Telegram, WhatsApp va Viber’dagi o‘z profillarimizni yangi telefon raqamimizga qanday o‘tkazamiz?

  •   DiMaX
  •  641
  •  31.08.2019 14:52

Telegram, WhatsApp va Viber’dagi o‘z profillarimizni yangi telefon raqamimizga qanday o‘tkazamiz?

Telefon raqamingiz – sizning messenjerlardagi login va parolingizdir; usiz o‘z akkauntingizga kira olmaysiz va kontaktlar hamda yozishmalaringizni tiklay olmaysiz. Shu boisdan, yangi telefon raqami olganingizda, messenjerlarda avvalgi raqamingizga ochilgan profilingizni yangisiga o‘tkazib qo‘yish kerak.

O‘QING: Markaziy Osiyo: qayerda qaysi messenjer ommalashgan?

Bunda bir narsani e’tiborga olish kerak: agarda yangi olgan raqamingizni oldin kimdir ishlatgan va unga messenjerda akkaunt ochgan bo‘lsa, endi siz boshqa profilni bu raqamga ko‘chirib o‘tkaza olmaysiz.

Lekin aslida bu sizning muammoingiz emas, balki o‘sha – yangi raqamingizga ochilgan eski akkauntni ishlatayotgan yuzerning muammosidir. Chunki raqam endi sizning nomingizda, unga bog‘langan akkauntni o‘chirib yuborsangiz, oldingi egasi o‘z profilidan ajraladi, siz esa bu raqamga bog‘langan yangi akkaunt ochishingiz yoki boshqa raqamingizdagi profilingizni shunga ko‘chirib o‘tkazishingiz mumkin.

Bundan tashqari, WhatsApp messenjerida bitta cheklov mavjud – profilingizdagi telefon raqamini bir oyda ikki martadan oshiq almashtira olmaysiz.

O‘QING: Telegram’da jiddiy xatolik: barcha shaxsiy ma’lumot va yozishmalaringizni SIM-kartaning yangi egasi ko‘ra oladi!

Shunday qilib, ommabop uchta messenjerdagi profilni boshqa telefon raqamiga ko‘chirib o‘tkazish usulini ko‘rib chiqamiz. Bunda yangi SIM-kartani ayni shu telefon apparatiga qo‘yish ham shartmas, boshqa telefonda turgan bo‘lsayam, ishlab turgan bo‘lsa bas. Chunki messenjerdagi profilni unga bog‘lash jarayonida shu raqamga SMS-kod keladi va tasdiqlash uchun uni kiritishingiz kerak bo‘ladi.

Telegram profilini boshqa raqamga o‘tkazish

Ilovaning yuqori chap burchagidagi uchta chiziqcha shaklidagi tugmachani bosib (yoki ekranni chap chekkasidan o‘ngga silab) menyuni chaqirasiz, ro‘yxatning oxirrog‘idagi «Nastroyki» bandini tanlaysiz. Shu yerda telefon raqamingiz ustiga bosib, «Smenit nomer» tugmachasini bosasiz. Ogohlantiruv yozuvi chiqadi, «Izmenit»ni bosib tasdiqlaysiz va yangi telefon raqamingizni kiritasiz. O‘sha raqamga SMS-kod keladi, uni tegishli maydonchaga kiritasiz.

Agarda profilingizda ikki bosqichli autentifikatsiyadan foydalanayotgan bo‘lsangiz, uni qaytadan o‘rnatishingiz kerak bo‘ladi.

O‘QING: Telegram’da ikki bosqichli autentifikatsiya himoyasini buzib bo‘ladimi?

WhatsApp akkauntini yangi raqamga o‘tkazish

Ushbu messenjerning yuqori o‘ng burchagida tikkasiga joylashgan uchta nuqta tugmachasini bosib, boshqaruv menyusini chaqirasiz va «Nastroyki»ni ochasiz. Keyin «Akkaunt» bo‘limidagi «Izmenit nomer» bandiga kirib, «Daleye»ni bosasiz. Shu yerda tegishli maydonchalarga eski va yangi telefon raqamlaringizni kiritasiz. So‘ng esa yangi raqamingizga kelgan SMS-kodni kerakli maydonchaga kiritib, tasdiqlaysiz.

Raqamingizni almashtirgach, WhatsApp akkauntingizga qaytadan kirishga hamda agar zarur bo‘lsa, ikki bosqichli autentifikatsiyani qaytadan o‘rnatishga to‘g‘ri keladi.

Viber profilini boshqa raqamga o‘tkazish

Ushbu messenjer bosh ekranidagi «Yeщyo» tugmachasiga bosib, «Nastroyki» → «Uchetnaya zapis» → «Izmenit nomer telefona» degan joyigacha borasiz. Keyin tegishli maydonchaga yangi telefon raqamingizni yozasiz va unga kelgan SMS-kodni kerakli maydonchaga kiritasiz.

Aytish kerakki, yuqoridagi yo‘riqnoma Android-smartfonlar uchun ham, iOS tizimli qurilmalar uchun ham birdek amal qiladi.

O‘QING: Telegram asoschisi Durov: «Nima uchun WhatsApp hech qachon xavfsiz bo‘la olmaydi?»