TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (2-qism)

TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (2-qism)

Xiaomi Redmi Note 9S smartfonining tavsifi davom etadi. Tavsifning boshqa qismlari bilan bu yerda tanishing.

Quyida smartfon displeyi, karnayi, akkumulyator avtonomligi va quvvatlanish, shuningdek, dasturiy ta’minoti va unumdorligi haqida suhbatlashamiz.

Displey
Redmi Note 9S 6.67 dyuymlik katta IPS LCD ekranga ega. Ekran tepasida selfi kamera uchun aylanasimon tuynuk ochilgan. Displey rezolyutsiyasi kengaytirilgan 1080p bo‘lib, 2,400x1,080 pikselni tashkil qiladi. Piksel zichligi esa 395 piksel/dyuymga teng.

Kamera tirqishi atrofi yoritilishi bir tekis emas, bu, ayniqsa, oq fonlarda yaqqol seziladi. Agar ushbu smartfonni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bu kamchilikka tayyor turing.

Redmi Note 9S displeyini Gorilla Glass 5 shishasi himoyalab turadi, lekin qadoqlashdan oldin Redmi qurilmani yupqa ekran protektori bilan ham qoplab qo‘yadi. Qahramonimiz ekrani HDR10'ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Xiaomi bu smartfon ekranining kontrast nisbati 1500:1 bo‘lishini va’da qilgandi, o‘tkazilgan sinovlarda ham aynan shunga yaqin ko‘rsatkich qayd etildi. Maksimal yorug‘lik 420 nit atrofida, qora rang darajalari esa 0.3 ga teng. Avtomatik Yorug‘lik yoqilganda esa ekran yanada yorqinlashadi. Bunda, ekran yorug‘ligi 575 nitga teng bo‘ladi.

Oq ranglarda esa minimal yorug‘lik 1.1 ga teng. Bu qorong‘ida ekranda biror nimani o‘qish uchun ayni ma’qul daraja.

Ishlab chiqaruvchi Redmi Note 9S displeyi uchun uch xil Kontrast parametrlarini taklif etadi. Avtomatik kontrast yoqilganda ekran sRGB ranglar palitrasini to‘g‘ri aks ettirishga qaratilgan bo‘ladi va o‘rtacha deltaE darajasi 5.9 ga teng. Faqatgina ushbu rejimda ranglarning to‘yinganlik darajasini (standart, iliq, sovuq) belgilash mumkin. Standart darajada deltaE ko‘rsatkichi 6.3 ga teng ekanligi o‘lchandi. Iliq darajani tanlasangiz, ko‘k rang anchayin kamayadi, lekin bu ranglar to‘g‘ri ko‘rsatilishini oshirmaydi.

Standart Kontrast parametri sRGB ranglar palitrasini a’lo darajada to‘g‘ri aks ettiradi. Bunda, rangning to‘g‘ri ko‘rsatilish darajasi o‘rtacha 2.1 ga tengligi aniqlandi.

Akkumulyator avtonomligi va zaryadlash
Xiaomi Redmi Note 9S'ni litiy ionli 5,020 mA/soat sig‘imga ega kattagina akkumulyator quvvat bilan ta’minlab turadi. Akkumulyatorni 18 vattda tezkor zaryadlash mumkin, lekin qadoq tarkibiga 22.5 vattlik quvvatlash adapteri joylangan. Xiaomi'ning aytishicha, bu zaryadchik smartfonlar, aqlli uy aksessuarlari, planshet va kichik noutbuklarni zaryadlash uchun universal quvvatlagich ekan.

Bo‘shab qolgan akkumulyatorni 30 daqiqada kompaniya bergan zaryadchik bilan 37% ga quvvatlash mumkin. 50 daqiqada quvvat miqdori 60% bo‘ladi. To‘liq zaryad olish uchun esa 1 soat-u 45 daqiqa kerak bo‘ladi. O‘tkazilgan akkumulyator avtonomligi sinovlarida qurilma 127 soatlik natija qayd etdi. Ovozli qo‘ng‘iroq, video tomoshasi va veb-brauzing amaliyotlarining barchasida yaxshi ko‘rsatkich kuzatildi.

Karnay
Redmi Note 9S karnay borasida alohida ajralib turuvchi jihatga ega emas. Smartfonga bittalik dinamik qo‘yilgan bo‘lib, aftidan, asosan, balandroq o‘rta tonlar uchun sozlangan. Yettita musiqa bilan o‘tkazilgan karnay balandligi sinovida «Yaxshi» natija qayd etildi. Quyi chastotalarda dinamik oqsaydi, lekin vokallar yaxshi.
O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (3-qism)

Endi esa dasturiy ta’minot va unumdorlikka to‘xtalib o‘tamiz.

MIUI 11 va Android 10
Qahramonimiz qadoqdan Android 10 operatsion tizimi asosidagi MIUI 11 interfeysida ishlaydi.

Ekran qulfini yon tomonga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri bilan ochishingiz mumkin. Skanerni sozlash va ishlatish oson. Barmoq izi tez va aniq o‘qiladi.

Redmi Note 9S Qora rejimni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu rejim yoqilishi bilan barcha tizim ranglari oqdan qoraga o‘tadi. Bu bilan esa akkumulyator quvvatini tejash mumkin bo‘ladi. Qora rejim MIUI 11'da yanada takomillashtirilgan va qo‘llab-quvvatlanuvchi ilovalar soni oshgan. Ikonkalar va ularning ranglari ham ushbu rejimga moslashtirilgan.

Qora rejim

MIUI 11 tabiat bildirishnomalari deb ataluvchi tizimga ham ega bo‘lib, bildirishnoma va budulniklar kunning ma’lum bir qismiga qarab boshqacha tovushda chalinadi.

Tabiat bildirishnomalari

MIUI 11'da ilovalar menyusi mavjud emas. Barcha dasturlar shunchaki Uy ekranida joylashgan, lekin ularni jildlarga birlashtirib qo‘yishingiz mumkin. MIUI'ning ba’zi versiyalarida ilovalar menyusini yoqib qo‘yish funksiyasi bor, lekin biz ishlatgan global ROMda bunday imkoniyat mavjud emas ekan.
Quyida Redmi Note 9S'ning standart Uy ekrani ko‘rinishlari bilan tanishishingiz mumkin. Yuqori o‘ng tomonda ob-havo ma’lumoti vidjeti joylashgan, chap tomonda esa Google qidiruv vidjeti bor.

Xiaomi MIUI 11'da minimallikka urg‘u bergan. Buni, ayniqsa, Sozlamalar ilovasida ko‘rish mumkin.

Yaqinda ochilgan ilovalar oynasi esa o‘zgarmagan. Ochilgan ilovalarning barchasi ikkita ustun shaklida ko‘rsatiladi. Istalgan ilova ustiga bosib tursangiz, bo‘lingan ekran oynasini faollashtirish mumkin bo‘ladi. Ilovani o‘ng yoki chapga surish bilan uni yopasiz.

Agar turli mavzularni yoqtirsangiz, Redmi Note 9S'da ulardan birini tanlash imkoni borligidan xursand bo‘lasiz.

Smartfonda Xavfsizlik ilovasi ham mavjud. Ushbu dastur bilan smartfonni viruslarga qarshi skaner qilish, qora ro‘yxatni boshqarish, mobil internetni taqiqlash yoki chegaralash, akkumulyator quvvat sarfini konfiguratsiyalash hamda tezkor xotirani keshdan tozalash mumkin. Ilova orqali, shuningdek, o‘rnatilgan dasturlarga berilgan ruxsatlarni nazorat qilish hamda tanlangan ilovalar uchun quvvat sarfini belgilash mumkin bo‘ladi. Shunda, faqat tanlangan ilovalar uchun quvvat sarfi chegaralanadi.

MIUI qobig‘i tarkibida yana Xiaomi'ning Galereya, Musiqa va Video pleyer ilovalari ham bor. Ba’zi mintaqalarda musiqa va video ilovalariga pullik striming xizmatlardan foydalanish funksiyasi ham kiritilgan bo‘ladi. FM radio ilovasi ham bor.

Fayllarni ko‘rish uchun yangi ilova ham bor bo‘lib, dastur barcha ommabop fayl formatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va hujjatlarni smartfonda ko‘rish amaliyotini osonlashtiradi.
Yangicha Qaydlar ilovasi ham dasturiy ta’minot tarkibiga qo‘shilgan va ilovada Vazifalar funksiyasi ham bor.

Ba’zi bozorlarda, Xiaomi'ning avvaldan o‘rnatilgan ilovalarida reklamalar ko‘rsatiladi. Bu kompaniya smartfonlari narxi nisbatan arzon ekanligiga kompensatsiya sifatida amalga oshiriladi. Biz Redmi Note 9S'ning global versiyani ishlatib ko‘rdik va bunda faqat Fayl Menejeri va Xavfsizlik ilovalarida reklama chiqdi.

Unumdorlik va benchmark sinovlari
Redmi Note 9S Snapdragon 720G chipida ishlaydi.
Qurilma chipi sakkiz yadroli 2+6 konfiguratsiyaga ega: 2x2.3GHz Kryo 465 Gold yadrosi va 6x1.8GHz Kryo 465 Silver yadrolari. Grafik protsessori esa Adreno 618. Snapdragon 730'ga ham ayni mana shu GPU o‘rnatilgan.

Sotuvda qahramonimizning ikki xil xotira konfiguratsiyasi mavjud: 4/64BG va 6/128GB.
SD720G 8 nanometrli protsess asosiga qurilgan; bu hozirda mavjud eng unumdor protsesslardan biridir.

Qurilma bir necha sinovlardan o‘tkazib ko‘rilganida, o‘zini a’lo darajada namoyon qildi. Kirin 810 chipi Snapdragon 720G'dan biroz kuchliroq ekan, lekin bu chip Google xizmatlari paketiga ega bo‘lmagan sanoqli smartfonlargagina qo‘yilgan.

Grafik protsessori unumdorligi borasida esa Redmi Note 9S toifasi uchun kuchli natija ko‘rsatdi. Qayd qilingan ko‘rsatkich raqib realme 6 modellarinikiga yaqin.

Afsuski, AnTuTu sinovida smartfonimiz realme 6 qurilmalaridan ortda qoldi, lekin natija realme 6 Pro'nikiga yaqin bo‘ldi (u ham Snapdragon 720G'da ishlaydi). Bu testda ham Huawei'ning Kirin 810'i hammadan kuchli ekanini ko‘rsatdi.

Redmi Note 9S smartfoni toifasiga mos darajadagi chipga ega va deyarli barcha sinovlarda zo‘r natija qayd etdi. Barcha smartfonlar uchun eng qiyin amaliyot — geyming ham bizning qurilmada silliq kechadi.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9 Pro (4-qism)

Xulosa

TECHRADAR

8.6балл

«Redmi Note 9S foydalanuvchiga o‘ta arzon evaziga smartfondagi eng ishonchli amaliyotlardan birini taqdim qiladi. Akkumulyator avtonomligi tengsiz darajada, unumdorlik har doim barqaror, katta ekran esa foydalanishga qulay».

DIZAYN

DISPLEY

KAMERA

FUNKSIYAVIYLIK

ALOQA

FOYDALANISHGA QULAYLIGI

UNUMDORLIK

AKKUMULYATOR

Qaerdan sotib olish mumkin?

Olcha 2 246 000 so‘m Sotib olish
Mediapark 2 255 000 so‘m Sotib olish
Radius 2 266 000 so‘m Sotib olish
Asaxiy 2 405 000 so‘m Sotib olish
Openshop 2 423 000 so‘m Sotib olish
Amazon 208.01 AQSH dollari Sotib olish
AliExpress 211.25 AQSH dollari Sotib olish

 Afzalligi

  • Gorilla Glass 5'li chiroyli korpus
  • Suv sachrashidan himoya
  • Katta va yorqin LCD ekran
  • HRD10
  • Sezilarli darajadagi akkumulyator avtonomligi
  • Toifasi uchun a'lo darajadagi unumdorlik
  • Toifasi uchun yaxshi tasvir va video sifati
  • Eng so‘nggi Android va MIUI

 Kamchiligi

  • Bir xil narx uchun realme'dan 90Hz ekranli smartfon sotib olish mumkin
  • Ekran tirqishi atrofidagi yorug‘lik bir xil darajada emas
  • Quvvat olish tezligi a'lo daraja emas
  • NFC mavjud emas
Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!