Tramp bilan mojarolar tufayli TikTok rahbari iste’foga chiqdi

  •   DiMaX
  •  344
  •  28.08.2020 08:59

Tramp bilan mojarolar tufayli TikTok rahbari iste’foga chiqdi

Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘ining bosh ijrochi direktori Kevin Mayer ushbu lavozimga tayinlanganidan uch oy o‘tgach iste’foga chiqdi. Bu to‘g‘rida Financial Times manbalariga tayanib xabar bermoqda, deb yozadi Sof.uz. Reuters agentligi ushbu ma’lumot to‘g‘riligini kompaniyadan tasdiqlagan.

O‘QING: TikTok servisi Trampni sudga berdi

Top-menejer o‘z xodimlariga yozgan xatida ketishni Donald Trampning tarmoqqa qarshi ayblovlaridan so‘ng «keskin o‘zgargan» siyosiy muhit bilan izohladi.

Payshanba kuni Mayer o‘z qarori haqida ijtimoiy tarmoq egasi bo‘lgan ByteDance Ltd. va TikTok xodimlariga ma’lum qildi, deb yozadi FT. Hozircha uning vazifalarini kompaniyaning AQShdagi biznes rahbari Vanessa Pappas bajaradi.

Mayer AQSh prezidenti Donald Tramp, agar ByteDance AQSh aktivlarini mahalliy kompaniyaga 90 kun ichida sotmasa, mamlakatda TikTok'ni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandan so‘ng, lavozimidan ketishga qaror qildi. «Men o‘zim zimmamga olgan rolim, shu jumladan TikTok global operatsiyalarini boshqarish, AQSh ma’muriyatining xatti-harakatlari tufayli butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lishini tushunaman», – deb yozgan Mayer xodimlarga yo‘llagan maktubida.

O‘QING: 235 million nafar Instagram, YouTube va TikTok yuzerlarining shaxsiy ma’lumotlari chiqib ketdi

Top-menejer may oyida TikTok rahbarligiga tayinlangan edi. Bungacha u Walt Disney'da Disney+ striming xizmatini muvaffaqiyatli boshqargan. Unga ko‘ra, Amerika kompaniyasining TikTok bilan tuzgan bitimining konfiguratsiyasi «juda tez orada» aniqlanadi.

TikTok shu hafta sudda Trampning farmoniga qarshi chiqdi va Amerika ma’muriyatining harakatlari siyosiy asosga ega deb da’vo qildi. AQSh ma’muriyati dasturni Amerika ma’lumotlarini Xitoy rasmiylariga o‘tkazishda qodirlikda ayblamoqda. TikTok egalari buni rad etishmoqda.

Avgust oyida Microsoft kompaniyasi ByteDance bilan AQSh, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi bizneslarini sotib olish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini e’lon qildi. OAV shuningdek, Twitter va Oracle TikTok xizmati bilan o‘zining Amerikadagi biznesining birlashishi mumkinligi to‘g‘risida dastlabki muzokaralarni olib borishgani haqida xabar berishdi.

O‘QING: TikTok ilk bor foydalanuvchilar statistikasini e’lon qildi: tengi yo‘q o‘sish!