Telegram asoschisining farzandlari allaqachon Forbes reytingiga kirdi!

  •   DiMaX
  •  730
  •  28.05.2021 11:08

Telegram asoschisining farzandlari allaqachon Forbes reytingiga kirdi!

VKontakte ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning farzandlari birinchi marta Forbes’ning eng boy merosxo‘rlar reytingiga kirdi. Bu haqda mazkur nashr veb-saytidagi xabarga tayanib Bugun.uz yozmoqda.

O‘QING: Mask ham, Bezos ham «damini olaversin»: sayyoramizda eng boy kishi boshqasi bo‘ldi!

Qayd etilishicha, 2021 yil 15 aprel holatiga ko‘ra, milliarderning boyligi 17,2 milliard dollarga baholangan, shu bois har bir farzandi hisobiga to‘g‘ri kelgan meros 8,6 milliard dollarni tashkil etgan. O‘z navbatida, ushbu ko‘rsatkich sabab bolalar reytingda 6-o‘rinni egallagan.

Birinchi o‘rin esa «Lukoyl»ning eng yirik aksiyadori Vagit Alekperovning yagona o‘g‘li Yusuf Alekperovga nasib etgan.

Ma’lum qilinishicha, Durovning 2009 va 2010 yillarda tug‘ilgan ikki farzandi — bir qizi va bir o‘g‘li bor bo‘lib, u sobiq sevgilisi, hozirda Barselonada yashovchi Dariya Bondarenko bilan birga ularning borligini yashirib kelgan. Ammo Forbes o‘rganishlar davomida milliarderning o‘g‘lining ismi Mixail ekanini aniqlagan.

Qayd etilishicha, Durov sobiq sevgilisi bilan Sankt-Peterburg davlat universitetida tanishgan. Bu boradagi ma’lumotlarni Durovning sinfdoshi Maksim Petrenchuk u haqida tayyorlangan hujjatli filmda ma’lum qilgan.

O‘QING: Telegram rahbariga shaxsiy assistent kerak: BAA yoki Shveysariyaga ko‘chib o‘tishga tayyormisiz?