TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (1-qism)

TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (1-qism)

Terabayt.uz sayti TeraTavsif rukni ostidagi maqolalarini davom ettiradi. Endigi navbat Xiaomi Redmi Note 9S smartfoniga.

Tavsifimizning ushbu birinchi qismida smartfon bilan tanishib, uning texnik jihatlari va qadoq tarkibini ko‘rib chiqamiz; dizayni hamda qurilmaviy sifatiga to‘xtalamiz.

Bu yil ommabop Redmi Note smartfonlarining to‘qqizinchi avlodi taqdim qilindi. Qurilmalar sotuvning dastlabki kunlaridanoq mijozlar tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu lineyka tarkibidagi Redmi Note 9 Pro modeli haqida ham tavsif yozganmiz, uni bu yerdan o‘qishingiz mumkin.

...

Redmi Note 9S smartfonining nomlanishini tushunish avvaliga biroz qiyin kechadi. Ushbu qurilma Hindistonda Redmi Note 9 Pro nomi bilan sotuvga chiqqan. Demak, global Redmi Note 9S va Hindistondagi Redmi Note 9 Pro smartfonlari aslida bitta narsa; Hindistondagi Redmi Note 9 Pro va global Redmi Note 9 Pro smartfonlari esa umuman boshqa-boshqa qurilmalardir.

Nomlanishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar hammamiz uchun qurilmaning o‘zi va texnik jihatlari muhim. Aytish mumkinki, qahramonimiz 2 million so‘mdan sal yuqoriroq narxiga mos qurilma. Ishlab chiqaruvchi tanlagan shisha dizayni, katta ekran, toifasiga nisbatan anchayin unumdor chip, sifatli tasvirlar oluvchi to‘rt «ko‘z»li orqa kamera moduli va katta sig‘imli akkumulyatorlarning hammasi Note 9S'ni maqbul taklifga aylantiradi.

Deyarli bir xil narx kategoriyasidagi realme smartfonlarida Redmi Note'lardan bitta ustun jihat bor — ekranning yuqori darajadagi yangilanish chastotasi. Umid qilib qolamizki, keyingi avlod qurilmalarida Xiaomi bu jihatga ham e’tibor qaratadi.

Keling, endi tavsiflayotgan modelimizning texnik jihatlariga bir ko‘z yugurtirib chiqamiz.

Xiaomi Redmi Note 9S'ning texnik jihatlari:

> Korpus: plastik rom, old va orqa tomonda Gorilla Glass 5 shishasi, suv sachrashidan himoya, 165.8 x 76.7 x 8.8 mm, o‘lcham 209 g vazn;

> Displey: 6.67" IPS LCD, 1080 x 2400 piksel rezolyutsiyasi, 20:9 tomonlar nisbati, 395 piksel/dyuym zichlik, HDR10;

> Orqa kameralar: •Asosiy (keng): 48MP, f/1.8 apertura, 1/2.0" sensor hajmi, 0.8µm piksel hajmi, PDAF. •Ultrakeng: 8MP, f/2.2, 1/4", 1.12µm piksel. •Makro: 5MP, f/2.4, 1.12µm. •Sath: 2MP; 2160p@30 kadr/sek., 1080p@30/60/120 kadr/sek., 720p@960 kadr/sek. video yozuv, elektron tasvir stabilizatsiyasi;

> Old kamera: 16MP, f/2.5 apertura, 1.0µm piksel. 1080p/30 kadr/sek. video yozuv;

> OT: Android 10; MIUI 11.

> Chip: Snapdragon 720G (8 nanometr): sakkiz yadroli (2x2.3 GHz Kyro 465 Gold & 6x1.8 GHz Kryo 465 Silver), Adreno 618 grafik protsessori;

> Xotira: 4/6GB tezkor xotira; 64/128GB UFS 2.1 doimiy xotira; maxsus microSD sloti;

> Akkumulyator: 5,020 mAs; 18 Vt tezkor quvvatlash;

> Aloqa: LTE-A; USB-C; Wi-Fi a/b/g/n/ac; qo‘sh-palosali GPS; Bluetooth 5.0; FM radio; infraqizil blaster;

> Boshqa: yon tomonga qo‘yilgan barmoq izi skaneri, 3.5 mm audio jek.

Xiaomi o‘z qurilmalarini suv sachrashidan himoyalashni boshlaganidan, audio jek va microSD karta slotini olib tashlamaganidan mamnunmiz. Endi esa qadoq ichida bizni nimalar kutib turganini ko‘rishga oshiqamiz!

Qadoq tarkibi

Qurilmamizning qadog‘i tarkibida doimiy aksessuarlar joylashgan — quvvatlagich adapter, USB-C kabeli va shaffof silikon g‘ilof.

Redmi Note 9S 18 vattda tezkor quvvatlana oladi, lekin Xiaomi qadoq tarkibiga bundan yuqoriroq nominalga ega, ya’ni 22.5 vattlik zaryadchikni solgan. Tasanno!

Ha, aytgancha, qahramonimizga zavodda yupqa ekran protektori ham yopishtirilgan. Bu ham ajoyib!

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (1-qism)

Mana, smartfonning texnik jihatlari va qadoq tarkibi kabi birlamchi ma’lumotlar bilan tanishib ham oldik. Endi esa navbat qurilma dizayni va uni qo‘lda ishlatish qanchalik osonligiga.

Dizayni va qurilmaviy sifati

Redmi Note 9S diazyn borasida hozirgi trendlarga amal qilgan. Devays har ikki tomondan Corning kompaniyasining Gorilla Glass 5 shishasi bilan qoplangan. Yon tomonlari, ya’ni romlari esa plastikdan ishlangan. Ekran chetlari aylanasimon shaklga ega, orqa panel chetlari esa har to‘rtala tomondan qayrilma qilib ishlangan.

Ushbu model kattagina — 6.67 dyuymli IPS LCD ekranga ega. Displey rezolyutsiyasi 1080p'ni tashkli qiladi. Ekran chetlarini esa anchayin ingichka hoshiyalar o‘rab turadi.

Smartfon 16 megapiksellik old kamera uchun markazda joylashgan aylanasimon tirqishga ega.

OLED ekranga ega bo‘lmagani bois Note 9S'ga ekranosti barmoq izi skaneri qo‘yilmagan. Shuning uchun, ushbu datchikka yon tomondan joy teggan. Bu ham hozirgi trendlardan. Quvvat tugmasini uya qilgan barmoq izi skaneri tez va ishonchli ishlaydi — bu borada shikoyatimiz yo‘q.

Orqa panelga o‘tsak, qayrilma chetlarga ega Aurora Blue (aurora ko‘k) rangi ko‘zimizni qamashtiradi. Boshqa smartfonlarda ham Aurora Blue rangini ko‘rganmiz, lekin bu rangning qahramonimizdagi tusi baribir boshqacha chiroyli ko‘rindi ko‘zimizga.

Orqa paneldan to‘rt kamerali modul ham joy olgan. Kameralar hajman kichik, lekin korpusdan sezilarli darajada bo‘rtib chiqqan to‘rtburchak ichida joylashgan. Linzalarning joylashuvi mos rasvishda quyidagicha: 8MP ultrakeng, 48MP asosiy, 5MP makro va 2MP sath kameralari. Kamera bo‘rtmasining qora rangi quyiroqda joylashgan LED chirog‘ini ham qoplab olgan.

Ko‘k rangdagi hoshiyalar plastikdan ishlangan va yaltiramaydigan («matovoye») sayqalga ega. Bu esa smartfonni qo‘lda ushlashni osonroq qiladi va qurilma barmoqlar orasidan sirpanib ketmaydi.

Hozirgi smartfonlardan birin-ketin olib tashlanayotgan bir qator jihatlar Redmi Note 9S'da mavjud. Bular jumlasiga infraqizil blaster (tepada), mircoSD karta sloti (chap tomonda), audio jek (pastki tomonda) kiradi. Qurilma anchayin katta bo‘lib, uni bir qo‘lda ishlatish oson emas. Lekin buni Note deb qo‘yishibdi! Note bo‘lganidan keyin ekrani ham katta bo‘ladi, akkumulyatori ham shunga yarasha. Agar sizga ixchamroq smartfon kerak bo‘lsa, demak, noto‘g‘ri manzilga kelib qolibsiz! :-(

Note 9S P2i nano-qoplam texnologiyasi sababli suv sarchasidan himoyalangan. Bu degani qurilma yomg‘ir yoki biroz suv sachragan taqdirda ham qurilmaga zarar yetmaydi, deganidir. Lekin, ehtiyot bo‘ling, Note 9S suv o‘tmazmas emas!

Umuman olganda, bizga qahramonimizning nafis dizayni va shakli yoqdi. Qurilma moddiy jihatdan sifatli qilib ishlangan, bir qarashda ko‘zni oladi, qo‘lda ushlash oson va suvdan himoyaning sodda shakliga ega. Hamyonbop uchun shularning o‘zi yetadi.

O‘QING: TeraTavsif: Samsung Galaxy A21s (1-qism)

Xulosa

TECHRADAR

8.6балл

«Redmi Note 9S foydalanuvchiga o‘ta arzon narx evaziga smartfondagi eng ishonchli amaliyotlardan birini taqdim qiladi. Akkumulyator avtonomligi tengsiz darajada, unumdorlik har doim barqaror, katta ekran esa foydalanishga qulay».

DIZAYN

DISPLEY

KAMERA

FUNKSIYAVIYLIK

ALOQA

FOYDALANISHGA QULAYLIGI

UNUMDORLIK

AKKUMULYATOR

Qaerdan sotib olish mumkin?

Olcha 2 246 000 so‘m Sotib olish
Mediapark 2 255 000 so‘m Sotib olish
Radius 2 266 000 so‘m Sotib olish
Asaxiy 2 405 000 so‘m Sotib olish
Openshop 2 423 000 so‘m Sotib olish
Amazon 208.01 AQSH dollari Sotib olish
AliExpress 211.25 AQSH dollari Sotib olish

 Afzalligi

  • Gorilla Glass 5'li chiroyli korpus
  • Suv sachrashidan himoya
  • Katta va yorqin LCD ekran
  • HRD10
  • Sezilarli darajadagi akkumulyator avtonomligi
  • Toifasi uchun a'lo darajadagi unumdorlik
  • Toifasi uchun yaxshi tasvir va video sifati
  • Eng so‘nggi Android va MIUI

 Kamchiligi

  • Bir xil narx uchun realme'dan 90Hz ekranli smartfon sotib olish mumkin
  • Ekran tirqishi atrofidagi yorug‘lik bir xil darajada emas
  • Quvvat olish tezligi a'lo daraja emas
  • NFC mavjud emas
Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!