TeraTavsif: Samsung Galaxy A72

TeraTavsif: Samsung Galaxy A72

O‘tgan yilgi Galaxy A71 qurilmasi A seriyasining eng yaxshi smartfonlaridan biri bo‘lgan. Galaxy A71 smartfonining eng katta yutug‘i bu — Galaxy A51'ga qaraganda texnik ko‘rsatkichlari yaxshiroq edi. Misol uchun, Galaxy A71 qurilmasi A51'ga qaraganda yuqori rezolyutsiyali kamera, kattaroq displey, kuchliroq chipga ega ekanligi edi.

O‘QING: TeraTavsif: Samsung Galaxy A52 5G

2021 yilda esa Galaxy A52 avvalgi avlodga qaraganda anchagina takomillashgan. Buning misoli deb 90Hz AMOLED displeyi, Snapdragon 720G chipi, 64MP asosiy kamera, 25 vatt tezkor quvvatlanish imkoniyatini aytish mumkin.

Foto: GSMArena

Galaxy A72'ning texnik jihatlari, jumladan, uning chipi Galaxy A52 bilan bir xil. Shunday bo‘lsa-da, Galaxy A72 smartfoniga kattaroq bo‘lgan 6.7 dyuymli displey, kattaroq hajmdagi 5,000 mAs akkumulyator hamda Galaxy A52'da mavjud bo‘lmagan telefoto kamera o‘rnatilgan.

Foto: GSMArena

Galaxy A52'dan farqli ravishda, A72'ning 5G talqini hali sotuvga chiqmagan.

O‘tgan yilgi Galaxy A71 bilan taqqoslaganda, A72 smartfonini anchagina takomillashganini ko‘rish mumkin. Keling, yaxshisi smartfon bilan yaqindan tanishib chiqamiz.

Dizayn va displey

Galaxy A72'ning dizayni oldingi avlodlarnikidan biroz farq qiladi. Qurilma orqa paneli odatdagidek plastikdan ishlangan. Biroq panel matoviy qoplamaga ega bo‘lib, barmoq izlarini o‘zida ushlab qolmaydi.

Foto: GSMArena

Orqa paneldagi kameralar moduli Galaxy S21 seriyasidagi kameralar moduliga juda o‘xshash.

Foto: GSMArena

Ovozni sozlash hamda quvvat tugmasi qurilmaning o‘ng romida, SIM karta uyasi esa yuqori romda, 3.5 mm audio jek, asosiy karnay hamda USB-C porti pastki romda joylashgan.

Foto: GSMArena
Foto: GSMArena

Qurilma ikkita SIM kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ikkinchi SIM karta o‘rnidan microSD uchun uya sifatida ham foydalanish mumkin.

Smartfonning og‘irligi 203 grammni tashkil qiladi.

Umumiy olganda, Galaxy A72 dizayni juda chiroyli. Uni Galaxy A52'ning kattaroq talqini desak ham bo‘ladi. A72 matoviy qoplamaga egaligi, uning dizaynini Galaxy A70 hamda A71 smartfonlaridan ajratib turadi. Agar sizga gradiyent ranglar yoqmasa, Galaxy A72 aynan siz uchun yaxshi tanlovdir.

Smartfondagi eng katta o‘zgarish deb 90Hz ekran yangilanish chastotasida ishlovchi AMOLED displeyini aytish mumkin. Samsung doimo A seriya smartfonlariga sifatli AMOLED displeylarini o‘rnatadi. Agar hozirgi smartfoningiz 60Hz ekran yangilanish chastotasida ishlasa, 90Hz chastotaga o‘tsangiz ushbu o‘zgarishni darhol sezasiz.

Galaxy A72'ga 6.7 dyuymli displey o‘rnatilgan bo‘lib, uning rezolyutsiyasi FHD+ (2400 x 1080) ni tashkil qiladi. Maksimal yorqinlik esa 800 nitni tashkil qiladi. Qurilmada ikki xil: Vivid va Natural ranglar rejimi mavjud. Displey Gorilla Glass 5 shishasi bilan himoyalangan. Displeyning yuqori o‘rta qismida yumaloq kichiq tirqishli selfi kamera joylashgan.

Foto: GSMArena
Foto: GSMArena

 

Unumdorlik va akkumulyator

O‘tgan yilgi Galaxy A71 smartfoni Qualcomm Snapdragon 730G chipida ishlar edi. Bu yilgi A72 esa Snapdragon 720G chipida ishlaydi. Buni kamchilik desa bo‘ladi. Biroq ikkala chipning unumdorlgi o‘rtasidagi farq unchalik sezilmaydi.

Texnik ko‘rsatkichlar:

> Operatsion tizim: Android 11, OneUI 3.1

> Displey: 6.7 dyuymli AMOLED displeyi, 90Hz ekran yangilanish chastotasi, 1080x2400 rezolyutsiya

> Chipset: Snapdragon 720G, Adreno 618

> Xotira: 6/128GB, 6/256GB, 8/256GB

> Kamera: 64MP ƒ/1.8 (asosiy), 12MP ƒ/2.2 (ultrakeng), 8MP ƒ/2.4 (telefoto), 5MP ƒ/2.4 (makro)

> Selfi kamera: 32MP ƒ/2.2

> Akkumulyator: 5,000 mAs, 25 vatt tezkor quvvatlanish imkoniyati

> O‘lcham: 165 x 77.4 x 8.4 mm

> Og‘irligi: 203 gramm

> Ranglar: Awesome Blue, Awesome Black, Awesome White, Awesome Violet

O‘QING: TeraTavsif: Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (1-qism)

Kunlik foydalanishda smartfon qotishlarsiz ishlaydi. Agar yuqori unumdorlikni talab qiluvchi o‘yinlar o‘ynalsa, smartfon biroz sekinroq ishlashi mumkin. Agar siz ushbu turdagi o‘yinlarni o‘ynasangiz, kuchliroq chipsetga ega bo‘lgan smartfonni xarid qilishingiz kerak.

Smartfondagi barmoq izi skaneri ekran ostida joylashgan. Skaner biroz sekin ishlaydi. Shuningdek, barmoq izini o‘rnatish ham ko‘p vaqt oladi. Qurilmani Face ID orqali ham blokdan chiqarish mumkin.

Foto: GSMArena

Galaxy A72 suv va changdan himoyalaydigan IP67 standartiga ega. Smartfon bir metrlik chuqurlikda yarim soatgacha suv o‘tkazmaydi.

Qurilmaning akkumulyator sig‘imi 5,000 mAs ni tashkil qiladi. Akkumulyator avtonomligi esa ajoyib darajada. Hatto 90Hz ekran yangilanish chastotasida ham smartfon quvvati bir kundan ortiq vaqtgacha yetadi. Smartfon 25 vattda zaryad oladi. Galaxy A72 50% quvvatlanish uchun 35 daqiqa, to‘liq quvvatlanish uchun esa 90 daqiqa vaqt sarflaydi. Afsuski, qurilmada simsiz quvvatlanish imkoniyati mavjud emas.

Foto: GSMArena

Kamera

Galaxy A52 singari A72'ga ham 64MP asosiy kamera, 12MP ultrakeng kamera hamda 5MP makro kamera o‘rnatilgan. A52'dan farqli o‘laroq, A72'ga 3x optik 30x gibrid zumni qo‘llab-quvvatlovchi telefoto kamera o‘rnatilgan.

Video yozuv haqida so‘z borsa, afsuski, Galaxy A72 4K 60 kadr/sekund formatda video olishga qodir emas. Ushbu ko‘rsatgich 4K 30 kadr/sekund bilan cheklangan. Biroq 1080p 60 kadr/sekund formatda video olish imkoniyati mavjud. Kamera interfeysi esa o‘zgarishsiz qolgan. Barcha rejimlar o‘tgan yilgi Galaxy A71 smartfonida bo‘lgani bilan bir xil.

Kunduzgi vaqtda A72 ajoyib suratlarni olishga qodir. Suratlarda ranglar aniq, dinamik diapazon yaxshi darajada. Telefoto kamera ham 3x zumda tasvir sifatini saqlagan holatda suratga oladi. Hatto 10x gibrid zumda ham yaxshi suratlarni olish mumkin.

...

Tungi vaqtda esa smartfonda olingan suratlarda shovqin kamroq. Biroq surat yetarli darajada yoritilmaganligi sabab, suratdagi bazi ob’yektlar yaxshi ko‘rinmaydi.

...

Dasturiy ta’minot

Galaxy S21 seriyasi kabi A72 ham  OneUI 3.1 grafik qobig‘ida ishlaydi. Samsung smartfonning uch yillik Android tizim yangilanishi hamda to‘rt yillik xavfsizlik patch yangilanishini kafolatlaydi.

OneUI 3.1 o‘tgan yilgi OneUI 2.1 tizimidan katta farq qilmasa-da, yangi tizimga bir nechta yangi funksiyalar qo‘shilgan.

Foto: GSMArena

Muqobillar

Galaxy A72'ning texnik jihatlari deyarli Galaxy A52 bilan bir xil. Ikkala smartfon ham 90Hz AMOLED displeyi, Snapdragon 720G, 64MP asosiy kamera, 32MP selfi kamera, hamda 25 vatt tezkor quvvatlanish imkoniyatiga ega. Farq qiluvchi tomonlari esa Galaxy A72 kattaroq displey, kattaroq hajmdagi akkumulyator hamda telefoto kameraga ega. Agar ushbu ko‘rsatkichlar 100 dollarga arzisa Galaxy A72'ni tanlashingiz mumkin. Agar buni aksi bo‘lsa, A52 tanlovini amalga oshirish mumkin.

Galaxy A72'ga muqobil deb Redmi Note 10 Pro smartfonini ham aytish mumkin. Uning narxi A72'dan ko‘ra arzonroq. Biroq Redmi Note 10 Pro 120Hz AMOLED displeyi hamda 108MP asosiy kameraga ega. Akkumulyator sig‘imi esa deyarli Galaxy A72'niki bilan bir xil - 5,020 mAs.

Galaxy A72'ga yana bir muqobil variant deb OnePlus Nord'ni aytish mumkin. Uning narxi taxminan 470 dollar atrofida. Ushbu narxga esa 90Hz AMOLED displey, Snapdragon 765G, 5G aloqasi hamda 30 vatt tezkor quvvatlanish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Google Pixel 4a 5G ham A72'ga yaxshi muqobil variant. Qurilma 90Hz displey, Snapdragon 765G chipi hamda sifatli kamralarga ega.

...

Xulosa

NOTEBOOKCHECK

9.1балл

«Samsung оммабоп бўлган ўрта тоифадаги смартфонини янгилади. Galaxy A72 олдинги авлодига қараганда кучлироқ техник жиҳатлар, жумладан, A72 каттароқ ҳажмли аккумулятор ҳамда яхшироқ камераларга эга».

Дизайн

Дисплей

Камера

Функциявийлик

Aлоқа

Унумдорлик

Aккумулятор

Qaerdan sotib olish mumkin?

Texnomart.uz 4 899 000 сўм Sotib olish
Olcha.uz 5 564 000 сўм Sotib olish
Openshop.uz 5 136 000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

  • Aжойиб дизайн ҳамда IP67 стандарти
  • 90Hz AMOLED дисплейи
  • Стерео карнай
  • Барча камераларда 4K форматда видеога олиш мумкин
  • 3х телефото камера

 Kamchiligi

  • Бармоқ изи сканери секин ишлайди
  • Дисплей HDR видео имкониятини қўллаб-қувватламайди
  • 4К видео форматда стабилизация мавжуд емас
  • Snapdragon 720G'дан кучлироқ чип ўрнатса бўлар еди