Telegram pulli funksiyalari (video)

Telegram pulli funksiyalari (video)

Telegram messenjeri o'z xarajatlarini qoplash uchun olti oy oldin o'z reklama platformasini ishga tushirgan edi va bugungi kunda ko'plab kanallarda messenjer tomonidan qo'yilayotgan rasmiy reklamalarni ko'rish mumkin. Bir necha kun oldin xizmat o'zining Premium obunasini ham ishga tushirayotgani haqida xabar tarqalgan edi va may oyining birinchi kunida Telegram'ning iOS uchun beta versiyasida pulli funksiyalar paydo bo'ldi.

Yanada ko'proq reaksiyalar

Hozirda Telegram foydalanuvchilari xabarlarga 16 xil animatsiyali emojilar bilan reaksiya bildirishlari mumkin va bu mutlaqo bepul. Yangi pulli obuna bilan esa reaksiyalar soni yanada ko'proq bo'ladi.

To'liq ekranli eksklyuziv stikerlar 

Pavel Durov 2020-yilda Telegram'ning moliyaviy holati va kelajakdagi rejalar haqida gapirganida messenjerni xarajatlarini qoplash uchun reklama platformasini ishga tushirilishi bilan birgalikda premium stikerlar haqida aytib o'tgan edi va endilikda bu eksklyuziv stikerlar Telegram Premium obunasi funksiyalari qatorida paydo bo'ldi. Ushbu pulli stikerlar oddiy stikerlar to'plamida mavjud bo'lmaydi va to'liq ekranda namoyish etiladi.

Pulli funksiyalar va messenjerga kelayotgan boshqa yangi xususiyatlar hozirda macOS va iOS (keyinroq Android va kompyuter) platformalarida sinovdan o'tkazilmoqda. Afsuski, Telegram Premium obunasi narxi haqida hech qanday ma'lumot yo'q, shuningdek, yuqorida aytib o'tilgan ikki funksiyadan tashqari qo'shimchalar bo'lish/bo'lmasligi hozircha noma'lum.

Bundan oldin Telegram'ga yangiliklar lentasi, avatar yaratuvchi va kanal boshqaruvchilari uchun foydali funksiya qo'shilayotgani ma'lum bo'lgan edi.

O'QING: Telegram 2022-yil birinchi choragida eng ko'p yuklab olingan top 5 ilovalar ro'yxatiga kirdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!