Texnik jihatlari rasman tasdiqlangan Galaxy Note 10'dan foydalanishayotganda "qo‘lga tushdi"!

Texnik jihatlari rasman tasdiqlangan Galaxy Note 10'dan foydalanishayotganda

Galaxy Note 10'ning taqdimot sanasi yaqinlashib borar ekan smartfon bilan yanada yaqindan tanishib boryapmiz. Samsung ham flagmanning texnik jihatlari haqida kuni kecha rasmiy ma’lumot berdi. Bu ma’lumotlar mish-mishlarning ko‘pi to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi.

Sarlavhada Note 10'dan foydalanishayotganda smartfon "qo‘lga tush"ib qolgani haqida yozdik. Keling, shundan boshlasak. TME.net va Slashleaks saytlarining ma’lumot berishicha, YouTube video hostingida Samsung'ning flagmanidan metroda foydalanayotgan tester (smartfondan sinov uchun foydalanuvchi shaxs)ning videosi paydo bo‘ldi. Videodagi "jonli" smartfon dizayni ham insayderlar ma’lum qilgan rasmdagi bilan bir xil.

33 soniyali video lavhada ko‘rishimiz mumkinki, devays qo‘lda ancha katta ko‘rinadi. Bunga uning 6.8 dyuymli ekrani sababdir.

Galaxy S10 lineykasidagi smartfonlarda kamera tirqishi old panel yuqori qismining o‘ng tomonida joylashtirilgan edi. Note 10'da esa, render rasmlarda ham tasvirlanganidek, o‘rtaga ko‘chirilgan. Videodan yana ko‘rish mumkinki, ekranda qora fonli oyna ochilganda, kamera borligi umuman bilinmaydi. Faqat oq fonli ekrandagina uni ko‘rish mumkin. 

Samsung'dagilar Galaxy Note 10'da Supertez quvvatlash texnologiyasi bo‘lishini tasdiqladi.

Texnik jihatlariga kelsak, Samsung 10-avgust kuni Nyu-yorkdagi Samsung 837 do‘konida ilk marotaba mijozlar uchun Galaxy Note 10 First Look ("Galaxy Note 10'ga ilk nazar") ko‘rgazmasini o‘tkazmoqda. Voqeaning TechRadar sayti tomonidan aniqlangan reklamasida bir qator jihatlar kompaniya tomonidan sanab o‘tilgan. Video rolikda, xususan, quyidagilar aytiladi: "Intiqlik bilan kutilgan yangi jihatlarning barchasi bilan smartfonni ishlatib ko‘rib tanishishda birinchilardan bo‘ling. Bular qatoriga Aqlli akkumulyator, Supertez quvvatlash, Simsiz quvvat ulashish, keyingi avlod S Pen'i va boshqalar kiradi".

Ochig‘i, Note 10'ga Simsiz quvvat ulashish texnologiyasini "yangi" va "uzoq kutilgan", deb nomlash biroz g‘alati, bizningcha. Sababi, bu texnologiya allaqachon S10'da debyut qilib bo‘lingan. Biroq Supertez quvvatlash funksiyasi kishini biroz o‘ylantiradi. Ya’ni buni ikki xil tushunish mumkin: Note 10/Note 10+ lar xuddi S10 5G kabi 25 vattda quvvatlanadimi yoki keyingi darajali 45 vattga o‘tadimi? Mana shunisi aniq ta’kidlanmagan. 

Biroq hozirda mavjud mish-mishlarga ko‘ra, kompaniya smartfon bilan 25 vattli quvvatlagich taqdim qiladi. Lekin Note 10 45 vattli zaryadlashni ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin, bu degani 45 vattli adapter bilan smartfonni yanada tezroq zaryadlash imkoni mavjud bo‘ladi, demakdir. Faqat bunday adapterni qo‘shimcha ravishda sotib olishingizga to‘g‘ri keladi.

Samsung Aqlli akkumulyator haqida S10'da ham ma’lumot bergandi. Ushbu flagmandagi Moslashuvchan quvvat tejash rejimi "smartfondan qanday va qachon foydalanish"ingizga moslashib, akkumlyator quvvatini tejaydi. 

Keyingi avlod S Pen'i

Note 10'ning eng qiziq tomoni undagi keyingi avlod S Pen'idir. Lekin, afsuski, rasmiy ma’lumotlarda ruchkaning stili borasida juda kam ma’lumot berilgan. Shunday bo‘lsada, insayderlarning smartfon patentiga asoslanib qilayotgan taxminlaricha, unga kamera o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. S Pen imo-ishoralarni ham qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda. Demak, endilikda ekranga qo‘l tekizmasdan ham ko‘plab jarayonlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ruchkadan foydalanilayotganda ovozli effektlar ham bo‘lishi mumkin.

Boshqa mish-mishlarga ko‘ra, Note 10'da audio jek va microSD karta uyasi bo‘lmaydi.

Mana shunday shov-shuvli xabarlarga sabab bo‘layotgan smartfon 7-avgust kuni ilk bora namoyish qilinadi va yana taxminlarga ko‘ra, 23-avgustdan sotuvda paydo bo‘ladi. Koreyslarning yangi flagmani haqidagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun saytimizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Qarshi oling: shov-shuvli Samsung Galaxy A80 smartfoni (+rasm va video)!

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.