Toshkentdagi «qizg‘in» joyda radar o‘rnatish huquqi 3,5 mlrd so‘mga sotildi

  •   DiMaX
  •  543
  •  13.08.2021 08:45

Toshkentdagi «qizg‘in» joyda radar o‘rnatish huquqi 3,5 mlrd so‘mga sotildi

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21 apreldagi 232-son qarori asosida radar va kameralar o‘rnatish joylari «E-auksion» savdo maydonchasi orqali sotilishi belgilangan edi. Joriy yilning 9 iyunidan esa mamlakatda birinchi bo‘lib Namangan va Xorazm viloyatlarida radar va kameralar o‘rnatish joylari savdoga chiqarilgan edi. Yaqinda esa...

O‘QING: Toshkentda ham yo‘lga radar o‘rnatiladigan joylar savdoga chiqarildi

 E-auksion’da tadbirkorlarning radar o‘rnatishiga ruxsat beriladigan hududlardan biri boshlang‘ich narxidan qariyb 100 barobar qimmatga sotildi. Bu to‘g‘rida Daryo nashrining Telegram tarmog‘idagi Daryo — LIVE kanali xabar bermoqda.

Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy ko‘chasining Hamid Olimjon maydoni hududidagi yo‘l o‘tkazgichga radar va kamera o‘rnatiladigan nuqta bo‘yicha auksion savdolari 12 avgust kuni o‘tkazildi. Lotning boshlang‘ich narxi 36 million 750 ming so‘m etib belgilangandi. 6 soatdan ortiq davom etgan savdolardan so‘ng ushbu lot 3 496 762 500 (uch milliard to‘rt yuz to‘qson olti million yetti yuz oltmish ikki ming besh yuz) so‘mga sotildi. Aynan shuncha summa taklif etgan xorijiy Tech Age kompaniyasi auksion g‘olibi deb topildi.

YHXBB barcha lotlarni chiqarganda ushbu hududdagi avtomobillar oqimi va so‘nggi ikki yil davomidagi qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirmoqda. Shu orqali qoidabuzarliklar orqali qancha pul ishlab topish mumkinligini prognoz qilish mumkin. Ammo 3,5 milliard so‘mga sotilgan lot hududida transport oqimi keltirilgan (32 000) bo‘lsa-da, qoidabuzarliklar ustunida «0» raqami yozilgan.

O‘QING: Toshkentdagi fotoradar va kameralar soni hamda o‘rnatilgan joylari ro‘yxatlari

Radar va kamera o‘rnatish huquqi qo‘lga kiritilgan ushbu nuqta yaqinida 3 yil avval aktrisa Farangiz Rejametova avtohalokat qurboni bo‘lgandi. Farangiz Rejametova 2018 yil 20 iyulda soat 21:15 atrofida Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi chorrahasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganida 23 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Mercedes-Benz avtomobili qizga yo‘l bermasdan, uni urib yuborgandi. Haydovchi jabrlanuvchini kasalxonaga olib borgan, ammo yo‘lda 25 yoshli aktrisa olamdan o‘tgan.

Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u uy qamog‘iga olingandi. Keyinchalik haydovchiga nisbatan qanday jazo qo‘llanilgani e’lon qilinmadi.

Hodisadan bir muddat o‘tib, piyodalar o‘tish joyiga svetofor, Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgichga esa fotoradar o‘rnatilgandi.

O‘QING: Yo‘lga radar va kamera o‘rnatgan tadbirkor YHQ buzilishini aniqlaganligi uchun qancha oladi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.