Tesla roboti uchun ham raqobatchi tayyor!

Tesla roboti uchun ham raqobatchi tayyor!

Kecha Xiaomi kompaniyasi Xitoyda o'zining yana bir muhim tadbirlaridan birini o'tkazdi va unda bir necha ajoyib qurilmalardan tashqari kutilmaganda o'zining CyberOne nomli ilk gumanoid robotini ham taqdim qildi. Albatta, bu kompaniyaning birinchi robot mahsuloti emas, u o'tgan yilning avgustida CyberDog robot kuchugini ham taqdim qilgan edi.

CyberOne - Xiaomi tomonidan dizaynlangan to'liq gumanoid robotning bo'yi 177 sm, og'irligi esa 52kg bo'lib, u ikki oyoqda soatiga 3.6 km tezlikda mustaqil yura oladi. Uning yuzi egilgan OLED paneldan yasalgan va u dunyoni 3D ko'rinishida ko'ra oladi. Eshitish uchun esa unda ikkita mikrofon mavjud. Shuningdek, robot atrof-muhitdagi 85 xil ovozlarni va insonning ovozli ifodalaridan 45 turdagi hissiyotlarni 6 xil kategoriyada aniqlay oladi.

Robot odamlar bilan suhbatlashishi, yengil narsalarni ko'tarib yurishi mumkin. Garchi u Boston Dynamics'ning Atlas gumanoidi kabi chaqqon bo'lmasada, u har kuni yangi ko'nikmalar o'rganadi.

Taqdimot vaqtida CyberOne sahnaga yurib chiqdi va Ley Jun bilan kichik suhbat davomida unga gul berdi. Ley Jun undan qanday harakatlarni amalga oshira olishini so'raganida, u Kung Fu harakatlarini o'rganayotganini ma'lum qildi (xoynahoy, Tesla tez kunda taqdim qilishi kutilayotgan gumanoid robotning jiddiy raqibi borga o'xshaydi). Kompaniya rahbari bilan yangi taqdim qilingan Xiaomi Mix Fold 2 buklamafonida selfiga tushgandan keyin CyberOne sahnani tark etdi.

CyberOne hali tijoratlashtirilmagan, lekin sotuvga chiqariladigan bo'lsa, uning narxi tahminan 600,000-700,000 yuan (89,100-104,000 dollar) bo'lishi aytilmoqda.

O'QING: Galaxy Z Flip4'ga raqobatchi tayyor

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.