Telegram’ni kod-parol yordamida himoya qilishni bilasizmi?

  •   DiMaX
  •  4125
  •  15.05.2018 19:08

Telegram’ni kod-parol yordamida himoya qilishni bilasizmi?

O‘zining mustahkam maxfiylik siyosati bilan tanilgan Telegram foydalanuvchilarning yozishmalarini shifrlab, begona ko‘zlardan yashirishini bilamiz. Bundan tashqari, siz o‘z qurilmangizdagi messenjeringizni kod-parol orqali qulflab qo‘yishingiz ham mumkin.

O‘QING: Telegram’dagi ma’lumotlaringiz qanchalik maxfiy?

Aytish kerakki, mazkur himoya usuli ushbu messenjerning mobil ilovasida ham, kompyuter va noutbuklarga mo‘ljallangan Telegram Desktop dasturida ham amal qiladi. Shuningdek, agarda smartfoningizda daktiloskopik datchik mavjud bo‘lsa, undagi Telegram kliyentining qulfini parol o‘rniga barmoq izingiz bilan ochiladigan qilib qo‘yishingiz ham mumkin.

Demak, Telegram’ni kod-parol yordamida muhofaza etish uchun quyidagilarni amalga oshirishingiz kerak:

  1. Ilovaning menyusi orqali uning asosiy «Sozlamalar»iga – «Nastroyki»ga kirasiz;
  2. «Maxfiylik va xavfsizlik», ya’ni «Privatnost i bezopasnost» (yoki «Konfidensialnost i bezopasnost») bo‘limiga o‘tasiz;
  3. Shu joydagi «Kod-parolni o‘zgartirish» «Izmeneniye kod-parolya» (mobil ilovada esa «Kirish kodi» «Kod dostupa») bandini tanlaysiz.
  4. Buyog‘iga o‘zingiz kod yoki parol o‘rnatib olishingiz mumkin, faqat uni esda saqlang.

O‘QING: Telegram’dagi yozishmani butunligicha saqlab olishni bilasizmi?

Shuningdek, ayni shu yerda avtomatik bloklanishni yoqib qo‘yish ham mumkin – bunda ma’lum muddat Telegram nofaol holatda qolib ketsa, ilova o‘z-o‘zidan qulflanib qoladi. So‘ng undan foydalanishni davom ettirish uchun kod-parolni terish talab etiladi. Avtomatik bloklanish muddati uchun esa 1 daqiqa, 5 daqiqa, 1 soat yoki 5 soat variatlari taklif qilinadi.

Bulardan tashqari, Telegram’dan skrinshotlar olishni ta’qiqlash va ruxsat berish sozlamalari ham shu yerda joylashgan.

Kod-parol o‘rnatib qo‘yganingizdan so‘ng, chatlar ro‘yxati ustida qulf shaklidagi belgicha paydo bo‘lib qoladi – ilovaning bloklanishini o‘sha orqali sozlaysiz. Shu qulfning ochiq yoki yopiqligiga qarab, Telegram navbatdagi ochilishida kod-parolni terish talab etiladi yoki shundoq ochilaveradi.

Darvoqe, kod-parol o‘rnatilgan Telegram Desktop dasturini tezkorlik bilan qulflash uchun «CTRL + L» tugmachalarini birgalikda bosishingiz mumkin. Bu usul Windows va macOS tizimli kompyuterlarda bir xil ishlaydi.

O‘QING: Telegram va WhatsApp’dagi o‘chirilgan xabarlarni ham o‘qish yo‘li topildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!