Telegram’ni yangilab oling: To‘lovlar 2.0, rejalashtirilgan ovozli chatlar va yangi veb-versiyalar

  •   DiMaX
  •  584
  •  27.04.2021 10:25

Telegram’ni yangilab oling: To‘lovlar 2.0, rejalashtirilgan ovozli chatlar va yangi veb-versiyalar

Bu galgi yangilanishda istalgan chatda to‘lash uchun to‘lovlar 2.0, ovozli chatlar uchun rejalashtirish va mini profillar, brauzerlar uchun Telegramning yangi versiyalari va boshqalar taqdim etilmoqda. Ushbu apdeyt haqdagi Telegram Uzbekistan o‘zbekchalashtirgan rasmiy maqolani e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

O‘QING: Telegram’da yangi vakansiyalar ochildi, ishlaysizmi?

To‘lovlar 2.0

To‘lov xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash birinchi marta 2017 yilda paydo bo‘lgan edi. To‘lov botlari foydalanuvchilarga istalgan mahsulot va xizmatlar uchun xavfsiz tarzda to‘lash imkonini berdi.

Bugungi yangilanish Stripe va CLICK kabi 8 ta to‘lov tizimi yordamida istalgan chatda karta orqali to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, to‘lov paytida choychaqa qo‘shish va sevimli muallif, qahvaxona yoki do‘konni qo‘llab-quvvatlash imkonlari mavjud. To‘lov uchun istalgan ilovadan, jumladan, kompyuter uchun Telegramdan (Telegram Desktop dasturidan) foydalanish mumkin.

To‘lovlar platformasi ochiq va bepul – Telegram komissiya olmaydi va to‘lov ma’lumotlarini saqlamaydi. Rekvizitlar bevosita to‘lov tizimiga, yetkazib berish axboroti esa mahsulotni yuborishi uchun sotuvchiga yuboriladi.

Yangi imkoniyatlarni haqiqiy mahsulotlarga to‘lamasdan amalda sinab ko‘rishingiz uchun ushbu sinov kanalida bir nechta narxsiz mahsulotlarni joylashtirdik.

Shaxsiy botini yaratishni xohlaganlarga esa dasturchilar uchun texnik hujjat foydali bo‘ladi.

Istalgan sotuvchi Telegram’dan qo‘shimcha tasdiqlashlar olmasdan To‘lovlar API ishlatishni boshlashi mumkin. To‘lovlarni integratsiyalashga qiziquvchi dasturchilar To‘lovlar bo‘yicha qo‘llanmada barcha tafsilotlarni topishi mumkin.

O‘QING: Telegram asoschisi haqida film tayyor – treylerini tomosha qilamiz!

Rejalashtirilgan ovozli chatlar

Ovozli chatlar yordamida tanishlar davrasida suhbatlashish va millionlab tinglovchilarga ega translyasiyalarga ulanish mumkin.

Endi guruh va kanallar administratorlari barcha xohlovchilar rejalarini tuzishi, tanishlariga hodisa haqida aytishi va popkornni zaxiralashga ulgurishi uchun muayyan sana va vaqtga kelgusi ovozli chatni rejalashtirishi mumkin.

Foydalanuvchilar chatning yuqori qismida rangli ortga hisoblagichni ko‘radi va ovozli chat boshlanishi haqidagi bildirishnomani yoqishi mumkin.

Rejalashtirilgan ovozli chatlarni siz administratori hisoblangan guruh yoki kanal profilidan yaratish mumkin. Android qurilmasida ⋮ > Ovozli chatni boshlash > Ovozli chatni rejalashtirish ruknini bosing. iOS qurilmasida Ovozli chat tugmasini bosing va Ovozli chatni rejalashtirish bandini tanlang.

Xavotirlanmang, ortga hisoblagich nolga yetganida ovozli chat avtomatik boshlanmaydi – u faqat administrator Hozir boshlash tugmasini bosganidan keyin boshlanadi.

O‘QING: Narkotiklar reklamasiga qarshi Telegram-bot yaratildi

Ovozli chatlarda profildan axborot

Ovozli chat oynasidan endi istalgan foydalanuvchining rasmini va tarjimai holini ko‘rish mumkin. Bu siz suhbatlashayotgan odam haqida yaxshiroq bilib olish uchun foydali.

Bevosita ovozli chatdan rasmlaringizni almashtirish va tarjimai holingizni tahrirlash mumkin. Masalan, o‘yin partiyasi uchun biror qahramonga tezda aylanish yoki so‘zga chiqishdan oldin galstukli rasmingizni yuklash mumkin.

Brauzerlar uchun yangi veb-versiyalar

Brauzerlar uchun Telegram’ning birinchi versiyasi 2014 yilda ishga tushirilgan edi. Shundan buyon ichki raqobat ruhimiz shivirlardi: «Ikkita veb-versiyaga ega bo‘lish mumkin bo‘laturib, nima uchun bittagina veb-versiyamiz mavjud?»

Bugun biz ikkita yangi, to‘liq funksiyali Telegram veb-ilovalarini taqdim etmoqdamiz – har ikkalasi ham animatsiyali stikerlar, tungi rejim, chatlar uchun jildlar va boshqa imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi veb-versiyalar bilan har qanday qurilma – kompyuter yoki mobil telefonda chatlaringizga darhol kirishingiz mumkin. Bu ilovalar nihoyatda samarali bo‘lib, faqat 400 KB yuklab olishni (bu 2 ta rasm hajmidan kichikroq) talab qiladi va ular o‘rnatilmaydi.

Har ikkala versiyani ham sinang va qaysi biri ko‘proq yoqishini ko‘ring:

Boshqa Telegram ilovalarimiz kabi ular telefoningizdan mustaqil ravishda ishlaydi: akkauntingizga kirganingizdan keyin telefoningizni yaqin-atrofda yoki internetga ulangan holatda saqlashingiz shart emas.

Takliflar va xatoliklar haqida xabar qilish ommaviy platformamizda takliflarni bildirish mumkin.

O‘QING: Jizzaxda maktab direktorining o‘rinbosari Telegram’dagi yozishmalari sabab xotinini pichoqlab o‘ldirdi

Android uchun bevosita yuklab olish

iOS foydalanuvchilari ushbu yangilanishni allaqachon App Store do‘konidan yuklab olishi mumkin, Google esa «ish jadvallaridagi o‘zgarishlar tufayli hozircha ko‘rib chiqish jarayoniga odatdagidan ko‘proq vaqt ketishini» aytdi. Yaxshiyamki, ko‘rib chiqish tugaguniga qadar kutishingiz shart emas.

Istalgan kishi bevosita ttelegram.org saytidan Android uchun Telegram ilovasini yuklab olishi mumkin. Bunday usulda o‘rnatilgan ilovalar avtomatik yangilanadi va ko‘proq ehtimol bilan yangi versiyalarni bir necha kun yoki hafta tezroq olishingiz mumkin, chunki yangi versiya do‘kon tomonidan ko‘rib chiqilishini kutishingiz kerak bo‘lmaydi.

Telegram qayta ishlab chiqish mumkin bo‘lgan yig‘malarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmangizdagi ilova GitHub saytida nashr qilingani bilan aniq bir xil ochiq manba kodidan yaratilganligini har doim tekshirishingiz mumkin.

Tez kattalashtirish

Endi chatda rasm va videolarni ularni ochmasdan tez kattalashtirishingiz mumkin: shunchaki ikkita barmoq bilan chimding.

O‘QING: Xorijga chiqishga «taqiq» bor-yo‘qligini Telegram-bot orqali tekshirish mumkin

Yaxshilangan videopleyer

iOS foydalanuvchilari +/- 15s tugmalarini barmoq bilan bosib turish orqali videolarni oldinga surishi yoki orqaga qaytarishi mumkin. Android qurilmasida ekranning o‘ng yoki chap qismini bosib turish orqali videoda ushbu amallarni bajarish mumkin. Ikki marta bosilganida 10 soniya o‘tkaziladi.

Maslahatlar va yangi Android animatsiyalari

Har bir yangilanish bilan Android uchun ilova yanada ravonroq ishlamoqda va yangi animatsiyalar bilan to‘ldirib borilmoqda. Bu safar – yon menyu chiqqanida va chatlar ro‘yxatidan chatga qaytishda.

Telegram funksiyalari haqida batafsil bilib olish uchun chap menyuda Telegram funksiyalari ruknini bosing yoki @TelegramTips kanaliga kiring.

Telegram vakansiyalari

Hozircha shular. Biz allaqachon keyingi yangilanishlar ustida ishlamoqdamiz. Agar hozirgina «Bechoralar, biroz dam olinglar», deb emas, balki «Ajoyib, mana ishtiyoq!» deb o‘ylagan bo‘lsangiz, sizga vakansiyalarimiz ro‘yxati bilan tanishib chiqishni taklif qilamiz.

Telegram jamoasi, 2021 yil, 26 aprel.

O‘QING: Kun.uz mas’ul xodimining Telegram-akkauntiga buzib kirishdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!