Telegram yangi versiyasi chiqarildi!

Telegram yangi versiyasi chiqarildi!

Telegram messenjerining navbatdagi yangilanishi chiqarildi. Ushbu yangilanishda Telegram’ga quyidagi o‘zgarishlar va yangiliklar kiritildi:

Maxsus bildirishnoma tovushlari

Endi yangi xabarlar bildirishnomalari uchun istalgan tovushni, masalan, istalgan tarona parchasi, biror hazil yoki mushuk miyovlashini o‘rnatsa bo‘ladi.

Agar kerakli qisqa audiofayl yoki ovozli xabar yozishmada bo‘lsa, uni bildirishnoma tovushlari ro‘yxatiga qo‘shish va keyin istalgan chat uchun ishlatish mumkin.

Tovushlarga barcha qurilmalarda Sozlamalar > Bildirishnomalar va tovushlar rukni orqali kirish mumkin. U yerda yangi ohanglarni kiritish va alohida chatlar yoki butun guruh chatlari uchun tovushlarni sozlash mumkin.

Ohanglar hozirda 5 soniyadan kamroq va hajmi 300 KB gacha bo‘lgan audiofayl va ovozli xabarlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, "Bildirishnoma tovushlari" nomli Telegram jamoasi tomonidan yaratilgan kanalda ayrim namunalarni sinab ko‘rsangiz bo‘ladi.

Maxsus sukut qilish muddati

Telegram foydalanuvchilari ko‘p yillardan buyon chatlardagi bildirishnomalarni o‘chirib qo‘yishi mumkin edi, masalan, 8 soatga yoki 2 kunga. Endi bildirishnomalarni muayyan vaqtga ham faolsizlantirishingiz mumkin.

Yangilangan menyuda chat uchun bildirishnomalarni to‘liq yoki vaqtincha o‘chirish yoki tovushni faolsizlantirib, tovushsiz bildirishnomalar olishda davom etish imkoni yaratilgan.

Profillarda yangi avtomatik o‘chirish menyusi

Suhbatlarni xavfsizroq qilish yoki chatni ortiqcha xabarlar bilan to‘ldirmaslik uchun endilikda istalgan chatda Avtomatik o‘chirish funksiyasini yoqish mumkin. Endilikda xabarlarni avtomatik o‘chirishni yoqish yanada osonlashgan va taymer sozlamalari yanada moslashuvchan qilingan – masalan, endi 2 kun, 3 hafta yoki 4 oyni tanlash mumkin.

Yozishmani uzatganda javoblarni saqlash

Telegram'da biror xabarga javob berish uchun uni chapga surish kerak. Javob bitta bosish orqali asl xabarga tezkor o‘tish imkonini beruvchi kichik eskizni ham o‘z ichiga oladi.

Endi bu javob eskizlari muhokamani o‘qish qulay bo‘lishi uchun uzatilgan xabarlarda ham saqlanadi.

Botlar uchun inqilobiy yangilanishlar

Endilikda Telegram bot dasturchilari JavaScript yordamida moslashuvchan interfeyslarni yaratishlari mumkin. Gap Telegram'dagi yangi veb-botlar haqida ketmoqda. Ana shunday veb-botlardan biriga namuna sifatida @DurgerKingBot botini keltirish mumkin. Ushbu hayoliy veb-bot yordamida siz turli xil fast fudlarga buyurtma berishingiz mumkin. Veb-botlar real vaqt rejimida rang mavzularini foydalanuvchi mavzusiga mos kelishi uchun dasturlanishi mumkin, masalan, kun va tun rejimlari orasida almashganda yoki maxsus mavzularni sozlaganda.

Bot adminlarini tezkor sozlash

Telegram botlari qo‘shimcha funksiyalar qo‘shish, jarayonlarni avtomatlashtirish yoki moderatorlarga yordam berish orqali chatlarni boshqarish kabi kichik vazifalarni bajarishi ham mumkin. Foydalanuvchilar endi bevosita bot profilidan guruhi yoki kanaliga botlarni qo‘shishi hamda bot uchun huquq va ruxsatlarni tezkor sozlashi mumkin.

iOS ilovasida yaxshilangan xabar tarjimalari

iOS qurilmalari uchun ilova ichidagi tarjima funksiyasi endi aniqroq ishlaydi va ko‘proq tillarni, jumladan, ukrain tilini qo‘llab-quvvatlaydi. Endi Android va iOS ilovalarida bir xil tillar qo‘llab-quvvatlanadi.

Bu funksiyani Sozlamalar > Til ruknidan yoqish mumkin. Xabarni tarjima qilish uchun uni bosish va chiqqan menyuda Tarjima qilish tugmasini tanlash kerak. Shu bilan birga, Sozlamalardan tarjima qilish talab qilinmaydigan tillarni tanlash mumkin va shunda bu tillardagi xabarlar uchun Tarjima qilish tugmasi berkitiladi.

Android ilovasida yaxshilangan tasvir ustida tasvir rejimi

Telegram ilovasida bir vaqtda videolavha yoki translatsiyani tomosha qilish va chatlarda yozishmani davom ettirish uchun istalgan videoni "Tasvir ustida tasvir" funksiyasi yordamida alohida oynada ochish mumkin. Endi Android ilovasidagi tasvir ustidagi tasvir videolari o‘lchamini ikki barmoq bilan chimdish orqali o‘zgartirish mumkin va bu funksiya barcha platformalardagi Telegram ilovalarida, jumladan, iOS, macOS va Telegram Desktop'da ishlaydi.

Yangi animatsiyalar

Akkaunt sozlamalarida telefon raqamini o‘zgartirish interfeysini ham yangilandi va endi unda animatsiyali o‘rdakni ko‘rish mumkin.

Yangi animatsiyali emojilar

Bu safar animatsiyali emojilar qatori taom tasvirlari bilan to‘ldirildi. Animatsiyali emojilarni ko‘rish uchun istalgan chatda emojilardan birini alohida xabar sifatida yuborish kerak.

Telegram'ning bu yangilanishini tarqatish endigina boshlandi. Ilovani iOS qurilmalarida App Store, Android qurilmalarida esa Google Play Store ilovalar do‘koniga kirib yangilash mumkin. Yangilanishni barcha uchun tarqatish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, shunday ekan, agar ayni vaqtda sizga Telegram yangilanishini kelmagan bo‘lsa, havotirga o‘rin yo‘q, birozdan keyin sizga ham albatta yangilanish keladi.

O‘QING: Yangi Need for Speed qachon chiqarilishi ma’lum bo‘ldi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!