Top-10: Eng qudratli Android-smartfonlar (AuTuTu talqini)

  •   DiMaX
  •  1923
  •  16.05.2018 12:48

Top-10: Eng qudratli Android-smartfonlar (AuTuTu talqini)

Mobil qurilmalar sanoati va bozori tobora rivojlanib, smartfonsozlar hamisha yuksak samaradorlikka ega modellar yaratish borasida bir-biridan o‘zishga intiladilar. Qizig‘i shundaki, ko‘pincha yetakchi kompaniyalar emas, balki o‘rtacha baholanuvchi ishlab chiqaruvchilar ayni shu ko‘rsatkich bo‘yicha ilg‘or bo‘lib chiqishadi.

O‘QING: Jahonning eng yaxshi smartfonlari reytingi e’lon qilindi

 Kuni kecha – 2018 yilning 15 may sanasida ommabop AuTuTu benchmarki xodimlari Android operatsion tizimi bazasidagi eng baquvvat o‘nta smartfonni e’lon qilishdi. Aytish kerakki, 2018 yil aprelidagi holatni aks ettiruvchi bu reytingda faqat shu oy oxirigacha savdoga qo‘yilgan modellarning ushbu servisdagi testda ko‘rsatgan natijalari inobatga olingan. Top-o‘ntalikka kirgan qurilmalarning har biri AuTuTu’da 500 martadan oshiq sinab ko‘rilgan. Ya’ni, ularning ko‘rsatkichlari aniq va maksimal darajada ob’yektiv baholangan.

Xullasi kalom, 2018 yil aprel oyining oxirigacha bo‘lgan holatga ko‘ra, dunyoning eng qudratli mobil qurilmasi Xiaomi kompaniyasi taqdim etgan Black Shark o‘yinbop smartfoni bo‘lib chiqdi. 272 388 ballik natija ko‘rsatib, reyting cho‘qqisini zabt etgan ushbu devaysning xususiyatlari va suratlari bilan quyidagi tavsifimizda batafsil tanishish mumkin.

O‘QING: Xiaomi Black Shark – suyuqlikli sovitish tizimi, maxsus geympad va o‘yin rejimiga ega haqiqiy geymerofon!

Ikkinchi o‘rinni esa 263 678 ballik natija bilan Android-smartfonlar borasidagi yetakchi – Samsung kompaniyasining Galaxy S9+ flagmani egallagan. Ushbu modelning «plyus»siz talqini – Galaxy S9 modeli esa 263 041 ochko olib, kuchli uchlikni yakunlab bergan.

«Xitoycha Apple»ning Mi MIX 2S flagmani ham chakki emas – 262 789 ball bilan to‘rtinchi o‘rinni zabt etgan. Bu kompaniyaning «Qora Akula» geymerofoniga raqib tarzida ringga tushgan ZTE’ning «Qizil Jodu» – Nubia Red Magic modelini ham bilasiz.

Garchi reytingda beshlikni tugallab bergan bo‘lsa-da, ushbu smartfon ko‘rsatkichlari birmuncha past – 215 481 ball. Buning sababi ham ma’lum – u raqiblaridagi kabi eng ilg‘or Snapdragon 845 emas, balki Snapdragon 835 protsessori bazasida ishlaydi.

O‘QING: Ilk partiyasi atigi 37 soniyada sotib tugatilgan smartfon!

Yuqoridagilardan ayon bo‘lishicha, samaradorlik borasida Snapdragon 845 hamda Exynos 9810 protsessorlariga ega smartfonlar boshqalardan yaqqol ustunlikka ega.

Mana, AuTuTu talqini bo‘yicha joriy yilning apreli so‘ngida dunyoning eng kuchli smartfonlari o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

Guvohi bo‘lib turganingizdek, reytingning oltinchi, yettinchi va sakkizinchi pog‘onalarini dunyoning uchinchi raqamli smartfonsozi – Huawei kompaniyasining Mate 10 Pro, Mate 10 hamda Honor V10 modellari egallagan. Bu smartfonlarning baquvvatligida ulardagi Kirin 970 protsessori – alohida NPU neyron protsessoriga ega chip katta ahamiyatga ega. To‘qqizinchi o‘rinni o‘tgan yilgi amaldagi eng kuchli flagman – OnePlus 5T egallagan bo‘lsa, kuchli o‘ntalikni uning «uka»si – OnePlus 5 yakunlab bergan.

Ta’kidlash kerakki, may oyida ushbu reytingda kuchli o‘zgarish bo‘lishi kutilayotir, zero, yaqin orada maydonga bir qator yangi flagmanlar tushib keladi. Ular orasida LG G7 ThinQ, Smartisan R1, Nubia Z18, Xiaomi Mi 8 va HTC U12+ kabilar ham mavjudligini inobatga olsak, «jang» qizg‘in bo‘lishini payqash qiyin emas.

O‘QING: iPhone X kushandasi, naq to‘rtta kamerali “topishmoq” smartfon – HTC U12+ taqdimot sanasi ma’lum!