TeraTavsif: Samsung Galaxy A71 (1-qism)

TeraTavsif: Samsung Galaxy A71 (1-qism)

TeraTavsifning navbatdagi qahramoni — Samsung Galaxy A71 smartfoni. Uch qismdan iborat tavsifimizning ushbu qismida smartfon bilan yaqindan tanishib, uning texnik jihatlari, qadoq tarkibi va dizaynini ko‘zdan kechiramiz.

Tavsifning keyingi qismlari e’lon qilinishi bilan ularni bu yerdan o‘qishingiz mumkin bo‘ladi.

Tanishuv
Samsung'ning o‘rta toifa smartfonlari lineykasi Galaxy A51 va A71 smartfonlari bilan haqiqiy o‘zgarishga yuz tuta boshladi. Quyida tavsifini qilishni rejalashtirgan smartfonimiz ushbu oilaning yuqoriroq sinfiga mansub.

Galaxy A71 Galaxy A70'ning yangilangan talqini ekanligidan yaxshi xabardorsiz. Qahramonimiz A70'dan ekrandagi tirqishi kichikroq ekani, yangi chipga egaligi, kattaroq rezolyutsiyaga ega kameralari hamda yangiroq Android va OneUI interfeyslari bilan ajralib turadi.

Vaholanki, Galaxy A smartfonlari hali ham shisha/plastik qorishmasidan iborat korpusga ega, suvdan himoya esa mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, A71 kattagina, ya’ni 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator va tezkor quvvatlash imkoniyatiga egaligi yaxshi yangilik.

O‘rta toifa smartfonlari orasida Snapdragon 730 chipi rosa ommalashdi, Galaxy A71'ga ham aynan shu mikrosxema o‘rnatilgan. Ushbu SoC bilan o‘yinlarni bemalol o‘ynashingiz mumkin. Kameralarga to‘xtalib o‘tsak, bizning smartfon 64MPlik asosiy kameraga ega. Bunga qo‘shimcha, qahramonimizning makro kamerasi ham bor.

Samsung Galaxy A71'ning texnik jihatlari

> Korpus: shishadan ishlangan old panel (Gorilla Glass 3), polikarbonatdan ishlangan orqa panel va rom;
> Displey: 6.7 dyuymlik Super AMOLED, 20:9, FHD+ (1080x2400 piksel), 393 piksel/dyuym zichlik;
> Orqa kamera: •Asosiy: 64MP, 1/1.7" datchik hajmi, 0.8µm piksel hajmi, 26 mm ga teng fokus uzunligi, f/1.8 apertura. •Ultrakeng: 12MP, 1.12µm, 13 mm, f/2.2. •Makro: 5MP, 25 mm, f/2.4. •Sath kamerasi: 5MP, 1/5", 1.12µm, f/2.2. LED chiroq; 2160p@30 kadr/sek. video yozuv;
> Old kamera: 32MP, 1/2.8", 0.8µm, 26 mm, f/2.0. 1080p@30 kadr/sek. video yozuv;
> Chip: Snapdragon 730: sakkiz yadroli CPU (2x2.2 GHz Kryo 470 Gold & 6x1.8 GHz Kryo 470 Silver), Adreno 618 grafik protsessori;
> Xotira: 6/128GB yoki 8/128GB; UFS 2.1; 1TBgacha sig‘imli microSD karta uchun slot;
> OT: Android 10; Samsung OneUI 2.0;
> Akkumulyator: 4,500 mAs, 25 vattda zaryadlash;
> Aloqa: qo‘sh-SIM (4G), Bluetooth 5.0, Wi-Fi a/b/g/n/ac, USB-C; 3.5 mm audio jek;
> Boshqa: ekranosti barmoq izi skaneri, yakka karnay.

AMOLED ekranidagi tirqishning kichiklashtirilganiga taqsin aytamiz, biroq displey HDR10 sertifikatiga ham ega bo‘lganida nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Snadragon 730 o‘rniga 730G qo‘yilsa, yomon bo‘lmasdi. Avtofokusga ega bo‘lmagan makro kameraning esa keragi yo‘q.

Keling, endi Galaxy A71'ni qadoqdan ochib ko‘ramiz.

Qadoq tarkibi

Galaxy A71 qozog‘dan ishlangan kichik qutida sotiladi. Qadoq ichida smartfondan tashqari 25 vattlik zaryadchik-adapter, SIM karta chiqargich, har ikki tomoni USB-C tipidagi kabel va bir juft vakuumli Samsung quloqchini bor.

O‘QING: Samsung Galaxy A51'ning to‘liq tavsifi bilan tanishamiz

Dizayni
Katta ekran va ingichka korpusga ega smartfon. Ha, bu Samsung Galaxy A71 dizaynining qisqacha tavsifi. Qahramonimiz ekrani hozirda mavjud Samsung smartfonlari orasida eng kattalaridan. Selfi kamera tirqishi esa anchayin kichkina.

Galaxy A71 shisha va plastik aralashmasidan iborat bo‘lib, bir qarashda korpus faqat shishadan tayyorlanganga o‘xshaydi. 6.7 dyuymlik Super AMOLED displeyni Gorilla Glass 3 shishasi himoyalab turadi. Qurilmaning ingichka romlari hamda orqa korpusi esa nafis sayqallangan plastikdan ishlangan.

Qahramonimizning AMOLED paneli Galaxy A70'dagi bilan bir xil bo‘lishi kerak. 6.7" diagonalga ega displey kengaytirilgan 1080p rezolyutsiya hamda nisbatan yoysimon shaklidagi burchaklarga ega. 32MPlik old kamera uchun tomchi kamera dizayni emas, balki aylanasimon kameradan foydalanilgan.

Gorilla Glass 3 shishasi deyarli to‘lig‘icha yassi shaklga ega, biroq ekran chetlari sezilar-sezilmas darajada biroz qayrilgan va bu smartfon qo‘lga botmasligini ta’minlaydi. Atrof yorug‘ligi datchigi ekran ostiga o‘rnatilgan. Ikkilamchi karnay esa ekran va rom kesishgan joyga, juda ingichka qilib o‘rnatilganidan, bir qarashda ko‘zga deyarli ko‘rinmaydi.

Old panelda bildirishnomalar uchun LED chiroq mavjud emas. Doim yoniq ekran funksiyasi mavjud. Bu funksiya yoqilganida esa, albatta, akkumulyator sarfi oshadi.

Ekran ostiga o‘rnatilgan optik barmoq izi skaneri esa sizning ma’lumotlaringiz xavfsizligiga javobgar. Biroq bu datchik o‘ta tez va o‘ta aniq ishlaydi, deb ayta olmaymiz.

Orqa panelda esa hozirda urfda bo‘lgan dizayn elementlariga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Kamera ham esdan chiqmasin. Apple o‘zining iPhone 11 smartfonlarida kameralarni asimmetrik joylashtirishni boshlagani Samsung‘ga ham yoqib tushdi va bu dizaynni deyarli barcha smartfonlariga tatbiq qilishga qaror qildi.

Demak, ushbu tavsifimizda ishlatayotgan smartfonimiz rangi Prism Crush Black deb nomlanadi. Orqa panel, yuqorida ta’kidlanganidek, shishaga o‘xshaydi, xuddi shishadek jilovlanadi — bir qarashda ko‘rgan odam uni shisha deb o‘ylaydi. Korpusga nur tushishi bilan panel xuddi kamalakdek serjilo tusga kiradi. Bu, albatta, yoqimli.

Kameralarga to‘xtalsak, Samsung bu smartfonini to‘rtta kamera bilan jihozlagan: asosiy, ultrakeng, makro va sath kameralari. Kameralar qora modul ichiga joylangan. LED chiroq ham bor. Kamera moduli korpusdan biroz bo‘rtib chiqqan. Bu modul metalldan ishlangan bo‘lib, kichik alyuminiy rom kameralar ustidan qoplangan shishani ushlab turadi.

Anchayin ingichka Galaxy A71 yaltiroq plastik romdan iborat. Smartfon korpusi o‘ta sayqallangan bo‘lishiga qaramay, qo‘lda ushlashga oson. Qurilmaning chap romida uchta slotli uya bor: ikkitasi SIM karta uchun, bittasi tashqi xotira kartasi uchun. Yon tomonda bo‘lsa ovoz nazorati va quvvat tugmalari o‘rin olgan. Pastda audio jek, USB-C porti, mikrofon va dinamik joylashgan.

Hajman katta smartfon bo‘lsa-da, Galaxy A71 anchayin ingichka va hozirgi standartlar bo‘yicha yengil qurilma hisoblanadi. Qahramonimiz 7 mm qalinlikka ega va 179 gramm tosh bosadi. Bu esa hatto A70'dan ham ingichka va yengilroq.

Smartfonni qo‘lda ushlash va ishlatish kishiga zavq beradi. Romlar ergonomikasi sababli smartfon qo‘lingizdan sirpanib tushib ketmaydi. Ingichkaligi uchun cho‘ntagingizga bemalol o‘rnashadi va, xoh ishoning, xoh ishonmang, bir qo‘lda ishlatishga qulay. Suv va changdan himoyalanmaganini hisobga olmasa, A71 yaxshi dizaynga ega, chiroyli va kishini o‘ziga qarata oladigan smartfondir.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (1-qism)

Xulosa

PhoneArena

8.6балл

«Galaxy A71 Samsung'ning flagman smartfonlarida mavjud aksariyat yaxshi xususiyatlarni arzonroq narxda taqdim etadi. Eng yuqori darajadagi funksiya va texnik jihatlar o‘ta muhim bo‘lmasa, bu ko‘pchilik uchun eng maqbul Android smartfon bo‘la oladi. Sababi bu qurilma aksariyat talabchan Android foydalanuvchilarining deyarli barcha talablariga javob beradi. Smartfon yaxshi darajadagi unumdorlik, quvvati uzoqqa yetadigan akkumulyator, bir qator kamera opsiyalari va hatto quloqchin uchun jekka ham ega. Biroq uning kamchiliklari qatorida orqa panelning plastikdan ishlangani, dinamik sifati o‘rtacha darajada ekani hamda ekranning tomonlar nisbati uzunchoqligini sanab o‘tish mumkin».

DIZAYN

DISPLEY

KAMERA

FUNKSIYAVIYLIK

ALOQA

FOYDALANISHGA QULAYLIGI

UNUMDORLIK

AKKUMULYATOR

Qaerdan sotib olish mumkin?

Radius 4,628,000 so‘m Sotib olish
Mediapark 4,926,000 so‘m Sotib olish
Asaxiy 4,935,000 so‘m Sotib olish
Glotr 4,956,000 so‘m Sotib olish

 Afzalligi

  • Galaxy A71 ingichka va chiroyli dizaynga ega smartfon
  • Multimedia tomosha qilish va o‘yin o‘ynashda 6.7 dyuymlik AMOLED displey juda qo‘l keladi
  • Snapdragon 730 chipi anchayin samarador ishlaydi
  • Akkumulyator avtonomligi a'lo darajada
  • Kameralar sifatli tasvir va video olish imkoniga ega
  • Android 10 va OneUI 2

 Kamchiligi

  • Ekran HDR10'ga ega emas
  • Makro kamera sifati talab darajasida emas
  • Suvga chidamlilikning IP darajasi mavjud emas
Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!