Telegram asoschisi: «WhatsApp va Facebook o‘z foydalanuvchilarining ishonchini sotmoqda»

  •   DiMaX
  •  1942
  •  19.04.2017 14:53

Telegram asoschisi: «WhatsApp va Facebook o‘z foydalanuvchilarining ishonchini sotmoqda»

VKontakte ijtimoiy tarmog‘i hamda Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov o‘zining kanalida Telegram ovozli qo‘ng‘iroqlarining himoyalanganligi haqida post e’lon qildi. Unda asosiy raqobatchi messenjer – WhatsApp’ni, shuningdek Facebook va boshqa ayrim saytlarni o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini sotayotganlikda aybladi.

Quyida shu postning mazmunini keltiramiz:

Eshitgandirsiz – yaqinda biz Telegram uchun shifrlangan ovozli qo‘ng‘iroqlarni ishga tushirdik. Ular foydalanishda o‘ta qulay va vaqt o‘tishi bilan, mashina o‘rganishi texnologiyasidan foydalangan holda yanada takomillashib boradi.

Shaxsan men telefon orqali juda kam qo‘ng‘iroq qilaman. Rossiyada yashaganimda, menda HECh QAChON telefonda gaplashmaslik odati shakllangan, chunki telefon orqali bo‘ladigan har bir suhbat tegishli huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan yozib olinardi. Bir necha yil avval Rossiyani tark etganimdan keyin ham shu odatim saqlanib qoldi. Boshqa mamlakatlarning agentliklari kishilarning maxfiyligini o‘zlarining rossiyalik hamkasblaridan ko‘ra ko‘proq hurmat qilishlaridan men umid qilmayman. Menimcha, ular hamma joyda bir xil, faqat ayrimlari marketing bilan yaxshiroq shug‘ullanishadi.

Endi mening telefon bilan ishlashdagi odatlarim o‘zgarishi mumkin, chunki men o‘z jamoam a’zolari va oila a’zolarim bilan muloqot qilish uchun Telegram orqali xavfsiz qo‘ng‘iroqlardan foydalanaman. Afsuski, dunyodagi hamma ham bunday imkoniyat bahra ololmaydi.

Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda Telegram’dan foydalanishlariga to‘sqinlik qilish maqsadida uning trafigi tezligi cheklanadi. Xitoy va Ummon singari ayrim mamlakatlarda esa ilova butkul bloklangan. Telegram’ning 40 millionga yaqin faol foydalanuvchisi bo‘lgan Eronda esa, sud hokimiyatining buyrug‘iga ko‘ra, mamlakat internet-provayderlari va uyali aloqa operatorlari tomonidan Telegram’dagi ovozli qo‘ng‘iroqlar cheklangan.

Telegram tarixida dunyoning ayrim qismlaridagi boshqaruvchilar bilan muammolar kelib chiqqan. Sababi – boshqalardan farqli ravishda, biz hamisha o‘z foydalanuvchilarimizning shaxsiy hayotini himoya qilib kelamiz va hech qachon hukumatlar bilan hech qanaqa bitim tuzmaganmiz. Telegram yaratilganidan buyon kechgan uch yarim yillik muddat ichida Telegram foydalanuvchilari ma’lumotlarining istalgan uchinchi shaxslarga taqdim etilishi hajmi nol baytni tashkil etadi.

Boshqa tomondan qaraganda, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Eron  va boshqa mamlakatlarda WhatsApp kabi servislar cheklanmaydi. Buning boisi – WhatsApp (va uning sohibi – Facebook kompaniyasi) bozordagi o‘z ulushini oshirish maqsadida o‘z foydalanuvchilarining ishonchini sotishga urinishadi. «WhatsApp va uchinchi shaxslar sizning WhatsApp’dagi xabar va suhbatlaringizni o‘qiy va tinglay olishmaydi», degan gap mutlaqo yolg‘on. Aslida WhatsApp sizning xabarlaringizni o‘qib, suhbatlaringizni tinglashi mumkin, chunki ular o‘z foydalanuvchilarining 99,99 foizi uchun shifrlash kalitini sezdirmaygina o‘zgartira oladilar.

Bulardan tashqari, Google yoki Apple singari uchinchi tomonlar WhatsApp foydalanuvchilarining ko‘pchilik chatlarini ko‘ra oladilar. Bu shu bilan bog‘langanki, WhatsApp zaxira nusxalarini yaratishga ruxsat olishda ko‘pchilik foydalanuvchilarni aldagan. Ularning ma’lumotlarini tarqatish faqat shu uchinchi shaxslar bilangina bog‘liq emas. Apple va Google, o‘z navbatida, o‘zlarining biznesini yuritayotgan mamlakatlarining barchasidan ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha so‘rovlar olishadi va buni bajarishadi.

O‘zlarining xavfsiz ekanligini bayon etar ekanlar, raqobatchilarimiz insoniyat tarixidagi iste’molchilar bilan bog‘liq eng yirik firibgarlik ishiga aralashib qolishlari mumkin…

Hukumatlar va nazorat qiluvchi organlar Telegram’dan norozi ekanliklariga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Mayli, istasalar, ular bizni bloklay qolsinlar. Biz o‘z prinsiplarimizdan chekinmaymiz va o‘z foydalanuvchilarimizni sotmaymiz. Men bilamanki, sizning mamlakatingizda Telegram (yoki uning biror qismi) bo‘lishi unchalik yaxshi emas. Ammo ba’zida, aloqa xizmatining xavfsizligiga ishonch hosil qilmasdan turib foydalangandan ko‘ra, bu xizmatdan foydalanishni to‘xtatib qo‘yaqolgan ma’qul.

Aynan shu bois men, Rossiyada va undan tashqarida ham, yillar mobaynida ovozli qo‘ng‘iroqlardan tiyilib kelganman. Va xuddi shu sababli men ovozli qo‘ng‘iroqlarga qaytmoqdaman, ammo Telegram orqali.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.