TeraTavsif: Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (1-qism)

TeraTavsif: Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (1-qism)

Bu yil Galaxy S21 smartfonlari kutilganidan ko‘ra ertaroq taqdim qilindi va modellar ko‘plab o‘zgarishlarga ega bo‘ldi. Galaxy S21 va S21+ flagmanlari pastroq rezolyusiyali OLED panelga ega, microSD sloti va qadoq ichida quvvatlagich mavjud emas.

O‘QING: Samsung Galaxy S21'ning texnik jihatlari bilan tanishamiz

Ayni damda, Galaxy S21 Ultra qurilmasi Ultra smartfon qanday bo‘lishi kerakligining yorqin namunasidir. Smartfon yuqori darajadagi texnik jihatlarga ega, hech qanday ta’bni xira qiladigan tomoni yo‘q. Lekin baribir zaryadchikni tekinga olmaysiz.

Ilk Ultra smartfoni — Galaxy S20 Ultra o‘z davrining eng qudratli Galaxy'si bo‘lishi ko‘zlangan edi, lekin, afsuski, bunday bo‘lmadi. Qurilmada 120Hz yangilanish chastotasidan zavqlanishingiz mumkin, lekin ekran rezolyusiyasi 1080p xolos. Samsung reklamada S20 Ultra'ning telefoto kamerasi 5x deb aytgandi, lekin aslida 4x bo‘lib chiqdi. Space Zoom haqida gapirmay ham qo‘ya qolaylik. Ultrakeng burchakli kamera sensori a’lo darajada edi, lekin avtofokus mavjud emasligi bois bu linza bilan makro tasvirlar olish imkoni yo‘q edi. Akkumulyator sig‘imi katta edi, lekin avtonomlik maqtashga arzirli emasdi. Va hokazo, va hokazo.

Ta’kidlash kerakki, Galaxy S21 Ultra'da yuqoridagi kamchiliklarning barchasi bartaraf etilgan. Flagman 1440p ekran va 120Hz adaptiv yangilanish chastotasiga ega. Smartfonda ikkita (3x va 10x optik zum) maxsus telefoto kamera bor. Ultrakeng kamera avtofokusga ega va makro suratlar olish imkonini beradi. Yangi Ultra, shuningdek, S Pen stilusini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ha, ha, Galaxy S21 Ultra'ni S Pen ruchkasi bilan ishlatsa bo‘ladi. Bu bilan S21 Ultra stilusda ishlovchi Galaxy Note bo‘lmagan ilk Samsung smartfoni sifatida tarix kitoblaridan joy oldi.

Smartfonda S Pen uchun maxsus uya yo‘q. Qadoq ichidan ruchkani qidirib ham o‘tirmang. S21 Ultra'ni istalgan S Pen bilan yoki yaqinda taqdim qilinajak S Pen Pro bilan ishlatish mumkin. Bundan tashqari, Samsung uchinchi tomon kompaniyalariga S Pen ishlab chiqarishga ruxsat ham bergan. Bu esa oldingizdagi tanlovlar anchagina ko‘p bo‘lishini bildiradi. Ruchkani cho‘ntagingizda olib yurishingiz yoki ruchka uyasiga ega chexol (g‘ilof) sotib olsangiz ham mumkin.

Oldingi avlod S modellaridan farqli o‘laroq, Galaxy S21 Ultra o‘z oilasining 1440p OLED panelga ega yagona vakilidir. Devays, shuningdek, 1440p rezolyusiyada 120Hz chastotadan foydalanish imkonini ham beradi, demak, endi rezolyusiya yoki chastotadan birini tanlash shart emas. Yangi Ultra Adaptiv yangilanish chastotasiga ham ega bo‘lib, ekranning yangilanishi 10Hz — 120Hz orasida bo‘ladi, xuddi Note20 Ultra'da bo‘lgani kabi.

Eng so‘nggi Galaxy eng so‘nggi chipset bilan jihozlangan. Barcha global versiya modellar Exynos 2100 SoC'da ishlasa, AQSh va Xitoydagi qurilmalar Snapdragon 888 bilan ta’minlangan. Operativ xotira 12GB, cheklangan miqdorda 16GBlik talqin ham bor.

Kamera borasida ham ijobiy o‘zgarishlar qilingan. Asosiy keng kameralar deyarli o‘zgarmagan — 108MP, f/1.8, 26 mm va 12MP, f/2.2, 13 mm. Ultrakeng kamera avtofokusga ham ega. Zum tizimi hozirda butunlay yaxshilangan. Ushbu tizim tarkibiga ikkita 10MP kamera kiradi, ularning birinchisi 3x, ikkinchisi esa 10x optik zumga xizmat qiladi. Bu kameralar 240 mm periskop linzasi yordamida ishlaydi.

E’tiborga molik boshqa yuqori jihatlar qatoriga avtofokusli 40MP selfi kamera, stereo karnaylar, Wi-Fi 6e, 5G aloqasi, ultrakeng palosada qisqa masofali aloqa, tezkor simli va simsiz quvvatlash, 5,000 mAs akkumulyator kiradi.

Lekin Samsung hashamatli qadoqlar va «unboxing» amaliyotini xushlovchilarni xafa qildi. Apple va Xiaomi kabi Samsung ham qadoq ichidan zaryadchik va quloqchinlarni olib tashladi. Galaxy S21 qadog‘i tarkibida smartfon va kabel bor xolos. Keling, endi texnik jihatlar bilan tanishib chiqamiz.

Samsung Galaxy S21 Ultra 5G'ning texnik jihatlari:

> Korpus: 165.1x75.6x8.9 mm, 227 g; old va orqa panellar shishadan (Gorilla Glass Victus), rom alyuminiydan ishlangan; chang va suvdan himoyaning IP68 darajasi (1.5 m da 30 daqiqagacha), stilus qo‘llab-quvvatlanilishi.

> Displey: 6.80" Dynamic AMOLED 2x, 120Hz, HDR10+, 1500 nit (maks.), 1440x3200p rezolyusiya, 20:9 forma faktori, 515 piksel/dyuym zichlik; Always-on display.

> Chipset: Exynos 2100 (5 nm) - Global versiya, Qualcomm SM8350 Snapdragon 888 (5 nm) - AQSh/Xitoy: sakkiz yadroli (1x2.9 GHz Cortex-X1 & 3x2.80 GHz Cortex-A78 & 4x2.2 GHz Cortex-A55) - Global versiya, sakkiz yadroli (1x2.84 GHz Kryo 680 & 3x2.42 GHz Kryo 680 & 4x1.80 GHz Kryo 680 - AQSh/Xitoy; Mali-G78 MP14 - Global versiya, Adreno 660 - AQSh/Xitoy.

> Xotira: 128/12GB, 256/12GB, 512/16GB; UFS 3.1.

> OT/Dasturiy ta’minot: Android 11, One UI 3.1.

> Orqa kamera: •Keng (asosiy): 108 MP, f/1.8, 24 mm, 1/1.33", 0.8µm, PDAF, lazerli avtofokus, OIS; •Ultrakeng: 12 MP, f/2.2, 13 mm, 1/2.55", 1.4µm, qo‘sh-piksel PDAF, Super Steady video; •Telefoto: 10 MP, f/2.4, 70 mm, 1/3.24“, 1.22µm, qo‘sh-piksel PDAF, OIS, 3x optik zum; •Telefoto: 10 MP, f/4.9, 240 mm, 1/3.24“, 1.22µm, qo‘sh-piksel PDAF, OIS, 10x optik zum.

> Old kamera: 40 MP, f/2.2, 26 mm (keng), 1/2.8", 0.7µm, PDAF.

> Video yozuv: •Orqa kamera: 8K@24 kadr/sek., 4K@30/60 kadr/sek., 1080p@30/60/240 kadr/sek., 720p@960 kadr/sek., HDR10+, stereo tovush yoz., giro-EIS; •Old kamera: 4K@30/60 kadr/sek., 1080p@30 kadr/sek.

> Akkumulyator: 5000 mAs; 25 Vt da tezkor quvvatlash, USB Power Delivery 3.0, 15 Vt da Qi/PMA tezkor simsiz quvvatlash, 5.5 Vt da simsiz teskari quvvatlash.

> Boshqa: barmoq izi skaneri (ekran ostida, ultratovushli); NFC; FM radio (faqat Snapdragon modelida); Samsung DeX, Samsung Wireless DeX (desktop amaliyoti qo‘llab-quvvatlanishi), Samsung Pay (Visa, MasterCard), ANT+, Bixby ovozli buyruqlari, Ultrakeng palosa (UWB) qo‘llab-quvvatlanilishi.

Note10'da audio jek olib tashlangandi, Galaxy S21'larda esa microSD slotidan voz kechishdi. Buni qoplash uchun Samsung 128GB va 256GBlik modellar narx o‘rtasidagi tafovutni qisqartirgan — €50.

Qadoq ichidan ham olib tashlangan komponentlar bor.

Qadoq tarkibi
Qaytar dunyo deganlari bor gap. Oktyabrda Samsung iPhone'larni zaryadchiksiz sotayotgani bois Apple'ning ustidan kulgandi, lekin oradan ikki oy o‘tib, bu masxaraomuz postlar tarmoqdan o‘chirib tashlandi. Nega deysizmi? Chunki Samsung'ning o‘zi ham yangi flagmanlari qadog‘i tarkibidan zaryadchiklarni olib tashlayotgandi.

Samsung bunday qiliqlarni oldin ham qilgan. Esingizdami? Apple audio jekni olib tashlagani masxaralangan postlar Galaxy Note10 taqdimotidan oldin to‘satdan g‘oyib bo‘lgandi. Shunday qilib, Galaxy S21 Ultra zaryadchik va quloqchinlarsiz sotilayotgan ilk Samsung smartfoni bo‘ldi. Koreyslar ham Apple va Xiaomi'ga qo‘shilib, tabiatni asrashga kirishdi. Lekin bu sizdan kichik qurbonlik talab qiladi. Agar USB-C zaryadchigingiz bo‘lmasa, bitta sotib olib, uni ko‘p yillar avaylab ishlatishingiz kerak.

Ingichka hajmli Galaxy S21 Ultra qutisi o‘zining tor bag‘riga USB-C-2-USB-C kabeli va smartfonni sig‘dirgan. Bori shu!

Agar O‘zbekistonda turib Galaxy S21'larga oldindan buyurtma bersangiz, Samsung Uzbekistan sizga Galaxy Buds Live va SmartTag gadjetlarini tekinga beradi.

Samsung Galaxy S21 Ultra'ga zavodda juda yupqa ekran protektori qoplangan. Protektor plastikdan ishlangan va ekranni tirnalishlardan himoyalab turadi.

O‘QING: 108 MPlik Galaxy S21 Ultra hamda 12 MPlik iPhone 12 Pro Max kamera jangi (video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!