Tesla birorta Model S yoki Model X chiqarmasdan ham savdoda rekord o‘rnatdi!

  •   DiMaX
  •  571
  •  03.04.2021 11:54

Tesla birorta Model S yoki Model X chiqarmasdan ham savdoda rekord o‘rnatdi!

Elektrokarlar bozorining lideri bo‘lmish Tesla kompaniyasi 2021 yilning birinchi choragida avtomobillar ishlab chiqarish va sotishga doir hisobotini e’lon qildi. Ilon Mask tashkil qilgan ushbu korxonaning o‘tgan kvartaldagi faoliyatida qiziq holatga guvoh bo‘lish mumkin.

O‘QING: Ilon Mask shunchaki bosh direktor emas – endi u rasman «texnoqirol» bo‘ldi!

Tesla mazkur hisobot davrida jami 180 338 ta avtomobil ishlab chiqargan va undan ko‘proq – 184 800 donasini xaridorlarga yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkichlar kompaniya uchun chorak bo‘yicha rekord hisoblanadi. Yillik savdolar ifodasiga ko‘ra, Tesla elektromobillar savdosi ikki karraga oshgan, kvartal kesimida esa – atigi 2 foizga o‘sish kuzatilmoqda.

Lekin qizig‘i shundaki, Tesla ommabop Model S hamda Model X mashinalaridan 2021 yilning ilk kvartalida birorta ham ishlab chiqarmagan. Ammo shu modellardan jami 2020 donasini sotishga erishgan – ular o‘tgan yilning oxirlarida tayyorlangan edi.

Ushbu ikkita rusumdagi elektromobilga talab pasayganini esa ikkita omil bilan izohlashmoqda: avvalo, yaqinda ularning yangilangan versiyalari namoyish etilgan va savdoga endi chiqariladi. Ikkinchi sabab esa butlovchi qismlar yetishmasligi boisdan Tesla zavodlaridan biri vaqtincha yopilganligidir.

O‘QING: Tesla hali sotuvga chiqarmagan elektromobil yo‘lda «qo‘lga tushdi» («jonli» video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!