Tramp tarafdorlari Telegram orqali zo‘ravonlikka chaqirmoqda

  •   DiMaX
  •  422
  •  14.01.2021 09:38

Tramp tarafdorlari Telegram orqali zo‘ravonlikka chaqirmoqda

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp tarafdorlari saylangan Prezident Jo Baydenning inauguratsiyasi kuni namoyish o‘tkazishni rejalashtirish uchun maxfiy Telegram-kanallardan foydalanmoqda. Bu haqda AQShning NBC News nashri xabar berdi.

O‘QING: Boshqa ijtimoiy tarmoqlar qatori, YouTube ham Trampning akkauntini «muzlatib» qo‘ydi

Ma’lum qilinishicha, Tramp tarafdorlari Telegram platformasidagi kanallar orqali 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan Baydenning inauguratsiya marosimida Hukumat amaldorlariga qarshi zo‘ravonlik qilishga chaqirmoqda. Zo‘ravonlik faollari kanallarda qo‘lbola qurol va bombalarni yasash, yashirish va ulardan foydalanish to‘g‘risida ko‘rsatmalar bilan ham bo‘lishmoqda.

Xabarga ko‘ra, AQSh Federal qidiruv byurosi, allaqachon, 50 ta shtat poytaxtida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurolli norozilik namoyishlari to‘g‘risida huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlovchi organlarga ogohlantiruvchi xabarlar yuborgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda ommaviy axborot vositalarida Apple kompaniyasi App store’dan Telegram messenjerini o‘chirib yuborishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan.

O‘QING: WhatsApp’ning yangi siyosati Telegram’ga qanday foyda keltirdi?

O‘z navbatida, AQShning amaldagi Prezidenti Donald Tramp mamlakatda kechayotgan vaziyatga baho berib, saylangan Jozef Baydenning inauguratsiyasi oldidan xavfsizlikni ta’minlash maqsadida favqulodda holat e’lon qilgan va Vashingtonga federal yordam yuborgan.

Ma’lumot o‘rnida, 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari AQSh Kongressi binosiga bostirib kirib, 3 noyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylov natijalari tasdiqlanishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi. Tez orada politsiya va maxsus kuchlar Kapitoliy tepaligidagi Kongress binosidan Trampni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilarni chiqardi. Kongressmenlar Baydenni saylangan Prezident sifatida tasdiqlash jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va 70 ga yaqin kishi hibsga olingan.

O‘QING: Telegram yaralganidan beri hali bunaqa shuhratga erishmagan edi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!