Telegram tarixiy ko‘rsatkichni qayd etdi

Telegram tarixiy ko‘rsatkichni qayd etdi

TechCrunch saytining Sensor Tower orqali ma’lumot berishicha, ommabop Telegram messenjeri dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq marta yuklab olingan nufuzli ilovalar ro‘yxatiga qo‘shildi.

O‘QING: Telegram'da tez orada reklama paydo bo‘ladi

2013 yilda yaratilgan va shtab-kvartirasi Dubayda joylashgan ilova ushbu muhim ko‘rsatkichni juma kuni qayd etdi. Asosiy raqibi WhatsApp bilan bo‘lgani kabi, Telegram'dan eng ko‘p Hindistonda foydalanishadi. Sensor Tower'ning ma’lum qilishicha, barcha yuklab olishlarning 22% i dunyoning ikkinchi eng yirik internet bozori bo‘lgan Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hindistondan keyin Rossiya va Indoneziya turibdi. Ikki mamlakatda yuklab olishlar soni jami yuklashlar sonining mos ravishda 10% va 8% ini tashkil etmoqda. Ilovani yuklab olishlar soni 2021 yilda oshib, dastur yilning birinchi yarmida 214.7 million marta yuklandi. Bu esa 2020 yilning mos davriga nisbatan 61% lik o‘sish demakdir.

Ta’kidlash joizki, yuklashlar soni ilovaning faol foydalanuvchilari sonini ko‘rsatmaydi. Masalan, yil boshida Telegram'dan faol foydalanuvchilar soni taxminan 500 million atrofida edi. Holbuki, WhatsApp'ning maxfiylik siyosati o‘zgartirilishi bilan Telegram yuklashlar sonining oshishi mazkur messenjer oxirgi choraklar ichida ancha e’tiborni o‘ziga qarata olganini ko‘rsatadi.

Yil boshida 1 milliard dollar mablag‘ yig‘gan Telegram butun dunyo bo‘yicha 1 milliarddan ortiq yuklab olingan 15-ilova bo‘ldi. Ro‘yxatdagi boshqa ilovalar qatoriga Google paketidagi ko‘plab dasturlar, WhatsApp, Facebook Messenger, Facebook, Instagram, Snapchat, Spotify va Netflix kabilar kiradi.

O‘QING: Telegram asoschisi Durov: «Nima uchun WhatsApp hech qachon xavfsiz bo‘la olmaydi?»

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.