TikTok haqida 10 statistika

TikTok haqida 10 statistika

Uchinchi mingyillik avlodi ijtimoiy tarmoqlar qurshovida voyaga yetmoqda. Mana shunday tarmoqlardan biri TikTok'dir.

TikTok butun dunyo bo‘ylab eng tez ommalashayotgan ijtimoiy tarmoq platformalaridan biri bo‘lib, video kontentni onlayn ulashishga ixtisoslashgan. Platforma o‘z foydalanuvchilariga qisqa musiqiy videoroliklar va filterlar yaratish hamda boshqa imkoniyatalarni taqdim etadi.

Kontentlar ba’zan kulgili, ba’zan kulgili emas, ammo ilova o‘ta o‘ziga tortuvchan.

TikTok foydalanuvchilariga o‘zlarini o‘ta kreativ ravishda namoyish qilish imkonini beradi. Ammo yoshlarni birdek o‘ziga jalb qilayotgan bu ilovaning siri nimada? Keling, TikTok statistikasiga bir e’tibor qaratamiz va bu savolga javob topamiz.

TikTok aslida nima?

TikTok iOS va Android uchun mo‘ljallangan multimedia ilovasi bo‘lib, qisqa videolar yaratish va ulashish uchun xizmat qiladi. Ilova ilk bora 2016 yil sentyabr oyida Xitoyda Douyin nomi bilan taqdim qilingan. 2017 yilga kelib, ByteDance kompaniyasi Douyin'ni Xitoydan tashqaridagi bozorlar uchun TikTok nomi ostida chiqardi. TikTok va Douyin bir xil dasturiy ta’minot asosida ishlaydi, ammo Xitoy sennzraviy cheklovlariga amal qilish maqsadida alohida-alohida tarmoqdan foydalanadi. TikTok'ni App Store va Google Play Store'dan dunyoning istalgan mamlakatida topish mumkin.

TikTok'ka doir top 10 statistika

1. TikTok'ning qancha foydalanuvchisi bor?

Yuqorida aytganimizdek, TikTok 2016 yil sentyabr oyida yaratilgan bo‘lsa ham, mana shu uch yil muddat muddat oralig‘ida o‘ta ommalashishga ulgurdi. Datareportal ma’lumotlariga ko‘ra, TikTok'ning dunyo bo‘ylab faol foydalanuvchilari soni 800 million kishini tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich bilan TikTok ijtimoiy tarmoqlar orasida ommaboplik bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi va LinkedIn, Twitter, Pinterest va Snapchat'lardan ko‘ra mashhurroqdir. 800 million foydalanuvchining 150 millioni xitoyliklardan iborat. Platforma, ayniqsa, aksariyat Osiyo davlatlari, jumladan, Kombodja, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya va Tailand aholisi tomonidan juda iliq kutib olingan. TikTok'ning qanchalik tez ommalashganini bilish uchun uni boshqa platformalar bilan taqqoslab ko‘ramiz. 800 million foydalanuvchi yig‘ish uchun Instagram'ga 6 yil kerak bo‘lgan, Facebook'ka esa 4 yil. TikTok esa atigi 3 yilda bu raqamni kesib o‘tdi.

2. TikTok necha marta yuklangan?

TikTok oxirgi bir necha yil ichida dunyo bo‘ylab eng ko‘p yuklangan ilovalardan biridir. 2019 yilga kelib, ilovaning yuklashlar soni App Store'da ham, Google Play Store'da ham 1,5 milliarddan oshib ketdi.

2019 yil fevral oyi holatiga ko‘ra, TikTok har ikki do‘konda 1 millard marotaba yuklangan edi. Keyingi 8 oy ichida yuklanishlar soni yana yarim milliarddan oshdi! Buni qoyilmaqom ko‘rsatkich deyishdan boshqa iloj yo‘q!

Sensor Tower statistikasining ko‘rsatishicha, 2019 yil yanvardan noyabrgacha TikTok 614 million marta yuklangan. 11 oy ichida erishilgan bu natija 2018 yilgi yillik ko‘rsatkichlardan 6% yaxshiroq edi.

Taqdim qilinganiga uncha ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, TikTok o‘tgan dekadaning eng ko‘p yuklangan 10 ilovasi ro‘yxatida YouTube va Twitter'dan ham yuqoqiroq bo‘lgan o‘rin, ya’ni yettinchi o‘rinni egallagan.

3. TikTok App Store'da eng ko‘p yuklangan ilovadir.

Yuqoridagi statistikalar sizni hayon qoldirmasligi mumkin, ammo quyidagisini o‘qib ko‘zingiz kosasidan chiqib ketishi aniq! 2019 yilning birinchi choragi holatiga ko‘ra, TikTok App Store'dagi eng ko‘p yuklangan ilova sanaladi. Sensor Tower ma’lumotlariga ko‘ra, dastur bir chorakning o‘zida 33 million marta yuklangan. Shunday qilib, TikTok YouTube, Instagram, WhatsApp, Facebook Messenger'larni ham ortda qoldirgan.

Aftidan, TikTok Android'dan ko‘ra iPhone foydalanuvchilari orasida ommalashgan ko‘rinadi, sababi ilova Google Play Store'da eng ko‘p yuklanganlik borasida WhatsApp va Facebook Messenger'dan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. Shunday bo‘lsa-da, 2019 yilning birinchi choragi TikTok uchun hozirga qadar eng omadli keldi — ushbu kvartalda ilovaga 188 million yangi foydalanuvchi qo‘shildi. Bu esa 2018 yilning mos davriga nisbatan 70% lik o‘sish demakdir.

4. TikTok butun dunyo o‘smirlarini «asirga olgan».

TikTok e’tiborni yoshlarga qaratib ayni to‘g‘ri yo‘lni tanlaganini isbotladi. Platformani katta avlod vakillari unchalik ham tushunmas, ammo yoshlar uchun TikTok'dan foydalanish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Globalwebindex'ga ko‘ra, TikTok foydalanuvchilarining 41% i 16—24 yosh oralig‘idagi o‘smir va o‘spirinlardir. Yoshlar orasida TikTok nimaligini bilmaydiganlarni topish mushkul, ammo kattalar orasida u haqda eshitmaganlar ko‘p. Buning sababi nimada? Sabab, oddiygina, maqsadda. Avvalo, aytish kerakki, ilova yaratuvchilari avvalboshdan o‘zlarining auditoriyasi qilib 18 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarni tanlagan. Boshqacha qilib aytganda, TikTok'ni yaratganlar boshqa platformalar yaratuvchilaridan ko‘ra yoshlar va ularning qiziqishlarini ko‘proq tushuna olgan. Boshidanoq o‘z auditoriyasini aniqlab olgan dasturchilar yosh avlodning odatlari va ularga yoqadigan jihatlarni tushunib yetgan va bilan o‘z mijozlariga ayni kerakli mahsulot taqdim qilgan. Platformada kulgili videolar yaratib, ularni boshqalar bilan ulashish mumkin. Kontent yaratishda, asosan, qo‘shiq kuylash, raqsga tushish va o‘z sevimli taronasini fonogramma qilish mumkin. TikTok yoshlarga o‘zlarini kreativ qilib ko‘rsatish imkonini taqdim qiladi. Shuning uchun ham, tarmoq aynan yoshlar orasida ommalashgan.

5. TikTok foydalanuvchilari davlatlar kesimida

TikTok'ni yuklab olganlarning aksariyati Osiyo, ayniqsa, Hindiston davlatidan.

2019 yil noyabr holatiga ko‘ra, yil davomidagi yuklashlar umumiy sonining 45% i (277,6 million marta) Hindiston ulushiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu ko‘rsatkich hindlar tomonidan yuklangan barcha ilovalar umumiy miqdorining 60% ini tashkil qiladi. Boshqacha qilib aytsak, 2019 yilda hindlar yuklagan har 10 ta ilovaning 6 tasi TikTok bo‘lgan.

Hindistondan keyingi o‘rinda Xitoy va Qo‘shma Shtatlar turadi. Bu ikki davlat aholisi tomonidan yuklashlar soni mos ravishda 45,5 va 37,6 millionni tashkil qiladi.

Ilovaning 2019 yilgi yuklashlar soni 2016 yildan beri yuklashlar sonining katta qismini tashkil qiladi. TikTok'ning hozirgacha bo‘lgan yuklashlar sonining 466,8 milliontasi yoki 31% i Hindiston ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu xitoyliklarning 173,2 million yuklashlaridan ikki barobar katta raqamdir. AQShdagi hozirgacha bo‘lgan yuklashlar soni 123,8 million bo‘lib, bu umumiy yuklashlarning 8,2% ini tashkil qiladi.

TikTok yaratuvchilari ilova Janubiy Osiyoda qanchalar ommalashganini biladi va shu uchun ham bu yerdagi mijozlari talabini to‘liq qondirishga harakat qiladi. Buning isboti o‘laroq, TikTok'dan hind tilining 15 xil mahalliy ko‘rinishda foydalanish mumkin. Bunga qo‘shimcha, TikTok o‘zini Hindistonda ta’lim dasturini boshlaganini aytish bilan reklama qilmoqda.

O‘QING: Instagram haqida siz bilgan va bilmagan 25 fakt

6. TikTok foydalanuvchilari kuniga qancha vaqtini ushbu ilovada o‘tkazadi?

BusinessApps bergan ma’lumotlarga qaraganda, foydalanuvchilar kuniga o‘rtacha 52 daqiqa vaqtini TikTok'ka sarflaydi. Bu vaqt yoki yangi video yratish, yoki boshqlarning videolarini tomosha qilishga sarfalanadi.

Keling, foydalanuvchining kunlik vaqt sarfi borasida boshqa ilovalar ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratamiz. Aksariyat Instagram foydalanuvchilari kunlik 53 daqiqa vaqtini Instagram tarmog‘ida o‘tkazadi, Snapchat'dagilar esa ushbu platformada 49,5 daqiqa sarflaydi. Facebook'da esa hammasidan ko‘p — 58,5 daqiqa vaqt sarfalanadi. Marketologlar uchun ushbu statistikalar juda katta ahamiyatga ega. Ya’ni foydalanuvchi ilovada qancha ko‘p vaqt sarflasa, shuncha ko‘p reklama tomosha qiladi.

7. TikTok nechta davlatda mavjud?

Apptrace'ning 2019 yilgi ma’lumotlariga e’tibor qaratsak, TikTok 155 ta davlatda ishlaydi. Ilovadan 75 tilda foydalanish mumkin.

8. Foydalanuvchilar TikTok'dan kuniga bir necha marta foydalanadi.

Yuklangan barcha ilovalarning 3/4 qismi faqat bir marta ishlatiladi, keyin unutiladi. Sizga keltirmoqchi bo‘lgan quyidagi statistikamizdan so‘ng, TikTok bu 3/4 qismdagi ilovalar toifasiga kirmasligiga ishonch hosil qilasiz. Foydalanuvchilarning 90% i TikTok'dan kunlik ravishda o‘ta faol ravishda foydalanadi. Platforma foydalanuvchilarini bir oy davomida kuzatish natijasida aniqlandiki, foydalanuvchilarning 68% i boshqalarning videosini tomosha qiladi, 55% i esa o‘zlarining videosini yaratadi (Globalwebindex). Demak, foydalanuvchilarning ko‘pi yangi kontent yaratishdan ko‘ra, mavjudlarini tomosha qilishni afzal ko‘rar ekan.

Yaratuvchilardan ko‘ra tomosha qiluvchilar sonining ko‘pligiga oddiy sabab bor. Bu ham bo‘lsa, ko‘pchilik tarmoqni shunchaki ko‘ngil ochish manbayi sifatida ko‘radi. Ammo, shunday bo‘lsa-da, kontent yaratuvchilarning soni ham o‘ta darajada ko‘p. Bu TikTok'ning ijtimoiy paltforma sifatidagi soddaligi va yaratuvchanlik erkinligini namoyon qiladi.

9. TikTok katta yoshli amerikalik foydalanuvchilar orasida ham ommalashib bormoqda.

Amerikaliklar TikTok'ni juda sevadi. 500 million oylik faol foydalanuvchilarning 26,5 millioni Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qiladi. Bu statistikada ham Android, ham iOS qurilmalari orqali yuklashlar soni umumiy ko‘rsatilmoqda.

Tarmoq o‘smirlar orasida o‘ta ommalashgan bo‘lsa ham, eng so‘nggi ko‘rsatkichlar o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.

2018 yilning uchinchi choragidagi biroz pastlashlarni inobatga olmasak, oxirgi bir necha yillardan buyon TikTok'ning katta yoshdagi amerikalik mijozlari soni ortib bormoqda.

2017 yilning birinchi choragida katta yoshli amerikalik foydalanuvchilar soni 2,6 million edi. 2018 yilning mos davrida esa bu raqam deyarli uch barobar oshib, 7,2 millionga yetdi. 2018 yil sentyabridan buyon bu toifadagi foydalanuvchilar soni keskin ravishda ortib kelmoqda. Atigi keyingi olti oy ichida 7,2 million foydalanuvchi 14,3 millionga yetdi. 

Shunday qilib, 18 oydan kamroq muddat oralig‘ida katta yoshdagi AQShlik foydalanuvchilar soni 5,5 marta ko‘paydi. Bunga sabab qilib taniqli boshlovchi Jimmi Fellon mezbonligidagi «The Tonight Show»ni keltirish mumkin. Shouning bir qismi sifatida, Fellon tomoshabinlarni TikTok'dagi chellenjlarda ishtirok etishga chiqargan. Ushbu hamkorlik samarasi o‘laroq, TikTok'ning ameriklarik katta yoshdagi foydalanuvchilari soni ko‘paygan.

10. TikTok'da tomosha qilingan videolarning o‘rtacha soni

TikTok'da tomosha qilingan videolarning o‘rtacha soniga kelsak, bir yil davomida tarmoqdagi videolar kuniga 1 millon martadan ortiq tomosha qilingan (Influencermarketinghub, 2018). Bunda ahmiyatlisi, mana shu kunlik bir million tomosha qilishlar soniga TikTok taqdimotidan atigi bir yil o‘tib erishilgan.

Xulosa

Qo‘rqmasdan aytishimiz mumkinki, TikTok shunchaki Vine'ning o‘rnini bosayotgani yo‘q, balki ijtimoiy tarmoq va media bozorining eng katta yetkachilari bilan raqobatlashmoqda.
 
TikTok asosiy e’tiborni kontent yaratuvchilariga qaratadi. Kontent yaratishning osonligi esa TikTok'ka boshqa raqiblaridan ustun jihat bo‘lib xizmat qiladi.

Biz sizga yuqorida keltirib o‘tgan statistik ma’lumotlar bilan ushbu platforma va uning nima uchun bunchalar ommabop ekanligini yanada yaxshiroq tushunib oldingiz, deb umid qilamiz.

O‘QING: Politsiya so‘zlashuvlarini tinglash ilovasi Facebook, Instagram va TikTok’ni ortda qoldirdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.