To‘rt yillik Samsung smartfonlariga ham endi Android 11 o‘rnatish mumkin!

  •   DiMaX
  •  1338
  •  15.04.2021 11:11

To‘rt yillik Samsung smartfonlariga ham endi Android 11 o‘rnatish mumkin!

Janubiy koreyalik korporatsiya o‘zining Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ smartfonlari uchun tizim yangilanishini shu yilning yanvar oyida chiqargan. Eslatib o‘tamiz, bular – kompaniyaning 2017 yilgi flagman modellaridir (tavsifi bilan tanishing).

O‘QING: Samsung «eng qudratli Galaxy qurilmasi»ning taqdimot kunini e’lon qildi

Aytish kerakki, kompaniyaning sakkizinchi avlod flagman smartfonlari uchun ushbu yangilanish rasman eng so‘nggisidir. Ular bilan bir yilda chiqarilgan Galaxy Note 8 fableti (tavsifi) esa oktyabrdan boshlab faqat har chorakda xavfsizlik patchlarini olib turadi.

Lekin havaskor dasturchilar jamoasi Exynos protsessorli ushbu uchta rusumdagi eski flagmanlar egalarini quvontirishga qaror qildi. Ko‘pchilikka ma’lum LineageOS 18.1 grafik qobig‘i asosidagi Project Sakura loyihasi doirasida ular uchun proshivkalar ishlab chiqildi. Bu proshivkalarga Android 11 operatsion tizim talqinining barcha asosiy o‘ziga xosliklari kiritilgan, ularda foydalanuvchi interfeysi sodda, yana turli qo‘shimcha sozlamalar ham joriy etilgan.

O‘QING: O‘n xil Samsung smartfoniga Android 11 bazasidagi One UI 3.1 proshivkasi kela boshladi!

To‘g‘ri, Android 11 asosidagi proshivkalar hozircha to‘liq oxiriga yetmagan va ularda ayrim nuqsonlar kuzatiladi. Masalan, ularda hozircha Wi-Fi Direct hamda internet ulashish funksiyasi ishlamayapti. Nima bo‘lganda ham, smartfoniga bu kabi norasmiy proshivkani o‘rnatayotgan foydalanuvchi uning oqibatlari uchun o‘zi mas’ul bo‘ladi.

Bordiyu sinab ko‘rishdan cho‘chimaydigan bo‘lsangiz, Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ flagmanlari uchun ushbu havola, Galaxy Note 8 fableti uchun esa mana bu havola yordamida Project Sakura proshivkalarini ko‘chirib olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, turli smartfonsozlarning o‘z mobil qurilmalariga tizim yangilanishlarini hamda xavfsizlik patchlarini tarqatib turish muddatlari har xil. Bu borada Apple’ga yetadigani yo‘q – aksariyat iPhone’lariga u kamida besh yilgacha apdeyt tarqatadi.

O‘QING: Global proshivka, Global versiya va Xitoy versiya. Bularning farqi nimada?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!