Telegram uchun eng yaxshi ilova – Plus Messenger

  •   DiMaX
  •  9153
  •  14.02.2017 14:35

Telegram uchun eng yaxshi ilova – Plus Messenger

Bepul va xavfsiz Telegram – ko‘pchiligimiz uchun boshqa messenjerlar o‘rnini egallagan qulay dastur. Unga ilova tarzida smartfoningizga Plus Messenger ham o‘rnatilgan bo‘lsa, Telegram imkoniyatlari yanada kengayadi, deb yozadi beardycast.com sayti.

Telegram o‘zi yaxshi bo‘lsa-da, unda chatlarni botlardan, kanallarni shaxsiy yozishmalardan, tanlangan kontaktlarni boshqalaridan ajratish funksiyasi yo‘qligi chatoq. Lekin bu borada Android-smartfonlar sohiblari nisbatan omadlilar – Plus Messenger ilovasida kerakli funksiyalarning bari bor.

Chatlarni varaqalar bo‘ylab ajratish

Telegram orqali har kuni turli odamlar bilan muloqotda bo‘lasiz. Kimlar bilandir guruhlarda, birovlar bilan superguruhlarda, qaysidir birlari bilan shaxsiy yozishmalarda, yana boshqasi bilan tet-a-tet tarzidagi dialogda.

Varaqalar tufayli endi katta ro‘yxat orasidan kerakli chatni izlashga vaqt sarflashning hojati yo‘q. Varaqalar soni va o‘lchamini o‘zingiz sozlab olasiz. Endi ma’lum guruhlarga ajratilgan interfeys orqali tegishli chatni tezda topishingiz mumkin.

Tezkor jo‘natish

Android 6.0 Marshmallow tizimida, hujjatlar, fayllar, havolalar va rasmlarni jo‘natishning standart menyusida yangi bo‘lim – kontaktlar ham bor. Bu esa vaqtni tejashga yordam beradi. Endi biror faylni yuborish uchun avval ilovani tanlab, uning ochilishini kutib, so‘ng kimga jo‘natishni ko‘rsatib yurishga hojat yo‘q.

Juda qulay funksiya, ammo u ishlashi uchun, ishlab chiquvchi o‘z dasturida uning qo‘llab-quvvatlanishini o‘rnatishi darkor.

Telegramning odatdagi dasturida bu bor, lekin unda kontaktlar standart usulda – so‘nggi muloqotlarga qarab saralanadi. Ular orasida qayta-qayta o‘sha bir xil guruhlar va superguruhlar bo‘lishi ham mumkinki, bu aslo qulay emas.

Plus Messenger esa qaysi turdagi chatni aks ettirishini tanlash imkoniyatini taqdim etadi.

Qo‘shimcha amallar

Mazkur ilovaning yana bir qo‘shimcha imkoniyati – guruhning yoki kishining avatarkasiga bosganda qaysi amallarni bajarish kerakligini sozlash mumkin. To‘g‘ri, bunday olib qaraganda – shunchaki mayda-chuydaga o‘xshaydi, biroq u bilan kerakli chatlarning tavsifini boshqarish juda qulay-da.

Tashqi ko‘rinishni sozlash mumkin

Xabarlar ro‘yxatidagi shrift o‘lchami sizni qoniqtirmayaptimi? Balki, matn terish maydonchasiga juda oz matn sig‘ishi yoqmayotgandir? Avatarkalarning o‘lchamini, ranglar turkumini o‘zgartirishni, yoki umuman boshqa biror «mavzu» o‘rnatishni istayotgandirsiz?

Mana, bularning barchasini Plus Messenger yordamida amalga oshirish mumkin. O‘zingizga yoqadigan biror tashqi ko‘rinish mavzusini tanlashingiz, interfeys unsurlarining o‘lchamlarini o‘zingizga moslashtirishingiz va barini qulay holatga keltirishingiz mumkin.

Shu tariqa, Plus Messenger yordamida Telegram qulaylikda tengsiz muloqot vositasiga aylanadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!