Truepic – fotosuratning haqiqiyligini tasdiqlab beruvchi «notarius» ilova

  •   DiMaX
  •  1232
  •  15.05.2017 10:09

Truepic – fotosuratning haqiqiyligini tasdiqlab beruvchi «notarius» ilova

Bugungi kunda internetda tarqalayotgan rasmlarning haqqoniyligiga, Photoshop yoki boshqa biror dastur yordamida qayta ishlanmaganligiga ishonch yo‘q. Shu bois, hatto o‘zingiz smartfoningizda tushirgan fotosuratning haqiqiy ekanligini isbotlash ham qiyin. Ammo endi shu masalaga uzil-kesil aniqlik kirituvchi ilova – Truepic yaratildi.

Truepic fotosuratning haqiqiyligini tasdiqlab beruvchi o‘ziga xos virtual notarius kabidir. Mazkur ilova yordamida olingan suratlar shu zahotiyoq serverga yuboriladi, shu sababli ularni tahrirlash, o‘zgartirish, qayta ishlash imkoni umuman yo‘q.

Bundan tashqari, fotosuratga uning olingan sanasi va vaqti biriktiriladi, shuningdek, suratga tushirilgan joy koordinatlari ham (buning uchun GPS tizimini faollashtirish lozim). Shu tariqa, Truepic biror fotosuratning nafaqat haqqoniyligini, balki uning suratga olingan joyi va vaqtini ham aniq isbotlashga yordam beradi.

Shundan keyin fotorasmni o‘zingizga qulay bo‘lgan istalgan usulda ulashishingiz mumkin. E’tibor bering, har bir suratda uning haqqoniyligini tasdiqlovchi maxsus Truepic «suvli» belgisi bo‘ladi. Shuningdek, siz tasvirga uning suratga olingan sanasi va aniq joyi haqidagi ma’lumotlarni ham kirita olasiz.

Xo‘sh, Truepic qachon, qanday vaziyatlarda kerak bo‘ladi?

Masalan, fotosuratning haqiqiyligi biror muhim masala ta’sir etadigan quyidagi kabi holatlarda uni ishlatish mumkin:

  • kvartirani ijaraga topshirishdan oldin uning holatini tasvirda muhrlab qo‘yishda;
  • avtomobil yoki boshqa biror transport vositasini ijaraga olayotganingizda, uning barcha nuqsonlari, ezilgan-tirnalgan joylarini suratga tushirishda;
  • muhim hujjatning fotonusxasini saqlab qo‘yishda;
  • tanishuv saytlarida o‘zingizning suratingiz haqiqiyligi borasidagi shubhalarga chek qo‘yishda.

Truepic ilovasi mutlaqo bepul bo‘lib, hatto ichida jonga teguvchi reklamasi ham yo‘q. Qurilmangiz turiga qarab, uning Android uchun yoki iOS uchun chiqarilgan versiyasini ko‘chirib olib o‘rnatishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!