TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (3-qism)

TeraTavsif: Xiaomi Redmi Note 9S (3-qism)

Xiaomi Redmi Note 9S smartfoni tavsifining uchinchi va yakuniy qismiga xush kelibsiz.

Quyida smartfonning kamerasi haqida suhbatlashamiz va qurilma haqida yakuniy xulosalar chiqaramiz. Tavsifimizning oldingi qismlarini o‘qish uchun bu yerga bosing.

To‘rt kamerali modul
Redmi Note 9S'ning orqa korpusida barcha kameralarni jamlagan modul bor. Kameralarning joylashuv tartibi har galgidek — birinchi ultrakeng burchakli, undan so‘ng asosiy, so‘ngra sath va makro kameralari joylashgan.

Asosiy kamera 48MPlik sensordan foydalanadi va Quad-Bayer filteriga ega. Bu ISOCELL Bright GM2 kamerasini Samsung ishlab chiqargan bo‘lishi kerak. Asosiy kamera 0.8µm piksel kattaligiga ega, ob’yektiv diafragmasi esa f/1.79 ga teng. Asosiy kamera bilan hosil qilingan tasvirlar 12MPlik bo‘ladi.

119 daraja ko‘rish burchagiga ega ultrakeng kamera 8MP ob’yektiv va f/2.2 diafragmaga ega. Kerakli o‘rinda tasvirdagi buzilishlarni avtomatik to‘g‘rilash funksiyasi mavjud, lekin buni o‘chirib qo‘ysangiz bo‘ladi, albatta.

Makro kamera 5MP bo‘lib, undagi piksellar hajmi 1.12µm ga, diafragma esa f/2.4 ga teng. Avtofokus ham mavjud. Odatda, makro kameralar avtofokusga ega bo‘lmaydi.

So‘nggi sath kamerasi esa 2MP rezolyusiyaga ega.
Kamera ilovasida bir rejimdan boshqasiga o‘tish, odatdagidek, oynani o‘ng va chapga surish bilan amalga oshiriladi. Tepadan o‘ngda joylashgan gamburger menyusidan esa yanada ko‘proq opsiyalarni topasiz. Masalan, Makro rejimi negadir mana shu menyu ichiga joylangan.

Kameraning qolgan parametrlari boshqa Xiaomi smartfonlariniki bilan bir xil va Redmi Note Redmi Note 9S'da hech qanday yangi xususiyat mavjud emas.
Kamera ilovasi

Qahramonimizda 48MP va Pro rejimlari mavjud. Pro rejimida sizga kerak bo‘lgan barcha funksiya va parametrlar, jumladan, oq balans, fokus, ISO va ob’yektiv tezligi kabilar bor. Ushbu rejim asosiy, ultrakeng va makro kameralarda ishlaydi.
     
Tasvir sifati
48MPlik asosiy kamera tasvirlarni standart sozlamalar bo‘yicha 12MP kattalikda saqlaydi. Bizning smartfonning asosiy kamerasidan foydalanib olingan suratlar model toifasi uchun yaxshi. Tasvirlardagi detallar yetarli darajada. Biroq barglarni suratga olganimizda, tasvir aniqligi pasaydi. Lekin shunda ham detallar yetarlicha darajada ko‘p, xiralik darajasi kam, kontrast a’lo darajada, ranglar esa asl holicha ko‘rsatilgan.
Dinamik diapozon kengligi sabab avtomatik HDR biror marta ham faollashmadi.
12MP tasvirlar

MIUI 11'dagi Kamera ilovasida AI Kamera tugmasi bor. Ushbu funksiya har doim HDR'dan foydalanadi va ranglarni keragidan ortiq to‘yintirib yuboradi.
AI kamera rejimi

Avtonom 48MP rejim ham bor, lekin bu bilan hosil qilingan rasmlar haqiqiy 48MP rasmga o‘xshamaydi. Bu suratlar 12MPning kattalashtirilgan va o‘ta darajada ishlov berilgan talqini xolos. Ushbu rejim bilan rasmga olishning hech qanday amaliy foydasi.
yo‘q va sizga Avtonom 48MP rejimidan foydalanishni maslahat bermagan bo‘lardik.
48MP tasvirlar

8MP kamera juda sifatli ultrakeng tasvirlar hosil qiladi. Olingan rasmlar detallga boy, kontrast yuqori darajada va dinamik diapozon ham keng chiqadi. Tasvir buzilishini to‘g‘rilash algortimi ham yaxshi ishlab, burchaklardagi muammolarni to‘g‘rilab beradi. Umuman olganda, ushbu kameradan ko‘nglimiz to‘ldi.
8MP ultrakeng tasvirlar

5MP makro kamera bilan ham ob’yektlarning yaqindan olingan sifatli tasvirlarni hosil qilish mumkin. Olingan suratlar detallga boy, xiralik darajasi past va ranglar jonli aks etadi. Qahramonimizning ushbu kamerasi avtofokusga ega va bu 4 sm lik qo‘zg‘almas fokusdan ko‘ra yaxshi.
5MP makro suratlar

Orqa kamera bilan olingan portretlar sifati atrof yorug‘ligiga bog‘liq bo‘ladi. Agar yorug‘lik darajasi past bo‘lsa, hosil qilingan tasvirdagi detallar miqdori ham keskin kamayadi. Biroq kerakli darajadagi yorug‘lik kamera ob’yektiviga tushib tursa, ajoyib tasvirlar hosil qilish mumkin bo‘ladi. Bunda, portretlar detallga to‘la chiqadi, fondan sub’yektni ajratish ham yetarlicha darajada amalga oshiriladi.
12MP portretlar

Redmi Note 9S tunda ham yaxshi tasvirlar yarata oladi. Olingan rasmlar detallga boy, unchalik xira emas va oq balans ham yaxshi. Ranglarning to‘yinganligi esa a’lo bahoga loyiq. Ba’zi manzalar suratga olinayotganda (mehmonxona binosi) Avto-HDR o‘zining borligini ko‘rsatib qo‘yishga qaror qildi. Vaholanki, bu funksiya tasvir xiraligini maksimal kamaytirish uchun detallarni yo‘q qilib yubordi, yetarlicha ekspozitsiya qilinmagan maydonlardagi tasvir sifati oshgani sezilmadi, o‘ta yorug‘ nuqtalarga ham ishlov berilmadi. Balkim, tunda HDR'ni butunlay o‘chirish qo‘yish kerak, shekilli.
past yorug‘likda olingan 12MP suratlar

AI rejimini yoqib, quyosh chiqishi va botishida to‘yingan rangli rasmlar olish mumkin. Bizga bu rejimning ishlashi yoqdi. Rejimning tunda ishlash samaradorligini esa quyidagi rasmlardan ko‘rishingiz mumkin.

...


   
Tungi rejimdan foydalanishingizni qattiq tavsiya qilamiz. To‘g‘ri, bunda detallar biroz kamayishi mumkin, biroq ekpozitsiya muvozanatda bo‘ladi va o‘ta yorqin hududlarga ishlov beriladi. Tungi rejim bilan tasvir hosil qilish uchun ikki soniyadan kam vaqt kerak bo‘ladi, biroq olingan rasm sifati smartfon toifasi uchun a’lo darajada bo‘ladi.

Tungi rejim bilan olingan 12MP suratlar

Lekin ultrakeng burchakli kamera bilan olingan tundagi rasmlar umuman sifatsiz. Detallar yo‘q, tasvir deyarli qop-qopa va xiralik yuqori. Afsuski, bu kamera uchun maxsus Tungi rejim mavjud emas.
Ultrakeng kamera bilan past yorug‘likda olingan 8MP suratlar

Selfilar
16MPlik selfilar o‘ta tiniq emas. Taxminimizcha, selfi kamera Quad Bayer filteridan foydalanadi. Lekin rasmlarni yaxshi sifatli deyish mumkin, kerakli o‘rinda HDR a’lo darajada ishlaydi, ranglar asl holicha aks etadi, kontrast ham yaxshi.
16MP selfilar

Selfi portretlarda sub’yektni fondan ajratish va blur qoplanishi yaxshi.
16MP selfi portretlar

Video yozuv
Xiaomi Redmi Note 9S videolarni 4K@30 kadr/sek. formatgacha yozishi mumkin. Bundan tashqari, 1080@60 kadr/sek. va 1080@30 kadr/sek. yozuvlar ham mavjud.

Bir qarashda hamma kamera bilan istalgan rezolyusiyada video yozish mumkin, deb o‘ylaysiz. Lekin aslida bunday emas. Ultrakeng va makro kameralar faqatgina 1080p rezolyusiyasida soniyasiga 30 ta kadr olish imkoniga ega.

Asosiy kameraga to‘xtalsak. Bunda, 4K formatda video bitreyti 40-42 Mbit/sek., 1080p'da esa 20 Mbit/sek. bo‘ladi. Audio esa 96 Kbit/sek. stereo formatda yoziladi.

4K video deyarli umuman xira emas.

1080@30 kadr/sek. videolar yaxshi darajada detallga ega.

1080@30 kadr/sek. formatda video yozayotganda sozlamalardan elektron stabilizatsiyani yoqib qo‘yishingiz mumkin. Bu stabilizatsiya asosiy va ultrakeng kameralarda ishlaydi.

Yakunlar
Redmi Note 9S — zo‘r telefon. Qurilma a’lo darajada unumdor, ekrani katta va foydalanuvchiga bir qator kamera rejimlarini taklif etadi. Boshqa barcha Redmi Note'lar singari akkumulyator avtonomligi borasida ham yaxshigina samaradorlikka ega.

Redmi Note 9S'ni O‘zbekistonda 2 million ikki yuz ming so‘mdan boshlab xarid qilishingiz mumkin. Devays narxiga rostdan ham arziydi. Biroq pulingizni qo‘ltiqlab, smartfon do‘koniga shoshilishingizdan oldin, shu narx atrofida yana qanday qurilmalar bor ekani bilan tanishib chiqsak.

Muqobillar
realme 6 va 6 Pro'lardan Redmi Note 9S qo‘rqishi kerak. realme 6 ham bizning qahramonimiz bilan deyarli bir xil narxga ega (lekin O‘zbekistonda negadir qimmat sotiladi). Biroq 90Hz ekran, 64MP asosiy kamera hamda tezkor quvvatlash imkoniyati bilan realme 6 Note 9S'ni ortda qoldiradi. Redmi Note 9S narxiga yana 50 dollar qo‘shsangiz, telefoto kamera va ultrakeng burchakli ikkinchi selfi kameraga ega realme 6 Pro sizniki bo‘ladi.

Xiaomi'ning hamyonbop smartfonlari orasida yuqori yangilanish chastotasiga ega smartfon bor. U ham bo‘lsa, Redmi K30. Ushbu qurilmaning ekrani realme'nikidan tezroq — 120Hz'da yangilanadi. Redmi K30 Snapdragon 730G chipida ishlaydi, orqa tomonida to‘rtta kamerasi (64/8/2/2MP) bor. Lekin muammo shundaki, bu smartfonni ko‘p joydan topish qiyin. Agar sotuvdan topa olsangiz, 30 dollar ko‘prog‘iga shu modelni olsangiz ham bo‘ladi.

Agar xarid qilmoqchi bo‘lgan smartfoningiz AMOLED displeyga ega bo‘lishi kerak bo‘lsa, unda Galaxy A51'ga nima deysiz? Samsung'ning bu smartfoni 1080p Super AMOLED ekraniga, anchayin unumdor Exynos 9611 chipi va Note 9S bilan bir xil kamera moduliga ega. One UI 2 interfeysi ham anchayin zamonaviy dizayni bilan maqtana oladi.

Yakuniy xulosa
Redmi Note 9S narxiga juda ham arziydigan smartfon, Redmi smartfonlari o‘zi shunaqa. Biroq bu model hamyonbop narx toifasidagi eng zo‘r qurilmami? Bu savolga ha deb javob bera olmaymiz. realme Redmi'ga haqiqiy raqib bo‘ladi.

Bizning qahramon foydalanuvchini HDR10 imkoniyati, makro kamerasi va akkumulyator avtonomligi bilan qoyil qoldira oladi. Shularning o‘zi yaxshi smartfon uchun yetarli. Va so‘nggi so‘z: sizga Redmi Note 9S'ni xarid qilishni aniq hech ikkilanmasdan maslahat bera olamiz.

Techradar.com sayti smartfon haqida quyidagi xulosani beradi:
«Redmi Note 9S foydalanuvchiga o‘ta arzon evaziga smartfondagi eng ishonchli amaliyotlardan birini taqdim qiladi. Akkumulyator avtonomligi tengsiz darajada, unumdorlik har doim barqaror, katta ekran esa foydalanishga qulay».

Afzalliklari:
• Gorilla Glass 5'li chiroyli korpus;
• Suv sachrashidan himoya
• Katta va yorqin LCD ekran, HDR10;
• Sezilarli darajadagi akkumulyator avtonomligi;
• Toifasi uchun a’lo darajadagi unumdorlik;
• Toifasi uchun yaxshi tasvir va video sifati;
•Eng so‘nggi Android va MIUI.

Kamchiliklari:
•Bir xil narx evaziga realme’dan 90Hz ekranli smartfon sotib olish mumkin;
• Ekran tirqishi atrofidagi yorug‘lik bir xil darajada emas;
• Quvvat olish tezligi a’lo daraja emas;
• NFC mavjud emas.

2020 yil sentyabr oyi o‘rtalari holatiga ko‘ra, Xiaomi Redmi Note 9S smartfonining O‘zbekistondagi ba’zi onlayn do‘konlardagi narxi quyidagicha*:

•Olcha.uz: 2 246 000 so‘m;

•Mediapark.uz: 2 255 000 so‘m;

•Radius.uz: 2 266 000 so‘m;

•Asaxiy.uz: 2 405 000 so‘m;

•Openshop.uz: 2 423 000 so‘m.

2020 yil sentyabr oyi o‘rtalari holatiga ko‘ra, Xiaomi Redmi Note 9S smartfonining ba’zi xorijiy onlayn do‘konlardagi narxi quyidagicha*:

•Amazon: 208.01 AQSh dollari;

•AliExpress: 211.25 AQSh dollari.

*Terabayt.uz sayti ushbu narxlar to‘g‘ri ekani va to‘g‘ri bo‘lib qolishiga kafolat bermaydi. Batafsil ma’lumot uchun ko‘rsatilgan do‘konlar bilan bog‘laning.

O‘QING: TeraTavsif: Xiaomi Mi Note 10 Lite (1-qism)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!