TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (2-qism)

TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (2-qism)

Xiaomi Mi Note 10 Lite'ga bag‘ishlangan olti qismdan iborat tavsifimizning ikkinchi qismiga xush kelibsiz. TeraTavsifning boshqa qismlari bilan bu yerda tanishing.

Quyida smartfonning dizayniga to‘xtalib o‘tamiz.

Mi Note 10 Lite smartfoni o‘rta toifaning yuqori sinfiga mansub modellarga xos klassik uslubda ishlangan. Qurilma yon tomonlari alyuminiydan, old va orqa tomoni esa shisha paneldan ishlangan. Romlar yarqiroq sayqalga ega. Old va orqadagi shishalar Corning kompaniyasining Gorilla Glass 5 shishasidir.

Old tomonidan qaralganda, Lite modeli Mi Note 10'ning ayni nusxasi ekanini ko‘rish mumkin. Har ikki devays bir xil — 6,47 dyuymli chiroyli AMOLED displeyga ega. Ekran yon tomonlari biroz qayrilgan. Selfi kamera uchun «U» shaklidagi tirqish ochilgan. Tirqishdan yuqoriga esa ikkilmachi karnay (dinamik) o‘rnatilgan.

Panelning har ikki yon va yuqori tomonlaridagi hoshiyalar bir xil darajada ingichka, lekin ekran quyisidagi hoshiya nisbatan qalinroq. Biroq, umuman olganda, hoshiya qalinligini flagman modellarga mos darajada ingichka deyish mumkin.

Displey ostida esa biometrik autentifikatsiya uchun optik barmoq izi skaneri joylashgan. Datchik tez ishlaydi. Barmog‘ingizni ekranga tekkizishingiz bilan qulf ekrani ochiladi, ammo skanerni uzoqroq vaqt bosib tursangiz, tezkor funksiyalar jamlanmasi ochiladi.

Romlar ham Mi Note 10'dagi bilan bir xil. Hech narsa o‘z joyidan siljimagan. Quvvat va ovoz nazorati tugmalari o‘ng tomonga, bosh yoki ko‘rsatkich barmoq bilan ortiqcha harakatlarsiz foydalansa bo‘ladigan qilib, joylangan. O‘ng tomon pastki qismida esa ikkita nano-SIM karta uchun slot bor; afsuski, bu yerda microSD kartaga o‘rin yo‘q. Smartfonning chap tomonida esa hech narsa mavjud emas.

Qahramonimizning pastki tomonini esa o‘rtadan USB-C porti, chap tomondan dinamik va asosiy mikrofon, o‘ng tomondan esa 3.5 mm audio jek uy qilgan. Ushbu portlar bir chiziq bo‘ylab tekis joylanmagan va bu ba’zilarga qiyinchilik tug‘dirishi yoki yoqmasligi mumkin.

Qurilmamizning «bosh» qismida esa ikkinchi mikrofon va pult uchun infraqizil blaster joylashgan.

Va nihoyat orqa tomonga ham navbat keldi. Orqa panelda Mi Note 10 va Note 10 Lite o‘rtasidagi farqlar ko‘zga tashlanadi. Mi Note 10'dagi 3+1+1 usulida joylashgan kameralar o‘rniga bu safar 4 ta kamera qo‘yilgan va barcha linzalar bitta modul ichiga, bitta shisha ostiga o‘rnatilgan. To‘rttalik LED chirog‘i har ikki smartfonda bir xil, faqat yengilroq modelimizda bu chiroqlar kamera moduli yonidagi qora maydon ichiga qo‘yilgan va kameralar bilan birlashtirilgan. Tan olish kerak, Mi Note 10'dagi sochib tashlangan kameralar dizayni yaxshi chiqmadi, Lite'dagi yangicha yondashuv esa bizga ma’qul.

108 megapiksellik asosiy kamera o‘rnatilmagani bois ham Lite'ning kamera moduli unchalik qalin emas. Kameralar korpusdan bo‘rtib chiqmagani sababli smartfonni tekis yuzaga qo‘ysangiz, qimirlab turmaydi.

Xiaomi logotipi esa chap tomon quyisiga tushirilgan. O‘ng tomondan unchalik ham ko‘rimli bo‘lmagan doimiy, rasmiy yozuvlar o‘rin olgan.

Biz tavsifimizda Midnight Black (Yarim tun qorong‘isi) rangidagi modeldan foydalanmoqdamiz, ammo korpus umuman qora emas. Balkim, bu rang Shimoliy Qutb doirasidagi tun rangini aks ettirar. Bu bilan bu rang bizga yoqmadi, deyishdan uzoqmiz. Shunchaki, korpus qora rangda emas, balki yorug‘lik tushishiga qarab ko‘k yoki kulrang tuslarda tovlanadi.

Orqa panel shishasi yaltiroq qilib sayqallangan. Bu esa barmoq izi dog‘lari korpusga chiqib qoladi, deganidir. Ammo korpus rangi nurni yaxshi qaytargani sababli barmoq izlari unchalik ham yaqqol ko‘rinmaydi.

Mi Note 10 Lite 157.8 x 74.2 x 9.7 mm kattalikda. Uning Lite bo‘lmagan «aka»si ham ayni o‘lchamga ega. Biroq texnik jihatdan yengilroq modelimiz moddiy jihatdan ham Mi Note 10'dan yengilroq, 4 grammga. Vaholanki, naq 204 g tosh bosuvchi qahramonimizni yengil deb bo‘lmaydi. Bunga sabab qilib 5,260 mA/soat sig‘imga ega akkumulyatorni keltirish mumkin. Akkumulyator hajmini inobatga olsak, qurilma vaznining og‘irligiga ko‘z yumish mumkin. Smartfon deyarli 10 mm qalinlikka ega, ammo yon tomonlar qayrilma bo‘lgani sabab bu unchalik ham sezilmaydi. Ham orqa tomoni, ham old tomoni qayrilgani uchun qahramonimiz, aslida, ingichkaroq ko‘rinadi.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9 Pro (2-qism)

Xulosa

NOTEBOOKCHECK

8.8балл

Xiaomi Mi Note 10 Lite yuqori toifaga mansub «aka»si Mi Note 10 bilan deyarli bir xil darajada kuchli va bir xil texnik jihatlarga egaligi bois qurilma nomidagi «Lite» so‘zi foydalanuvchiga smartfon haqida ma'lumot berishdan ko‘ra ko‘proq chalg‘itadi. Xiaomi faqatgina kamera moduliga o‘zgartirishlar kiritgan, biroq 108MP o‘rniga qo‘yilgan 64MP kamera ham maqtovga loyiq. Mi Note 10 Lite anchayin arzon; bu borada «Lite» jumlasi smartfonga mos keladi.

DIZAYN

DISPLEY

KAMERA

FUNKSIYAVIYLK

FOYDALANISHGA QULAYLIGI

ALOQA

SAMARADORLIK

AKKUMULYATOR

Qaerdan sotib olish mumkin?

Asaxiy 3 150 000 сўм Sotib olish
Radius 3 380 000 сўм Sotib olish
Mediapark 3 485 000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

  • Katta va yorug‘ AMOLED ekran
  • HDR10
  • A'lo darajadagi akkumulyator avtonomligi
  • Tezkor quvvatlash
  • Yaxshi yorug‘likda sifatli tasvirlar
  • A'lo darajadagi video stabilizatsiyasi
  • Foydalanishga qulay MIUI interfeysi
  • Apdeytlarning tez-tez kelishi
  • 3.5 mm audio jek
  • FM radio
  • Infraqizil blaster

 Kamchiligi

  • Telefoto kamera mavjud emas
  • Past yorug‘likda kamera sifati ko‘ngildagidek emas
  • Selfilar sifati a'lo darajada emas
  • microSD karta sloti yo‘q
Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.