Telia Company Yevropadagi ilk ommaviy 5G tarmog‘ini ishga tushirdi

  •   DiMaX
  •  1408
  •  30.09.2017 12:39

Telia Company Yevropadagi ilk ommaviy 5G tarmog‘ini ishga tushirdi

29 sentyabr – juma kuni Intel kompaniyasi Yevropada birinchi ommaviy beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini ishga tushirganligi haqida xabar qildi. Bu haqda ServerNews ma’lumot bermoqda.

5G-tarmoq telekommunikatsion uskunalar ishlab chiqaruvchi Ericsson kompaniyasi hamda Telia uyali aloqa operatori bilan hamkorlikdagi harakatlar natijasida yo‘lga qo‘yildi.

Ommaviy 5G tarmog‘i Tallin dengiz portida hamda tijorat-sayohat kemasi bortida, yo‘lovchilarni sifatli va tezkor uyali aloqa bilan ta’minlash maqsadida ishga tushirildi. Shuningdek, Telia sanoat maqsadlarida – qurilishlarning xavfli hududlarida ekskavatorlarni masofadan boshqarish uchun ham beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini sinovdan o‘tkaza boshladi.

Telia’ning sinov tariqasidagi tarmog‘i Ericsson kompaniyasining 5G baza stansiyasi hamda Intel 5G Mobile Trial Platform platformasi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik doirasida mazkur uchta kompaniya 2018 yili Tallin va  Stokgolmda 5G tarmog‘ini ishga tushirishlari rejalashtirilgan.

Ericsson prognozlariga ko‘ra, 2026 yilga borib, uyali aloqa operatorlarining beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarida xizmatlar taqdim etishdan ko‘radigan daromadi 582 milliard dollarga yetadi va bu uyali aloqa kompaniyalarining daromadlariga 34 foizga yaqin qo‘shimcha mablag‘ olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, To‘rtinchi avlod –  4G/LTE uyali aloqa tarmog‘ini ham jahon aloqa bozoriga ilk bor aynan Telia Company taqdim etgan. Bu – telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lib, dunyo bo‘ylab ayrim mamlakatlarda xizmatlar ko‘rsatadi. Jumladan, O‘zbekistonda uyali aloqa xizmatlarini taqdim etuvchi Ucell savdo belgisi ham mazkur guruhga kiradi. Mazkur aloqa operatori yurtimizda birinchilar qatori 4G/LTE aloqa tarmog‘ini joriy etgan.