Testlar yakunlandi, Android 13 barqaror versiyasi tarqatilmoqda

Testlar yakunlandi, Android 13 barqaror versiyasi tarqatilmoqda

Android'ning bu yilgi katta yangilanishi, Android 13, rasman bugundan barqaror versiyada Pixel smartfonlariga tarqatila boshladi. Aytish kerakki, Google o'n uchinchi avlod Android'ini odatdagidan ancha oldinroq chiqardi: o'tgan yili Android 12 oktabrda chiqarilgan bo'lsa, undan oldingi Android 11 sentabrda chiqarilgan edi.

Android 12 bilan taqqoslaganda Android 13 unchalik katta redizayn yoki o'zgarishlarga ega emas, lekin u bir qancha yaxshilanishlar bilan keladi va ular bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Google'niki bo'lmagan ilovalar ikonkasini orqa fon surati ranggiga moslashtirish

O'tgan yili Android 12 orqa fon surati ranggiga moslanadigan ilovalar ikonkasi xususiyati bilan taqdim qilingan edi. Biroq, bu funksiya faqat Google ilovalari bilan ishlardi. Endi esa, siz Android 13 bilan Google'niki bo'lmagan ilovalarning ham ikonkalarini orqa fon suratingiz ranggiga moslashtirishingiz mumkin.

Qayta dizaynlangan musiqa pleyeri

Android 13 dagi ko'zga tashlanadigan o'zgarishlarning yana biri musiqa pleyerida bo'lib, u qayta dizaynlangan. Endilikda musiqa albom surati pleyerning orqa fonini to'liq egallab turadi. Pleyerning chap yuqori burchagida musiqa qo'yayotgan ilova ikonkasi, o'ng tomoni markazida katta pauza tugmasi, pastki burchaklarda orqaga/oldinga o'tkazish tugmalari bilan birgalikda "layk" tugmasi joylashgan. Musiqaning ijro paneli esa endi "o'ynab" turadi.

Tizim uchun alohida, ilova uchun alohida til tanlash

Android 13 bilan siz har bir ilovalaringiz uchun alohida, tizim uchun alohida til tanlashingiz mumkin. Masalan, tizim uchun o'zbek tilini belgilasangiz, Xaritalar ilovasi uchun ingliz tilini belgilashingiz mumkin.

Yaxshilangan xavfsizlik xususiyatlari

Yangi versiyaga ajoyib xavfsizlik funksiyasi qo'shilgan bo'lib, unga ko'ra, endi siz boshqa ilovalarga butun boshli galareyangizga emas, balki, faqat tanlangan surat yoki videolargagina kirishga ruxsat berishingiz mumkin.

Bildirishnoma yuborish uchun ruxsatnoma

Android 13 bilan yangi o'rnatilgan ilovalar sizga bildirishnomalar yuborish uchun ruxsat so'raydi. 

Xabarlarni strim qilish xususiyati

Yangi versiya Chromebook bilan smartfon o'rtasida xabar almashish ilovalarini strim qilish imkonini beradi, ya'ni telefoningiz yoningizda bo'lmagan vaqtda noutbuk orqali ham suhbatni davom ettirishingiz mumkin. 

Kontentdan smartfonda nusxa olish va planshetga joylash

Yangilanishdagi yana bir sezilarli yaxshilanish shuki, endi siz smartfoningizda kontentning biror qismidan nusxa olsangiz, masalan, matn, havola yoki rasm, uni siz to'g'ridan-to'g'ri planshetingizga joylashtirish imkoniga ega bo'lasiz. 

Shu boshqa kichik o'zgarishlar bilan Android 13 barqaror versiyada quyidagi Pixel smartfonlariga tarqatilmoqda:

  • Google Pixel 4/4 XL
  • Google Pixel 4a/4a 5G
  • Google Pixel 5/5a 5G
  • Google Pixel 6/6 Pro/6a

Boshqa brend smartfonlariga keladigan bo'lsak, ularning ishlab chiqaruvchilari yangi operatsion tizimni qanchalik tez o'zlashtirsalar, ular shunchalik tez yangilanishni qabul qiladi. Masalan, Samsung o'zining Galaxy'lari uchun Android 13 ga asoslangan One UI 5 qobig'ini test qilishni allaqachon boshlab yuborgan. Shunday ekan, tez kunlarda uning ham barqaror versiyasini ko'rishimiz mumkin bo'ladi. 

Ana endi navbat Android 14 ga. Hozircha u haqida deyarli ma'lumotlar mavjud emas, lekin biz uning ichki kod nomi "Upside Down Cake" ekanligini bilamiz.

O'QING: Durov bir necha hafta ichida Telegram'ga yana yangi funksiyalar qo‘shilishi ma’lum qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!