Toshkent shahridagi Inha universitetida hujjatlar qabuli boshlandi

  •   DiMaX
  •  966
  •  18.04.2017 09:54

Toshkent shahridagi Inha universitetida hujjatlar qabuli boshlandi

2017 yilning 17 aprel kunidan Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni boshladi. Bu xususda Universitet saytida xabar berilmoqda.

Mazkur muassasaga hujjatlarni topshirish jarayoni avvalgi yillardagi kabi to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi. IUTda o‘qishni istagan abituriyentlar, https://admissions.iut.uz havolasi bo‘yicha universitet saytiga kirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirishlari lozim.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar shaxsiy ma’lumotlarning elektron nusxasini ilova qilishlari lozim: pasport, akademik litsey, kasb-hunar kolleji/maktabni bitirganligi to‘g‘risidagi diplom/attestat, 086-formasidagi tibbiy ma’lumotnoma, IELTS yoki TOEFL imtihonini topshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat.

Agarda abituriyent hali litsey yoki kollejni bitirmagan bo‘lsa – unday holda o‘quv yurtining ma’lumotnomasini, IELTS yoki TOEFL imtihonini topshirganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmasa, u holda IELTS yoki TOEFL imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi shart.

Ta’kidlash kerakki, onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2017 yilning 10 iyul kuni soat 17:00 ga qadar davom etadi.

Abituriyentlar uchun talablar o‘zgarishsiz qoldirildi. Abituriyentlar ingliz tilidan o‘z bilimlarini tasdiqlash uchun IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini taqdim etish lozim.

IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikati bo‘lmagan abituriyentlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, Toshkent shahridagi Inha universiteti Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda IELTS imtihonlariga yopiq sessiyani tashkil etmoqda. Imtihon 2017 yilning 8 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Abituriyentlar 2017 yilning 12 mayiga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.

Alternativ tarzda abituriyentlar TOEFL iBT imtihonlarini topshirishlari mumkin.  Abituriyentlar 2017 yilning 6 may va 3 iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida bo‘lib o‘tadigan TOEFL iBT imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Imtihonlar Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida o‘tkaziladi.

Qayd etamiz, Toshkent shahridagi Inha universitetiga hujjat topshirish uchun albatta IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatlaridan biri taqdim etilishi lozim. Bunday sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar kirish imtihonlariga qo‘yilmaydi. Imtihonlar quyidagi fanlardan topshiriladi:

– Matematika va fizika fanlaridan – «Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi» uchun: IELTS 5.0 ball yoki TOEFL iBT 50 balldan kam bo‘lmasligi lozim.

– Matematika fanidan «Logistika» yo‘nalishi uchun: IELTS 6.0 ball yoki TOEFL iBT 75 balldan kam bo‘lmasligi lozim.

Kirish imtihonlari har bir fandan 20 tadan savollarni o‘zida mujassam etib, yozma tarzda o‘tkaziladi. Javoblar uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. Savollar o‘rta ta’lim dasturiga mo‘ljallangan o‘quv darsliklari asosida tuzilgan. «Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi» uchun kirish imtihonlarida matematikaning salmog‘i 60 foizni, fizikaning salmog‘i esa 40 foizni tashkil etadi.

Qabul shartlari hamda imtihonlar jarayoni bilan tanishtirish uchun O‘zbekiston viloyatlaridagi akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Mazkur uchrashuvlar davomida universitet vakillari abituriyentlarni qiziqtiradigan barcha savollarga batafsil javob berishadi.

Shuningdek, may oyida Toshkent shahridagi Inha universiteti videokonferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Videokonferensiya davomida akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari, hamda ularning ota-onalariga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur hujjatlar, qabul shartlari hamda imtihonlar jarayoni to‘g‘risida bevosita Toshkent shahridagi Inha universitetining Qabul komissiyasi vakillaridan bilib olish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlab o‘tamiz, IUT 2017-2018 o‘quv yilida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi» (SOCIE)ga 300 nafar hamda  «Logistika» yo‘nalishiga 100 nafar talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

«Terabayt.uz» muxlislari uchun mazkur oliy o‘quv yurti, undagi sharoitlar va o‘quv jarayonlari haqida universitet rektori bilan qilgan eksklyuziv suhbatimizni mana bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!