TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (6-qism)

TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (6-qism)

Xiaomi Mi Note 10 Lite smartfoning tavsifi ham quyidagi qism bilan o‘z nihoyasiga yetay deb turibdi. Smartfon haqida to‘liq bu yerda o‘qing.

Raqiblar
Mi Note smartfonlari narxi juda o‘zgaruvchan. Bu qurilmalar nafaqat vaqt o‘tishi bilan o‘z narxini o‘zgartiradi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi narxdagi tafovut ham anchagina.
Agar sizga Mi Note 10 Lite narxi atrofidagi Samsung qurilmasi kerak bo‘lsa, Galayx A51'ga muqobil sifatida qarashingiz mumkin. Ushbu qurilma microSD kartasi uchun maxsus slotga ega. Biroq A51'ning chipi Lite'nikichalik kuchli emas, akkumulyator avtonomligi ham Xiaomi modelidan qoladi, kamera sifati ham Mi Note 10 Lite'ga yutqazadi.

Lekin taxminan 800 ming — 1 mln so‘m qo‘shsangiz, Galaxy A71 sizniki bo‘ladi. Bu modelning unumdorligi Xiaomi smartfoninikiga mos keladi.

Agarda aynan Lite'ning narxi atrofidagi smartfon qidirayotgan bo‘lsangiz, lekin siz olmoqchi bo‘lgan qurilmaning kamera tizimi yaxshiroq bo‘lishi kerak bo‘lsa, realme 6 Pro'ni o‘ylab ko‘rishingizni tavsiya qilamiz. Bu devaysda telefoto kamera bor, Lite'da esa yo‘q. Selfi kameralari ham ikkita. Lekin e’tibor berish kerak bo‘lgan bir jihat ekrandir. 6 Pro'ga LCD ekran qo‘yilgan. Yangilanish chastotasi 90Hz bo‘lsa ham, bu displey baribir LCD'ligicha qoladi va Mi Note 10 Lite'ning OLED paneli bilan bellasha olmaydi.

Siz joylashgan hududda Sony smartfonlarini topish mumkin bo‘lsa (hozircha, O‘zbekistonda emas) Xperia 10 II'ga nima deysiz? Sony sizga haqiqiy sof Android amaliyotini hamda IP65/68 chang va suvdan himoyasini taklif qiladi. Lekin Xiaomi'ning akkumulyatori Sony'nikidan ko‘ra ko‘proqqa yetadi.

Shu yili taqdim qilingan Motorola One Fusion+ ham go‘yoki Mi Note 10 Lite'ga qarshi raqib qilib chiqarilgandek. Bu qurilmani O‘zbekistondan rasman xarid qila olmaysiz, lekin hozir siz yashayotgan hududda Motorola rasmiy dilerga ega bo‘lsa, demak, sizdagi tanlovlar soni yana bittaga ko‘p ekan. Bu model microSD karta uyasiga ega. Selfi kamerasi esa korpusdan sizib chiqadi (pop-ap). Korpus ichida esa 5,000 mAs akkumulyator va Snapdragon 730 protsessori joylangan. Vaholanki, Motorola sizga taklif qilayotgan ushbu modelga ham LCD ekran qo‘yilgan.

Yakuniy xulosa
Oddiy qilib aytganda, Xiaomi Mi Note 10 Lite smartfoni Xiaomi Mi Note 10 smartfonining zo‘r kamera tizimidan mahrum qilingan ko‘rinishidir. Boshqa tomondan ikki qurilma bir tomchi suvdek go‘yo. Har ikki model a’lo darajadagi displey, quvvati uzoq muddatga yetuvchi akkumulyator va funksiyalarga boy interfeysga ega.

Notebookcheck.net sayti Mi Note 10 Lite haqida quyidagicha xulosani yozadi:
«Xiaomi Mi Note 10 Lite yuqori toifaga mansub «aka»si Mi Note 10 bilan deyarli bir xil darajada kuchli va bir xil texnik jihatlarga egaligi bois qurilma nomidagi «Lite» so‘zi foydalanuvchiga smartfon haqida ma’lumot berishdan ko‘ra ko‘proq chalg‘itadi. Xiaomi faqatgina kamera moduliga o‘zgartirishlar kiritgan, biroq 108MP o‘rniga qo‘yilgan 64MP kamera ham maqtovga loyiq. Mi Note 10 Lite anchayin arzon; bu borada «Lite» jumlasi smartfonga mos keladi».

Afzalliklari:
> Katta va yorug‘ AMOLED ekran, HDR10;
> A’lo darajadagi akkumulyator avtonomligi, tezkor quvvatlash;
> Yaxshi yorug‘likda sifatli tasvirlar, a’lo darajadagi video stabilizatsiyasi;
> Foydalanishga qulay MIUI interfeysi;
> Apdeytlarning tez-tez kelishi;
> 3.5 mm audio jek, FM radio, infraqizil blaster.

Kamchiliklari:
> Telefoto kamera mavjud emas;
> Past yorug‘likda kamera sifati ko‘ngildagidek emas, selfilar sifati a’lo darajada emas;
> microSD karta sloti yo‘q.

Narxi
2020 yil avgust oyi oxiri holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ba’zi onlayn do‘konlarda qurilma narxi quyidagicha:
•Asaxiy.uz: 3 150 000 so‘m;
•Radius.uz: 3 380 000 so‘m;
•Mediapark.uz: 3 485 000 so‘m.

Xalqaro savdo do‘konlaridagi narxlari esa quyidagicha:
•Amazon.com 6/64GB: 299,99 AQSh dollari;
•Amazon.com 6/128GB: 329,99 AQSh dollari;
•Amazon.com 8/128GB: 349,99 AQSh dollari.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9 Pro (6-qism)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!