Telegram’da ikki bosqichli autentifikatsiya himoyasini buzib bo‘ladimi?

  •   DiMaX
  •  35250
  •  19.06.2019 12:27

Telegram’da ikki bosqichli autentifikatsiya himoyasini buzib bo‘ladimi?

Eng kuchli himoyalangan messenjerlardan biri Telegram bo‘lsa, ikki bosqichli autentifikatsiya – muhofazaning eng ishonchli usulidir. Bu xususda Markus Ra yozgan maqolani Telegram Uzbekistan kanali o‘zbek tiliga o‘girib e’lon qilgan.

O‘QING: Telegram'ni yangilashga shoshilmang - boshqa ishlamay qolishi mumkin!

BUZA OLAMAN, DEYDIGAN MARD TOPILSA...

Agar kimdir ikki bosqichli autentifikatsiya bilan himoyalangan Telegram profillarini buza olaman, desa, undan ushbu kanaldagi GIF’ni almashtirishni so‘rab ko‘ring:

Ushbu kanalni boshqaruvchi profilda ikki bosqichli autentifikatsiya faollashtirilgan, ammo uni buzishga qodir bo‘lgan inson uchun yangi GIF joylashtirishda muammo bo‘lmasligi kerak.

IKKI BOSQIChLI AUTENTIFIKATsIYa NIMA O‘ZI?

Odatda, yangi qurilmada Telegram-profilga kirib bulutli chatlarda suhbat qilish uchun siz telefon raqamingizga yuborilgan SMS-xabardagi koddan foydalanishingiz mumkin. Bu – muloqot uchun bo‘lgan dasturlarga, ya’ni messenjerlarga kirish uchun sanoat standartidir.

Biroq, agarda mobil aloqa operatoriga yoki hukumatingizga ishonmaslik uchun sabablaringiz bo‘lsa, Telegram profilingizni qo‘shimcha parol bilan himoya qilishingizni tavsiya etamiz.

Profilga yangi qurilmada kirayotganingizda, Telegram ushbu profil egasi aynan siz ekanligingizni ikki bosqichda tekshiradi: u avval kodni, keyin esa parolingizni so‘raydi. Shuning uchun ham bu «ikki bosqichli autentifikatsiya» deb nomlanadi.

O‘QING: Parolingiz o‘g‘irlanganini yangi Telegram-bot orqali tekshirib ko‘ring!

BUNDAY AUTENTIFIKATsIYaNI QANDAY YoQISh MUMKIN?

Telegram Sozlamalari → Maxfiylik va Xavfsizlik → 2 bosqichli autentifikatsiya bandiga o‘ting va yangi qurilmada Telegram-profilga kirishda so‘raladigan parolni kiriting.

QAYTA TIKLASh UChUN ZAXIRA POChTA

Agar siz parolingizni unutib qo‘yishim mumkin, degan xavotirda bo‘lsangiz, uni qayta tiklab olish uchun zaxira pochtani sozlashingiz mumkin. Agar buni qilsangiz, «Parolni unutdingizmi?» tugmachasini bosib, kodni elektron pochta manzilingizga qabul qilishingiz mumkin bo‘ladi. Ushbu kodni kiritish parolni o‘chirib tashlaydi va sizga Telegram profilingizga kirish imkonini beradi.

Ushbu qadamni o‘tkazib yuborishingiz va zaxira pochtasini o‘rnatmasligingiz mumkin. Agar buni qilsangiz va parolingizni unutsangiz, Telegram-profilingizga kirish imkoniyatini tiklash iloji bo‘lmaydi. Bunday holatda yagona yo‘l – Telegram profilini o‘chirish va noldan boshlashdir.

O‘QING: Pavel Durov: Telegram’ga qilingan DDoS-hujumlar ortida shu davlat turibdi!

XAVFSIZLIK BO‘YIChA QO‘ShIMChA MASLAHATLAR

Zaxira pochtasini himoyalash

Ikki bosqichli autentifikatsiya samarali bo‘lishi uchun zaxira pochtangiz xavfsizligini ta’minlash muhim. Ahir agar kimdir sizning elektron pochtangizga kira olsa, ular parolingizni o‘chirishi va Telegram profilingizga kirishlari mumkin.

Shuning uchun siz, ayniqsa korrupsion mansabdor shaxslar yoki ularning do‘stlari mahalliy kompaniyalardan ma’lumot olishi qulay bo‘lgan mamlakatda yashayotgan bo‘lsangiz, biz nufuzli xalqaro elektron pochta xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qilamiz.

Zaxirali pochtani «tiklash»

Elektron pochtangiz parolini unutib qo‘ysangiz, zaxira elektron pochtangizga kirishni qanday qilib tiklashingiz mumkinligiga alohida e’tibor bering. Ba’zi xizmatlar oddiy SMS-kod yordamida va hech qanday parolsiz elektron pochtaga to‘liq kirishni qayta tiklashga imkon beradi. Bu qulay ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, u sizning telefon raqamingizni buzib olgan tajovuzkorga juda ko‘p kuch berishi mumkin.

Qurilmangizni himoyalash

Shuni yodda tutingki, qurilmangiz – ma’lumotlaringizning asosiy saqlovchisi hisoblanadi. Sizning qurilmangizga kirish imkoniga ega bo‘lgan odamlardan sizni hech qanday messenjer himoya qila olmaydi.

Qurilmangizni zararli dasturlardan himoya qilish uchun operatsion tizimni eng so‘nggi talqiniga yangilang va ilovalarni shubhali manbalardan hech qachon o‘rnatmang. Bundan tashqari, faqat Telegram’ning rasmiy dasturlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

O‘QING: Telegram’dagi barcha o‘qilmagan xabarlarni bittada «o‘qilgan»ga aylantiramiz

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!