Telegram asoschisi Pavel Durov pul va boylik xususida

Telegram asoschisi Pavel Durov pul va boylik xususida

Pavel Valerevich Durov — rossiyalik tadbirkor, dasturchi. 1984 yilda tavallud topgan. Talabalik yillarida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti stipendiyasi nomzodi bo‘lgan. «VKontakte» hamda Telegram platformalari asoschisi. Forbes reytingiga ko‘ra, Durov 2016 yilda $0,6 mlrd dollar mablag‘ bilan Rossiyaning eng boy kishilari ro‘yxatida 135-o‘rinda turadi. Quyida milliarderning boylik va pul haqidagi fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

"Mening hayot tarzimni koshonalarda, qo‘sha-qo‘sha mashinalar qurshovida va shaxsiy samolyotlarda tasavvur qilgan odamlar qattiq yanglishadilar. Menda na samolyot, na qimmat sport mashinalari yoki hashamatli saroy bor. Mening kundalik turmushim nihoyatda sodda -- yayov harakatda bo‘lish va ishga metroda qatnash, samarali ish kunidan keyin 18-20 m2 maydondan iborat ijara xonasida umrguzaronlik qilish. Mening o‘rnimda bo‘lish istagidagi odamning spirtli ichimliklar va go‘sht iste’mol qilish hamda javonni qimmatbaho kiyimlar bilan to‘ldirish kabi odatlardan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

Oddiy va kambag‘alona o‘tgan talabalik kunlarimdan boshlab shu kungacha o‘z-o‘zimga mol-dunyoning o‘tkinchi ekani, yaratuvchanlik hayotning bosh ehtiyoji hamda tashqi holat hech qachon insonning ichki holati uchun tarozi bo‘la olmasligini uqtirishdan charchamayman. Shunga ham 10 yil bo‘libdi. Boylik ortidan yangi odatlar orttirish va yangi odamga aylanish -- bilib turib o‘zingizni qulga aylantirishga teng. Kishi ko‘rsinga serhasham hayotga oshno bo‘lish, atrofga qo‘rqoq va muttaham odamlarni to‘plash, zarurat bois yolg‘on so‘zlash va xotirjamlikni qurbon qilish -- bu sizning mol-dunyoga bo‘lgan badnafslik uchun to‘lanadigan tovonning bir qismi, xolos.  


Inson pulni deb bir-birining insoniy sha’nini bulg‘amaydigan ma’naviy yuksaklikka yetib keldi. Modomiki, oramizda shunday odamlar bo‘lsa, ularning xatti-harakatlari biror mantiqiy asosga ega emas. Boylik bois zo‘ravonlikni odat qilgan jamiyat esa uzoq mavjud bo‘lmaydi.

Mol-dunyoga o‘ch odamlarning eng katta gunohi esa -- topilgan pullarni og‘rinmay havoga sovurishdir.

Katta bo‘lmagan shahar narxiga teng bo‘lgan yaxtalar yoki 2 million dollarlik avtomobbil xarid qilish orqali soxta obro‘ orttirish nosog‘lom ijtimoiy qarashlarga, isrofgarchilik hamda zo‘ravonlikka sabab bo‘ladi.

Ko‘hna bir naql bor: "Qul ozodlikka erishishni emas, quldor bo‘lishni orzu qiladi". Hamonki, inson o‘z-o‘zidan ozod bo‘la olmas ekan, u hech qachon ichki qullikdan xalos bo‘la olmaydi. Pulning quliga aylanib qolish -- hech qachon o‘zining shaxsiy hayotiga chinakam egalik qila olmaslikni anglatadi".