TikTok endi YouTube'ni ham ortda qoldirdi

TikTok endi YouTube'ni ham ortda qoldirdi

BBC nashrining xabar berishicha, AQSh va Birlashgan Qirollikdagi foydalanuvchilar YouTube'dan ko‘ra ko‘proq TikTok'da vaqt o‘tkazmoqda.

O‘QING: Yangi vakansiya: TikTok’da roliklar ko‘rib, oyiga 250 ming rublgacha ishlab oling!

Ilovalar bozori tahlili bilan shug‘ullanuvchi App Annie monitoring kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, har bir foydalanuvchi ilovalarga sarflagan o‘rtacha vaqt TikTok'da ko‘proqdir.

App Annie'dagilar TikTok «striming va ijtimoiy tarmoq landshaftini butunlay boshqa tomonga yo‘naltirgan»ini ta’kidlamoqda. Vaholanki, foydalanuvchilarning sarflagan umumiy vaqti miqdori bo‘yicha YouTube yetakchilik qilmoqda, chunki mazkur platforma foydalanuvchilari soni TikTok'nikidan ko‘proq.

Google'ga qarashli video gigantning taxminan ikki milliard oylik faol foydalanuvchilari bor. TikTok'ning bu boradagi eng oxirgi ko‘rsatkichlari esa 2020-yil o‘rtalarida 700 millionga yaqin bo‘lgan.

App Annie hisobotidagi «sarflangan vaqt» ko‘rsatkichi faqat Android smartfonlardan olingan ma’lumotlarni aks ettirgan. Shuningdek, hisobotdan xitoylik foydalanuvchilar statistikasi o‘rin egallamagan. Ma’lumot uchun, TikTok Xitoyda Duoyin nomi bilan tanilgan.

O‘QING: TikTok’dagi yangi chellenjdan bolalar halok bo‘lmoqda!

«Ulkan auditoriya»
«Sarflangan umumiy vaqt ko‘rsatkichi bo‘yicha YouTube hali ham TikTok'dan oldinda, jumladan, Birlashgan Qirollikda ham. Ulkan auditoriyasi sabab YouTube nisbatan yengil internet foydalanuvchilaridan iborat demografiyani qayd etmoqda... ilova interntega kiruvchi har kimga yetib bormoqda», deydi Enders Analysis kompaniyasi vakili Jeymi MakEvan. YouTube'da eng ko‘p vaqt sarflovchi foydalanuvchilar sarflangan vaqt bo‘yicha TikTok'chilarga yetib olmoqda yoki ularni ortda qoldirmoqda, «lekin bu TikTok muvaffaqiyatsiz degani emas», deya qo‘shimcha qiladi MakEvan.

Yangi foydalanuvchilarni jalb qilish uchun TikTok'dagilar katta mablag‘ sarflamoqda, biroq yangi foydalanuvchilar boshqa ilovalardagi kabi TikTok'ka sodiq qolmayapti.

Hisobotda qayd etilishicha, Birlashgan Qirollikda TikTok YouTube'ni 2020-yil iyun oyida ortda qoldirgan va o‘shandan buyon mamlakatda yetakchi bo‘lib kelmoqda. AQShda bo‘lsa, ikki ilova bir necha marta yetakchilikni o‘zaro almashgan bo‘lib, 2021-yil apreldan boshlab TikTok birinchi raqamli bo‘lib turibdi.

App Annie tomonidan kuzatilgan boshqa ko‘rsatkichlar ham TikTok'ning o‘sib borayotgan ahamiyatini namoyish etadi.

Ijtimoiy, kommunikatsion, foto, video va ko‘ngilochar ilovalar orasida TikTok butun dunyo bo‘ylab 2020-yildan beri eng ko‘p yuklab olingan dastur bo‘lib turibdi. TikTok, shuningdek, o‘tgan yildan buyon iste’molchilar sarflagan xarajatlar bo‘yicha YouTube bilan raqobatlashib kelmoqda.

O‘QING: TikTok'ga yangi raqobatchi: YouTube Shorts Rossiyaga kirib kelmoqda

Daromadli striming
App Annie'ning hisobotida yana aytilishicha, jonli efirli ilovalarida, xususan, TikTok'da ham, kontent yaratuvchilariga sarflangan xarajat miqdori oshmoqda. 2021-yilning birinchi yarmida 25 ta eng ommabop ijtimoiy tarmoq platformasida foydalanuvchilar qilgan xarajatlarining to‘rtdan biri asosiy funksiyasi jonli efir bo‘lgan ilovalar ulushiga to‘g‘ri kelgan.

Masalan, Twitch singari geyming platformalarida tomoshabinlar «bit» deb nomlanuvchi virtual pul sotib olib, strimerlarni mukofotlashi mumkin. Yoki ma’lum kanalga pullik obuna bo‘lishlari mumkin.

TikTok esa foydalanuvchilarga «tanga»lar orqali kontent kreatorlarni xursand qilish imkonini taqdim etadi. YouTube'da ham jonli translyasiyalar uchun shunga o‘xshash funksiya mavjud.

«Jonli efir funksiyasi ijtimoiy tarmoq ilovalaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirmoqda, bu esa, o‘z navbatida, foydalanuvchilarning tarmoqda qiladigan xarajatlarini belgilaydi», deyiladi hisobotda.

O‘tgan yildan buyon yana bir tarmoq — Snapchat ham muvaffaqiyatli biznes qilib kelmoqda. To‘ldirilgan reallikli mazkur xabarlashuv ilovasining yuklab olishlar soni AQShdan tashqarida yillik 30% lik, ikki yil oldingiga taqqoslaganda esa 45% lik o‘sish ko‘rsatkichini qayd etgan.

O‘QING: TikTok imkoniyatlarni uch karra oshirmoqda!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!