Telegram’da jiddiy xatolik: barcha shaxsiy ma’lumot va yozishmalaringizni SIM-kartaning yangi egasi ko‘ra oladi!

  •   DiMaX
  •  2858
  •  30.04.2019 11:02

Telegram’da jiddiy xatolik: barcha shaxsiy ma’lumot va yozishmalaringizni SIM-kartaning yangi egasi ko‘ra oladi!

Messenjerlar orasida Telegram o‘zining kuchli himoyalanganligi bilan tanilgan. Ammo unda ham shaxsiy ma’lumotlarning, kontaktlar va yozishmalarning boshqa shaxslar qo‘liga tushib qolishiga imkon beruvchi xatolik mavjud ekan.

O‘QING: Telegram’dagi xatolik sababli o‘chirib yuborilgan xabarni tiklash yo‘li topildi!

Yaqindagina belorussiyalik Yuliya ismli Telegram foydalanuvchisi bilan yuz bergan voqea ham bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Onliner nashrining yozishicha, uning o‘zi avvaldan Belorussiyadagi uyali aloqa operatoridan olgan raqamiga bog‘langan Telegram-akkauntida bo‘lgan. Boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tgach, Yuliya mahalliy operatordan yangi telefon raqami olgan. O‘sha raqami orqali yangi Telegram-akkaunt ochish, biryo‘la smartfonida yig‘ilib qolgan ortiqcha ma’lumotlardan xalos bo‘lish uchun u messenjerning o‘zini ham o‘chirib, boshqatdan o‘rnatgan.

Ilovani o‘rnatib, raqamini tasdiqlovchi SMS-xabarni olgach, Yuliya bu akkauntida «Hasan»ga aylanib qolgan! Ya’ni, u sotib olgan telefon raqamining avvalgi egasi – Hasan ismli shaxsning Telegram-akkaunti to‘lig‘icha qaytadan tiklangan: kontaktlariyu yozishmalarigacha.

Yuliya messenjerning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat etgan va ularning tasdiqlashicha, Telegram-akkauntni uyali aloqa raqamidan ajratish uchun o‘sha akkauntning egasi kerak bo‘lar ekan. Yuliyaga esa bu raqamiga bog‘langan begona akkauntni o‘chirib yuborishni tavsiya etishgan.

Shunday ekan, eski raqamlardagi Telegram-akkauntlaringizni hamisha yo‘q qilib yuborishga odatlanganingiz ma’qul.

O‘QING: Telegram’da notanish kontaktlar paydo bo‘lyaptimi? Bartaraf etamiz!