Tokioda politsiyachi dron dronlarni “ovlayapti”

Tokioda politsiyachi dron dronlarni “ovlayapti”

Tokio politsiyasi xavfli uchuvchisiz “uchar” apparatlar bilan kurashuvchi maxsus otryad tuzdi. Asahi Shimbun nashri ma’lumotlariga ko‘ra, politsiyachi dronlar boshqa uchar qurilmalarni tutuvchi maxsus to‘rlarga ega.

Dronlar dronlarga qarshi

Qurilmalar maxsus ob’yektlarni qo‘riqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, mamlakat uchun muhim rol o‘ynaydi. Ya’ni ular teraktlardan ogoxlantirish vazifasini ham bajaradi. Masalan, Yaponiya parlamenti binosi yaqinida shubxali uchar dronlar ko‘zga tashlansa, yirik politsiya dronlari ularni tutib kelish uchun jo‘natiladi.

Albatta, bunday ehtiyotkorlikdan ajablanmasa ham bo‘ladi. Negaki, joriy yilning aprel oyida Yaponiya bosh vaziri rezidensiyasi tomida radiokativ material joylangan dron tutilgan edi. O‘shanda qurilma tarmoq orqali boshqarilgan, rezidensiya hududida uchish chegaralangani bois, qo‘riqlovchilar xavfni o‘z vaqtida mustaqil ravishda bartaraf eta olmagan.

“Politsiyachi dronlar” loyihasi hozircha sinov jarayonlarida va dronlarni to‘rga ilintirish bilan bitta apparat shug‘ullanmoqda. Mazkur DJI Spreading Wings S900 qurilmasi 2x3 metr o‘lchamli to‘r bilan ta’minlangan. Kelajakda otryad safiga yana 10 ta dron qo‘shiladi va ular maxsus o‘rgatilgan xodimlar tomonidan boshqariladi.