. Aytganimdek, 2016 yilda San-Fransiskoga safarimiz chog‘ida biz Telegram’da FBR’ning bosimiga duch kelganmiz.

O‘QING: Pavel Durov xodimlarini AQSh maxsus xizmati “sotib olish”ga uringanini aytdi

  1. Cho‘ntak ko‘tarmaydigan sog‘liqni saqlash

AQSh sog‘liqni saqlash tizimi samarasiz va qimmat, shuning uchun ko‘plab muhojirlar davolanish uchun Sharqiy Yevropaga uchishadi, chunki bu arzonroqqa tushadi. O‘rtacha olganda, AQSh aholisi sog‘lom emas: rivojlangan davlatlar orasida semizlik bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinda. Buning ehtimoliy sabablari zaif nazoratga ega bo‘lgan oziq-ovqat sanoati, past oziq-ovqat madaniyati va stressdir.

  1. Cheklangan madaniy hayot

Kremniy vodiysi – madaniy hayoti cheklangan bir necha qishloqlardir. Eng yaqin bo‘lgan shahar San-Fransisko ham megapolis emas, ammo u yerda ham jinoyatchilik darajasi yuqori va uysizlar soni ko‘pdir. Qizig‘i shuki, San-Fransisko mening sayohatlarim tarixida shaharning markazida kun davomida menga hujum qilingan yagona joydir.

O‘QING: Telegram asoschisining fikrlash va ish samaradorligiga olib keluvchi hayotiy tamoyillarini o‘rganamiz

  1. O‘rtamiyona o‘rta ta’lim

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘rta ta’lim sifati boshqa rivojlangan davlatlarnikidan past. O‘rganib chiqilgan 79 mamlakatdan maktablarda matematikani o‘qitish sifati bo‘yicha Amerika atigi 38-o‘rinni egallaydi. Dasturlash bo‘yicha jahon chempionatlaridagi Amerikaning taniqli oliygohlari nomidan chiqadigan barcha g‘oliblar Xitoy maktablarida tahsil olgan va AQShga ko‘chib kelgan etnik xitoyliklardir. Shunga qaramay, AQSh ushbu musobaqalarda birinchi o‘rinlarni Xitoy yoki Rossiyaga qaraganda ancha kamroq egallaydi.

  1. Yuqori darajadagi soliqlar

AQSh – yuqori soliqlarga ega mamlakatdir va muvaffaqiyatli Kaliforniya aholisi o‘z daromadlarining yarmidan ko‘pini davlatga berishadi. Shu bilan birga, AQSh – o‘z fuqarolaridan mamlakatdan chiqib ketganidan keyin ham daromad solig‘ini talab qilishni davom etayotgan dunyodagi yagona davlat. Amerika Qo‘shma Shtatlarining pasporti – dunyoning qayerida yashashingizdan qat’iy nazar har doim siz bilan birga bo‘ladigan iqtisodiy krepostnoy huquqdir. Albatta, siz AQSh fuqaroligidan voz kechishga harakat qilishingiz mumkin, ammo bu har doim ham natija bermasligini Oleg Tinkovning ayanchli namunasi ko‘rsatgan. Sharqiy Yevropada to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar AQShga qaraganda ancha past va BAA kabi mamlakatlarda ular mutlaqo nolga teng.

  1. Rivojlanishning yuqori narxi

Kremniy vodiysi – bu nafaqat ko‘chmas mulk uchun, balki yuqori texnologiyali biznes yuritish uchun ham yuqori narxlar maskani. Muhojir tadbirkorlarning o‘zlari Kremniy vodiysidan bo‘lgan dasturchilarni kamdan-kam hollarda yollashadi. Mahalliy dasturchilar qimmat, taltaygan va ko‘pincha tashqi takliflar va g‘oyalar oqimi tufayli ishda diqqat-e’tiborni bir joyga jamlay olmaydilar. Natijada, muhojirlar Sharqiy Yevropadan kelgan dasturchilar va dizaynerlar bilan ishlashni afzal ko‘rishadi, ammo bu ham 10 soatlik farq tufayli ko‘pincha ularga qiyin bo‘ladi. Shu ma’noda dasturlashni Sharqiy Yevropa yoki Hindistonga yaqin vaqt mintaqasidan olib borish osonroq.

O‘QING: Telegram asoschisi Pavel Durov pul va boylik xususida

  1. Bozorning XXI asrdagi zaif istiqbollari

Amerika bozori – bu dunyo aholisining atigi 4 foizini tashkil etadigan dunyo internetining qizib ketgan va boshqaruvda qolib ketgan qismi. Hatto 10 yoki 20 yil oldin ham, barcha global loyihalar faqat Kremniy vodiysidan kelib chiqishi mumkindek tuyulgan va bu asosli edi. U payt AQSh eng katta yagona internet bozori bo‘lib, YouTube va Instagram kabi barcha yangi loyihalarni aynan u yerdan ishga tushirish osonroq edi.

So‘nggi yillarda esa bu unday emas: ijtimoiy mediada eng katta muvaffaqiyatlar Kremniy vodiysidan tashqarida paydo bo‘lmoqda. Bunga 800 million foydalanuvchisi bo‘lgan TikTok yoki 400 million faol foydalanuvchiga ega Telegramni misol qilib keltirish mumkin. O‘tgan hafta Hindistonning ta’lim startapi Byjuning kapitallashuv darajasi 10 milliard dollarga yetdi. Bu mantiqiy narsadir: bugungi kunda eng katta ochiq internet bozori AQSh emas, balki Hindistondir. Telegramdagi hind foydalanuvchilarning ulushi boshqa davlatlardagi foydalanuvchilar ulushidan ko‘proq bo‘lishi tasodif emas. Bizning bosh ofisimiz dunyoning orqa tomonida emas, balki ushbu mamlakatga nisbatan yaqin joylashganidan mamnunmiz.

Xulosa

Amerika Qo‘shma Shtatlari IT biznesini yuritish yoki yashash uchun eng yaxshi joy emas. Ishonchim komilki, tanlov mavjud bo‘lgan hollarda, Sharqiy Yevropani tark etishni istagan har bir kishi boshqa variantlarni albatta ko‘rib chiqishi kerak.

Shimoliy va Markaziy Yevropa mamlakatlarida inson huquqlari va erkinliklari ancha yaxshi himoya qilinadi va 21-asrda iqtisodiy o‘sish Osiyo mamlakatlarida to‘plangan. Amerika hanuzgacha investorlarning arzon pullari bilan dunyodagi ba’zi tadbirkor va dasturchilarni jalb qilishga qodir, ammo bugungi kunda AQShga ko‘chib o‘tish – huddi aktiv xaridini uning narxi eng yuqori darajada bo‘lgan vaqtida amalga oshirishga o‘xshaydi.

Pavel Durov

O‘QING: Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.