Texnologiya haqida siz bilgan va bilmagan 10 ta fakt (3-qism)

Texnologiya haqida siz bilgan va bilmagan 10 ta fakt (3-qism)

Texnologiya haqida qiziqarli faktlarga bag‘ishlangan maqolalarimiz davom etadi. Maqolalarning oldingi qismlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

#1. Ilk onlayn geymning amaliyoti 2000 yildan oldin paydo bo‘lgan.

Sega Dreamcast bozor yuzini ko‘rgan ilk 128 bitlik konsol edi. 1999 yilda taqdim qilingan ushbu konsol foydalanuvchilarga real vaqt rejimida boshqalar bilan onlayn o‘yinlar o‘ynash imkonini taqdim qilgan. Afsuski, konsol zamondan ilgarilab ketgandi, sababi o‘sha paytda internet aloqasi yetarlicha darajada ishonchli emasdi.

#2. Agar sizni operatsiya qiluvchi jarroh geymer bo‘lsa, demak, ishonchli qo‘llardasiz.

Ajablanarlisi, bolaligida haftasiga 3 soatdan ko‘p video o‘yinlar o‘ynagan jarrohlar hamkasblariga qaraganda 37% kamroq xatolikka yo‘l qo‘yar ekan.

O‘QING: PubG haqida siz bilgan va bilmagan faktlar

#3. iTunes juda g‘alati foydalanish shartlariga ega.

iTunes'dan foydalanayotgan bo‘lsangiz, demak, siz yadro qurollaridan foydalanmaslikka rozilik bergan ekansiz. Striming xizmatining Foydalanish shartlarida: «Siz, shuningdek, ushbu mahsulotlardan ... yadro qurollar, raketa yoki kimyoviy, yoxud biologik qurollarni tayyorlashda, loyihalashda yoki ularni ishlab chiqarishda foydalanmaslikka rozilik berasiz», degan jumla bor.

#4. Nintendo, aslida, video o‘yinlar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lmagan.

1889 yilda asos solingan Nintendo kompaniyasi kompyuterlardan ham oldin paydo bo‘lgan. Xo‘sh, unda bu kompaniya dastavval nima bilan shug‘ullangan?

1889—1956 yillar oralig‘ida Nintendo o‘yin qartalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya bo‘lgan.

Yapon kompaniyasi hali ham qartalar ishlab chiqaradi va hatto Nintendo Kubogi deb ataluvchi bridj turnirini ham o‘tkazadi.

O‘QING: Ommalashgan Xiaomi haqida ommalashmagan ma’lumotlar

#5. Yahoo'ning dastlabki nomi juda uzun bo‘lgan.

Yahoo qidiruv tizimining dastlabki URL'i akebono.stanford.edu bo‘lgan. «Yahoo» so‘zi esa «Gulliverning sayohatlari» asaridagi to‘qima irq vakillarini bildiruvchi atama hisoblanadi.

+ Bonus fakt: Amazon'ning ham haqiqiy nomi Amazon bo‘lmagan! Kompaniya avvaliga Cadabra.com deb atalgan. Cadabra faqatgina onlayn kitoblar sotuvchi do‘kon bo‘lgan xolos.

Kompaniya rahbari Jeff Bezos 90-yillarda Cadabra uchun yangi nom qidira boshlagan. 1994 yilga kelibgina kompaniya hozirgi Amazon nomiga ega bo‘lgan.

#6. Ko‘pchilik Google'dan imloni tekshirish uchun foydalanadi.

Foydalanuvchilarning 97% i so‘zlarning to‘g‘ri imlosini bilish uchun ularni Google'ga yozib ko‘radi.

O‘QING: "Okay, Google: Menga o‘zing haqingda gapirib ber!"

#7. Nintendo Game Boy kosmosga olib chiqilgan.

1993 yilda TM-17 missiyasida Sobiq Ittifoq kosmonavtlaridan biri o‘zining Game Boy konsolini kosmosga olib chiqqan. Konsol Yer orbitasini 3,000 marta aylanib chiqqani aytiladi. Game Boy keyinchalik auksionda 1,220 dollarga sotilgan.

#8. Har oy Google'ga milliardlab so‘rovlar beriladi.

Google qidiruv tizimi oyiga 35 milliard so‘rovlarga javob qaytaradi. 2019 yil may oyida eng ko‘p qidiruv berilgan so‘zlar «Facebook» (233 million marta), «YouTube» (194 million marta) va «Amazon» (103 million marta) bo‘lgan.

O‘QING: Apple haqida siz bilgan va bilmagan 14 fakt

#9. Cheksangiz, Apple kafolat shartlarini buzgan bo‘lasiz.

Agar Apple kompyuterlaridan foydalanayotgan paytingizda tamaki cheksangiz, kompaniya o‘z mahsulotlariga kafolat bermaydi.

#10. Texnologiya bolalar ismiga ta’sir qilyapti.

2012 yilda kamida oltita yangi tug‘ilgan chaqaloq qizga Apple, 49 ta o‘g‘il bolaga Mac va 17 ta qiz bolaga Siri ismlari qo‘yilgan.

Ayni damda, AQShda Aleksa (Alexa) ismi mashhur bo‘lmay qoldi. Bunga sabab Amazon'ning 2015 yilda taqdim qilingan Alexa nomli ovozli yordamchisidir. Aleksa ismi 2015 yilda 6,050 ta chaqaloqqa qo‘yilgan edi, biroq 2018 yilda bu raqam 3,053 taga tushib ketgan. 2015 yilda Aleksa qiz bola chaqaloqlarga qo‘yilgan 32-eng mashhur ism bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 90-eng mashhur ismga aylanib qolgan.

O‘QING: Samsung haqida siz bilgan va bilmagan faktlar!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!