Telegram Premium'ning barcha xususiyatlari ma'lum bo'ldi!

Telegram Premium'ning barcha xususiyatlari ma'lum bo'ldi!

So'nggi ikki oyda Telegram xizmati o'zining Premium obunasini ishga tushirishi haqida ko'p marta mish-mishlar qilindi va bir necha kun oldin Internetda tarqatilgan video barcha xabarlar to'g'ri ekanligini tasdiqladi.

Sobiq Telegram dasturchisi tomonidan olinganligi aytilayotgan videoda biz Telegram'ning iOS uchun sinovdagi ilovasining asosiy menyusida Telegram Premium bo'limi paydo bo'lganini ko'rishimiz mumkin. Uning ichida kirilganida esa pullik obuna qanday funksiyalarni o'z ichiga olganligini ko'rsatuvchi ro'yxat mavjud bo'lib, unda quyidagi xususiyatlar keltirilgan:

Ikkilangan chegaralar

Pullik obuna messenjerning bugungi kundagi cheklovlarini ikki karraga ko'paytiradi va bunda foydalanuvchilarga 1000 tagacha kanallarga obuna bo'lish, 20 tagacha papkalar yaratish, chatlarda 10 tagacha xabarlarni qadash, kanal va superguruhlarda 20 tagacha ommaviy linklardan foydalanish, ilova ichida 4 tagacha akkaunt yaratish va boshqalar mumkin bo'ladi.

4 Gb yuklash hajmi

Katta hajmdagi fayllarni platformaga yuklash cheklovi 2 Gb dan 4 Gb gacha uzaytiriladi.

Tezroq yuklab olish tezligi

Media va hujjatlarni yuklab olish tezligida cheklov bo'lmaydi.

Ovozli xabarlarni matnga ko'chirish

Ovozli xabarlarning transkriptini, ya'ni matnga o'girilgan variatini o'qish imkoniyati.

Reklamalar yo'q

Pullik obuna egalari ba'zan ommaviy kanallarda chiqadigan reklamalarni ko'rmaydilar.

Noyob reaksiyalar

Oylik obuna egalariga qo'shimcha animatsiyalangan reaksiyalar ochib beriladi.

Premium Stikerlar

Har oyda yangilanib boradigan, kattalashtirilgan va qo'shimcha effektlarga ega eksklyuziv stikerlar.

Rivojlangan chat boshqaruvi

Standart papka, avto-arxivlash va yangi chatlarni yashirish kabi qo'shimcha xususiyatlar.

Profil nishoni

Ism yonida Telegram'ni qo'llab-quvvatlashni bildiradigan nishon.

Shuningdek, bularga qo'shimcha tarzda Telegram Premium egalari har doim animatsiyalanib turadigan profil video-avatariga va Telegram ilovasining ikonkasining o'zgartirish uchun noyob ikonkalar to'plamiga ega bo'lishlari aytilmoqda.

Hozircha Premium obuna narxi va uning qachon chiqarilishi noma'lum.

O'QING: Telegram Premium reaksiyalari

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!