TeraTavsif: Samsung Galaxy A21s (2-qism)

TeraTavsif: Samsung Galaxy A21s (2-qism)

Samsung Galaxy A21s'ga bag‘ishlangan tavsifimiz davom etadi. Quyida smartfonning dizayni va qurilmaviy tuzilishiga batafsil to‘xtalamiz.

Tavsifning boshqa qismlari bilan tanishish uchun bu yerga bosing.

Dizayni va qurilmaviy sifati
Galaxy A21s odatiy byudjet smartfonlaridan, ammo qurilma ko‘rinishidan arzon modelligi bilinmaydi. Old tomonning katta qismi ekran bilan qoplangan, orqa panel va yon tomon romlari esa plastikdan ishlangan. Samsung chiroyli telefon yaratishni biladi. Galaxy A21s'ning dizayni shaxsan bizga yoqdi.

Galaxy A21s'ning e’tiborga molik jihatlaridan biri 6.5 dyuym diagonalli PLS TFT ekranidir. Displeyning yuqori chap tomoniga aylanasimon kichik kamera tiriqishi o‘rnatilgan. Hozirgi aksariyat smartfonlarda bo‘lgani kabi qahramonimiz ekrani chetlari yumaloq burchakli, hoshiyalar ham anchayin ingichka.

Ishlab chiqaruvchi Galaxy A20'ga Super AMOLED ekran qo‘ygan edi, ammo A20s'dan boshlab LCD panellar qo‘yila boshlandi. A21 va A21s'larda ham ushbu o‘zgarish tatbiq qilindi. Ammo Galaxy A modellarining ko‘piga AMOLED ekran qo‘yiladi. Agar siz AMOLED ishqibozi bo‘lsangiz, oldingizda qator tanlovlar bor.

Galaxy A21s'ga qaytsak. Smartfon ekrani model toifasini inobatga olsak, yaxshi. Lekin ranglar biroz yuvilgan (aniq emas) ko‘rinadi. Kamera tirqishi atrofidagi ekran yoritilishi bir tekisda bo‘lmasa kerak, deb o‘ylashingiz mumkin, chunki LCD panellarda bu muammo kuzatiladi. Biroq Samsung bunday notekislikni imkon qadar minimallashtirishga erishgan — Galaxy A21s'dan qimmatroq smartfonlarda bu kamchilik anchayin aniq ko‘zga tashlanganini ko‘rganmiz.

Tirqish ichini 13 megapiksellik kichik kamera uya qilgan. Old karnay tuynugi esa ekrandan yuqoriga, plastik rom va ekran shishasi kesishgan joyga, o‘rnatilgan. Bildirishnomalar uchun LED chirog‘i mavjud emas.

Yon tomondagi romlar qayrilgan va faqat plastikdan ishlangan. Romlar yarqiramaydigan («matovoye») sayqalga ega bo‘lgani bois smartfon qo‘ldan sirpanib ketmaydi (ayniqsa, yurib ketayotib rasm olayotganingizda yoki video ko‘rayotganingizda).

Chap tomonda ikkita SIM karta va bitta microSD karta uchun uchta uya; o‘ng tomonda ovoz balandligi nazorati va quvvat tugmalari; pastda USB-C port, karnay, 3.5 mm audio jek va mikrofon joylashgan.

Orqa panel ham plastikdan ishlangan, ammo plastik ustidan bir necha qavat bo‘yoq qoplangani bois panel yaltirab turadi. Korpus barmoq izi yoki dog‘ tegmaganda juda chiroyli ko‘rinadi, (tushgan nur va atrof yorug‘ligiga qarab) ko‘k-qirmizi-yashil ranglar gradiant tus aks ettiradi. Agar korpus har doim mana shunday chiroyli bo‘lib turishini xohlasangiz, qurilmangizni tez-tez tozalab turishingizga to‘g‘ri keladi.

To‘rt kamerali modul va LED chirog‘i orqa chap tomonga o‘rnatilib, korpusning qolgan maydonidan qora to‘rtburchak bilan ajratilgan. Modul korpusdan faqat biroz bo‘rtib chiqqan. Telefonni stol ustiga qo‘ysangiz, unchalik ko‘p tebranmaydi.

Bu to‘rtburchak ichini 48MP asosiy, 8MP ultrakeng burchakli, 2MP makro va 2MP sath kameralari band qilgan. Yon tomonda LED chirog‘i bor.

Ishlab chiqaruvchi barmoq izi skanerini ham orqa panelga qo‘ygan. Bu datchik har doim yoniq turadi hamda o‘zining aniq va tez ishlashi bilan kishini lol qoldiradi.

Galaxy A21s kichkina smartfon emas. 6.5" ekrani bilan kichkina ham bo‘la olmaydi. Qurilma anchayin ingichka va ishlatishga qulay, ayniqsa, One UI'dagi bir qo‘llik boshqaruv borasida qilingan eng so‘nggi o‘zgarishlardan so‘ng. Qahramonimiz qo‘lga yaxshi o‘rnashadi, sirpanib ketishidan xavotirlanishga hojat yo‘q.

Ammo smartfon suvdan himoyalanmagan. Suvni qaytaradigan hech qanday qoplama yoki portlar atrofida biror-bir rezina himoyalagich yo‘q. Samsung'ning raqiblari arzon smartfonlarini ham suvdan ma’lum bir usullar bilan himoyalashga o‘ta boshlagan. Umid qilib qolamizki, koreyalik kompaniya ham kelasi byudjet modellarida buni inobatga oladi.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9 Pro (2-qism)

Xulosa

8балл

Umumiy baho

Qaerdan sotib olish mumkin?

Asaxiy (32GB) 1 943 000 сўм Sotib olish
Olcha (32GB) 1 948 000 сўм Sotib olish
Radius (32GB) 1 999 000 сўм Sotib olish
Openshop (32GB) 2 040 000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

  • Kichik tirqishli katta va keng ekran
  • Aʼlo darajadagi akkumulyator avtonomligi
  • Eng soʻnggi Android va One UI
  • Toifasi uchun yuqori darajadagi tasvir va video sifati
  • NFC

 Kamchiligi

  • Protsessor samaradorligi inadekvat
  • Ekrandagi ranglar tiniq emas
  • Selfilar sifati talab darajasida emas
  • Biroz sekin quvvat oladi