Toza musiqa va toza havo

Toza musiqa va toza havo

Dyson kompaniyasi Zone nomli havo tozalagich biriktirilgan quloqchin/quloqchinga biriktirilgan havo tozalagichni taqdim qildi. Ushbu noodatiy texnologiya metropolislarda yashovchilar uchun bir o‘q bilan ikki quyonni urish imkonini beradi: tashqi shovqinlarsiz, tiniq musiqa tinglash va kamroq ifloslangan, toza havodan nafas olish.

Aslida Zone quloqchinlari Dyson'ning ilk audio mahsuloti bo‘lib, kompaniya odatda havo tozalovchi qurilmalarni yaratadi. Shunday qilib, quloqchin uchun soddalashtirilgan havo filtrlash texnologiyasi qo‘llanilgan bo‘lib, har ikki quloqchin chashkalari havoni tortuvchi mitti kompressorlarga ega. Havo ikki qatlamli filtrlar orqali o‘tadi: birinchi qatlam 0.1 mikrongacha bo‘lgan kichik zarralar (chang, bakteriya...) ning 99 foizi ushlab qolsa, ikkinchi qatlamda zararli gazlar (azot, oltingugurt...) filtrlanadi. Bunda filtrlarni havo iflosligi holatiga yoki undan qanchalik faol foydalanishga qarab, yilda bir yoki bir necha marotaba alishtirib turish kerak bo‘ladi. Tozalangan havo to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘iz va burunni to‘sib turuvchi maskaga yuboriladi. Maska oddiy niqoblar singari yuzga tegib turmaydi, shu sabab, u koronavirusdan yoki boshqa viruslardan himoya qila olmaydi.

Umuman, Zone 6 yil davomida, 500 dan ortiq prototiplardan keyin yaratilgan va bu bir vaqtning o‘zida kompaniyaning eng g‘alati va eng mashhur bo‘lgan mahsulotidir. Zone to‘rt xil havo tozalash rejimiga ega: yuqori, o‘rtacha, past va avtomatik. Niqob magnit yordamida quloqchinga birikadi, shunday ekan agar faqat quloqchindan foydalanmoqchi bo‘lsangiz yoki suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz, niqobni vaqtinchalik yoki butunlay yechib qo‘yish ham mumkin.

Quloqchinlarga keladigan bo‘lsak, u shovqinni bekor qiluvchi uch xil rejimga ega: izolyasiya, suhbat va shaffoflik. Izolyasiya rejimida shovqin faol ravishda bekor qilinsa, shaffoflik rejimida siz atrofingizdagi mashina signallari kabi ayrim tovushlarni eshitishingiz mumkin. Suhbat rejimi niqob olinganida ishga tushadi va bunda filtrlash o‘chiriladi. Shu bilan birga, u yuqori sifatli ovozni ta’minlaydigan neodimiy dinamik tizimiga va shovqinni kamaytiradigan mikrofonlarga ham ega. Zone USB-C yordamida quvvatlanadi, hamda uni atrofdagi havo sifatida haqida batafsil ma’lumotlar beruvchi Dyson Link ilovasi bilan bog‘lash mumkin.

The Verge jurnalisti Zone'dan foydalanishga muvvaffaq bo‘lganligini ma’lum qildi va unga ijobiy fikr bildirdi. Uning gaplariga ko‘ra, havo tozalash va shovqinni bekor qilish xususiyatlari yaxshi ishlagan, lekin u ichkari va tinchroq joyda bo‘lgani uchun funksiyalarning qanchalik zo‘r ekanligini aytishga qiynalishini bildirgan. Shuningdek, Zone quloqchinlari sezilarli darajada katta va og‘ir ekanligini, kompressor motori ovozi esa musiqa qo‘yilmayotgan vaqtda eshitiladigan darajada ovoz chiqarishini ma’lum qilgan.

Kompaniya hozircha Zone dastlabki ma’lumotlarini ochiqlagan xolos. Uning narxi, og‘irligi, batareya quvvati va boshqa xususiyatlari kuz faslida mahsulot sotuvga chiqarilganida ma’lum qilinadi.

O‘QING: Dunyodagi eng tezkor grafik karta shu yerda!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.