Telegram o‘z tarixidagi eng yirik zarbaga uchradi va $1,7 mlrd.lik loyihasidan ayrildi!

  •   DiMaX
  •  3455
  •  13.05.2020 09:06

Telegram o‘z tarixidagi eng yirik zarbaga uchradi va $1,7 mlrd.lik loyihasidan ayrildi!

Ommabop messenjer tayyorlayotgan Telegram Open Network (TON) blokcheyn platformasi to‘xtatildi. Hatto Apple asoschisi va sobiq rahbari Stiv Jobsdan qolgan ko‘p milliardlik merosni ham bevasi o‘z farzandlariga bermasdan, ushbu 1,7 milliard dollarlik loyihaga tikkan edi.

O‘QING: Nihoyat, Telegram o‘z kriptovalyutasi haqida rasman izoh berdi – TON va Gram bilan batafsil tanishamiz!

Telegram messenjerining asoschisi Pavel Durovning bu haqdagi rasmiy maqolasini Telegram Uzbekistan kanali o‘zbek tiliga o‘girib chiqargan va unda shunday deyiladi:

So‘nggi 2,5 yil ichida bizning eng yaxshi muhandislarimiz TON deb nomlangan yangi avlod blokcheyn platformasi va biz Gram deb atamoqchi bo‘lgan kriptovalyuta ustida ishlab kelgan edi. TON dastlab Bitcoin va Ethereum tomonidan ilgari surilgan markazsizlashtirish tamoyillarini baham ko‘rish uchun ishlab chiqilgan, ammo tezlik va miqyosi jihatidan ulardan ancha ustun bo‘lishi kerak edi.

Natija bilan biz juda g‘ururlangan edik – biz yaratgan texnologiya qadriyatlar va g‘oyalarning ochiq, erkin, markazlashtirilmagan almashinuvini amalga oshirishga imkon berdi. Telegram bilan birlashtirilgan holda TON odamlar mablag‘ va ma’lumotni saqlash va uzatishda inqilob qilish imkoniyatiga ega edi.

Afsuski, AQSh sudi TONni to‘xtatdi. Qanday deysizmi? Tasavvur qiling-a, bir necha kishi oltin konini qurish uchun pul yig‘ib, uni qurib, so‘ngra undan chiqqan oltinni o‘zaro bo‘lishdi. Keyin bir sudya kelib ularga quyidagini aytdi: «Bu odamlar pul topish uchun oltin konlariga pul qo‘yishgan. Va bu oltinni o‘zlariga olishni istamaganlar, uni boshqa odamlarga sotmoqchi bo‘lishgan. Shuning uchun ularga oltin qazib olishga ruxsat berilmagan».

Agar bu siz buni bema’ni ish deb topgan bo‘lsangiz, bilingki, siz yolg‘iz emassiz – lekin TON (kon) va Gram (oltin) voqeasi aynan shunday bo‘ldi. Sudya bu asosdan foydalanib, odamlar Bitcoin’larni sotish yoki sotib olishlaridek Gram’larni sotishlari yoki sotib olishlari mumkin emasligi to‘g‘risida hukm chiqardi.

Ehtimol, bundan ham mantiqqa mos kelmaydigan tomoni shundaki, Amerika sudi Gram’larni nafaqat AQShda, balki butun dunyoda tarqatish mumkin emasligini ta’kidlagan. Nima uchun? Chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh fuqarosi TON platformasi ishga tushirilgandan so‘ng unga kirishning biron bir yo‘lini topishi mumkin. Shunday qilib, buning oldini olish uchun dunyoning har qanday burchagida Gram’larning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak – garchi yer yuzidagi boshqa barcha davlatlar TON bilan yaxshi ish tutayotganga o‘xshasa ham.

Ushbu sud qarori, boshqa davlatlar o‘z fuqarolari uchun nima yaxshi va nima yomon ekanligini hal qilish uchun mustaqillikka ega emasligini anglatadi. Agar AQSh to‘satdan qahvani taqiqlashga qaror qilganida va Italiyadagi qahvaxonalarda amerikaliklar bo‘lishi mumkin degan fikr bilan qahvaxonalarni yopilishini talab qilganida, kimdir bunga rozi bo‘lar edi, degan fikrga ega emasmiz.

Va shunga qaramay, biz TON ustida ishlarni davom etmaslikka qiyin qaror qildik.

O‘QING: Telegram asoschisi Durov: Kremniy vodiysiga ko‘chmaslik uchun 7 sabab

Afsuski, amerikalik sudya bir narsada haqdir: biz, Qo‘shma Shtatlardan tashqarida bo‘lgan odamlar, bizning prezidentlarimizga ovoz bera olamiz va parlamentlarimizni saylay olamiz, ammo moliyaviy va texnologiya masalasida biz hali ham AQShga qarammiz (xayriyatki, qahva masalasida emas). AQSh dollar va global moliyaviy tizim ustidan o‘z boshqaruvini dunyodagi istalgan bank yoki bank hisobini yopish uchun ishlatishi mumkin. App Store va Google Play’dan ilovalarni olib tashlash uchun ular Apple va Google ustidan boshqaruvidan foydalanishlari mumkin. Ha, haqiqatan ham, boshqa davlatlar o‘z hududlarida nimaga ruxsat berish, nimaga esa ruxsat bermaslik ustidan to‘liq mustaqillikka ega emaslar. Afsuski, biz – boshqa mamlakatlarda yashaydigan dunyo aholisining 96 foizi – AQSh aholisining 4 foizi saylaydigan qaror qabul qiladigan shaxslarga qarammiz.

Bu kelajakda o‘zgarishi mumkin. Ammo bugungi kunda biz noilojlikdamiz: juda markazlashgan dunyoga ko‘proq muvozanatni olib kelib bo‘lmaydi, chunki u nihoyatda markazlashgan. Ammo biz urinib ko‘rdik. Bayroqni ko‘tarish va xatolarimizdan saboq olish uchun biz buni keyingi avlod ishbilarmonlar va dasturchilar vakillariga qoldiramiz.

Men ushbu xabarni Telegram’ning TON’dagi faol ishtiroki tugaganligi haqida rasman e’lon qilish uchun yozyapman. Siz mening ismim yoki Telegram brendidan, shuningdek «TON» nomidan foydalanayotgan saytlarni ko‘rishingiz mumkin (balki allaqachon ko‘rgandirsiz). Ularga pulingiz yoki ma’lumotlaringizni ishonmang. Bizning jamoamizning na hozirgi, na oldingi a’zosi ushbu loyihalarning birortasida ham qatnashmaydi. TON uchun biz yaratgan texnologiyaga asoslangan tarmoqlar paydo bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham, biz ular bilan aloqador bo‘lmaymiz va ularni qandaydir tarzda qo‘llab-quvvatlashimiz dargumon. Shuning uchun ehtiyot bo‘ling va hech kimga sizni aldashiga yo‘l qo‘ymang.

Men ushbu e’lonni dunyoda markazsizlashtirish, muvozanat va tenglikka intilganlarning barchasiga omad tilab yakunlamoqchiman. Siz adolatli maqsad uchun kurashayapsiz. Ushbu jang bizning avlodimizning eng muhim jangi bo‘lishi mumkin. Umid qilamizki, biz muvaffaqiyatsiz bo‘lgan joyda siz muvaffaqiyatga erishasiz.

2020 yil 12 may,

Pavel DUROV.

O‘QING: Telegram haqida 13 qiziq savolga aniq javob!