Texnogigant kompaniyalar pandemiyada qancha foyda ko‘rdi?

  •   DiMaX
  •  337
  •  05.08.2021 09:13

Texnogigant kompaniyalar pandemiyada qancha foyda ko‘rdi?

Dunyodagi eng yirik 3 ta texnologik kompaniya – Apple, Microsoft va Alphabet moliyaviy yilning uchinchi choragida ko‘rgan daromadi miqdorini e’lon qildi. Hisobotlarda kompaniyalar rekord darajada daromad topgani ko‘rinadi, deya xabar bermoqda Qalampir.uz.

O‘QING: «Eng yomoni hali oldinda» – Apple bosh aksioneri yangi pandemiyadan ogohlantirdi

Apple

Apple kompaniyasi o‘zining uchinchi chorakdagi daromadi (AQShda moliya yili oktyabr oyi boshidan boshlanadi) miqdorini e’lon qildi. Uning daromadi o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 36 foizga yoki 81,4 milliardga, sof foyda esa deyarli ikki barobar, 21,7 milliardga oshgan.

Apple’ga muvaffaqiyat yangi iPhone liniyasi savdosi ortidan kelgan. Joriy yilning aprel-iyun oylari davomida kompaniyaning daromadi 39,6 milliardni tashkil qildi. Eng qizig‘i shundaki, iPhone'dan kelayotgan daromad so‘nggi bir necha yildan buyon kamayib bormoqda. Misol uchun 2018 yilda iPhone daromadi 62 foizni tashkil qilgan, bugungi kunga kelib esa 48 foizgacha pastlagan.

Eng ko‘p daromadni Apple’ga gadjetlar olib keladi. Gap shundaki, pandemiya davrida masofadan ishlaydiganlar ish, o‘qish va boshqa ehtiyojlari uchun odatdagidan ko‘proq gadjetlarni sotib olishgan. Bundan tashqari, noutbuk va planshetlarga bo‘lgan talab kutilganidan yuqori bo‘lgan.

O‘QING: Fortune 500 reytingi: Apple sof foyda bo‘yicha birinchi o‘rinda!

Alphabet

Google’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi ham o‘zining uchinchi chorakdagi daromadi haqida hisobot berdi. Kompaniyaning daromadi 62 foizga oshib, 61,88 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Sof daromad esa avvalgi chorakdan ikki barobar ko‘proq 18,52 milliard dollar.

Savdo-sotiq tahlilchilarining, shuningdek, korporatsiya direktori Sundar Pichaining fikriga ko‘ra, Google'ning muvaffaqiyati foydalanuvchilarning raqamli faoliyati o‘sishi bilan bog‘liq. Korporatsiyaning daromadi pandemiya davrida, ayniqsa, 2020 yil boshida keskin tushib ketdi. Bunga reklama marketing byudjetlarini qisqartirgani sabab bo‘lgan.

O‘QING: Google rahbari Sundar Pichai o‘tgan yili qancha maosh olgani ma’lum bo‘ldi

Microsoft

Microsoft’ning daromadi esa aprel-iyun oylarida o‘tgan yilgi mos davrga nisbatan 21 foizga o‘sib, 46,5 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Sof foyda esa 47 foizga o‘sgan va 16,5 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

Bulutli servis kompaniyaning asosiy o‘sish drayveri bo‘lib qolmoqda. Bulutli servisning asosiysi Azure hisoblanadi va uning daromadi 51 foizgacha oshgan.

Bundan tashqari, Microsoft boshqa kompaniyalar uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni sotish orqali gibrid yo‘l bilan pul ishlash rejasini tuzmoqda. Buning uchun korporatsiya yil boshida xodimlarining yarmi masofadan turib, qolganlari esa ofisd ishlaydiganlar uchun yangi dastur taqdim etgan. Microsoft bosh direktori Satya Nadellaning fikricha, gibrid ishlash usuliga o‘tish mehnat bozoridagi eng katta o‘zgarish bo‘ldi.

Xabarga ko‘ra, investorlar ushbu kompaniyalarning rekord darajadagi daromadiga xotirjamlik bilan munosabat bildirishgan. Joriy yilning 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan birja savdolarida ushbu kompaniyalarning aksiyalari 2 foizdan oshgan. Bozor o‘yinchilari ushbu gigantlar kelgusi chorakda o‘sish ko‘rsatkichini saqlab qolishiga shubha qilishmoqda.

Shunga qaramay, mazkur kompaniyalar sezilarli darajada o‘sishda davom etayotgani inkor qilinmagan. Financial Times'ga ko‘ra, ular pandemiya davrida va keyingi iqtisodiy tiklanishda eng yirik benefitsiarlarga aylanishgan.

O‘QING: Eng innovatsion ellikta kompaniya (BCG reytingi, 2021 yil)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!