Tez kunda iPhone egalari ko'proq reklama ko'rishni boshlaydilar

Tez kunda iPhone egalari ko'proq reklama ko'rishni boshlaydilar

Garchi Apple'ning falon ming dollarlik iPhone, iPad yoki boshqa qurilmalarini sotib olsangiz ham, ulardan foydalanar ekansiz, kompaniya siz bilan pul ishlashni to'xtatmaydi. Gap shundaki, Meta, Google yoki boshqalar IT gigantlari kabi Apple ham o'zining reklama biznesiga ega va u kengayish arafasida. 

Bloomberg'dan Mark Gurmanning xabar qilishicha (The Verge orqali), kupertinolik kompaniya o'zining iPhone va boshqa qurilmalaridagi oldindan o'rnatilgan Maps (Xaritalar), Books (Kitoblar) va Podcasts (Podkastlar) ilovalariga ham reklama joylashtirishni rejalashtirmoqda. Berilgan ma'lumotlarga ko'ra, reklamalar ilovalar ichidagi qidiruv natijalarida paydo bo'ladi.

Aytish kerakki, Apple shunga o'xshash reklama modelini App Store do'konida allaqachon joriy qilgan: dasturchilar o'z ilovalari qidiruv natijalarining eng yuqorisida chiqishi uchun pul to'lashlari mumkin. Ta'kidlanishicha, Xaritalar, Kitoblar va Podkastlar ilovalarida paydo bo'ladigan reklamalar ham shunday tarzda ishlaydi. Masalan, Xaritalar ilovasida restoranlarni qidiruvga bersangiz, natijalarning eng yuqorisida restoran reklamasi chiqadi.

App Store'dagi yangi reklamalar joylashuvlari. Foto: Bloomberg

Bundan tashqari, App Store'da allaqachon mavjud bo'lgan reklamalar yanada ko'payishi kutilmoqda. Ma'lum bo'lishicha, Apple o'zining ilovalar do'konidagi "Bugun" sahifasiga kattaroq karta ko'rinishidagi, shuningdek, ma'lum bir ilovani yuklab olish sahifasidagi "Sizga yoqishi mumkin" bo'limiga ham ko'k rangda belgilangan ko'rinishdagi reklamalarni kiritmoqchi (Android uchun ilovalar do'koni, Google Play Store foydalanuvchilari uchun bu yangilik emas).

Apple'ning bu harakatlari kompaniya o'zining reklama biznesini yanada kengaytirishga intilayotganidan dalolat beradi. Ta'kidlash joizki, o'tgan yili kompaniyaning reklama biznesi 238 foizga o'sib, 3.7 milliard dollarni tashkil qilgan.

O'QING: Apple sabab so‘nggi Telegram yangilanishidan yangi funksiyalarning biri olib tashlangan

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!